Jenevada BMTning Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi loyihasi muhokama qilinmoqda

2021 yil 25 noyabr kuni Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Taraqqiyot huquqi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhining 22-sessiyasi o‘z ishini davom ettirdi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

 Sessiyaga raislik qilayotgan Elchi Zamir Akromning ma’ruzasida taqdim etilgan Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi bandma-band muhokama etilmoqda. BMT muassasalari va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek fuqarolik jamiyati vakillari onlayn hamda oflayn shaklda bo‘lib o‘tayotgan munozaralarda o‘z taklif va mulohazalarini bildirmoqda.

Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi matni 36 ta moddadan iborat bo‘lib, ular 5 ta qismga taqsimlangan.

Birinchi qismda Konvensiyaning maqsadi va vazifalari, unda qo‘llangan atamalar izohi bayon etilgan. Konvensiyani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan umumiy prinsiplar belgilangan.

Ikkinchi qismda taraqqiyot huquqiga ta’rif berilgan. Ushbu huquqning inson huquqlari sohasidagi boshqa huquqlar, xususan, insonlar va millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi bilan o‘zaro munosabatlariga aniqlik kiritilgan.

Uchinchi qismda majburiyatlar qayd etilgan. Bunda, jumladan, ishtirokchi davlatlarning taraqqiyot huquqini ta’minlashdagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek bu borada o‘zaro hamkorlik qilish kabi alohida vazifatlari haqida so‘z boradi.

To‘rtinchi qism institutsional masalalarga bag‘ishlangan. Mazkur qismning tegishli moddalari bilan kelgusida Konvensiyaga protokollar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan Ishtirokchi davlatlar konferensiyasini ta’sis etish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Konvensiyani amalga oshirish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Beshinchi qismdan Konvensiyaning yakuniy qoidalari o‘rin olgan.

Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi konvensiya loyihasining 1-moddasida qayd etilganidek, “mazkur Konvensiyaning sohasi va maqsadi taraqqiyot huquqini butun dunyodagi har bir inson va jami xalqlar barcha joylarda to‘liq, teng va aniq amalga oshirishini rag‘batlantirish va ta’minlashdan, shuningdek ushbu hujjatning milliy va xalqaro darajalarda samarali qo‘llanishi hamda to‘liq bajarilishini kafolatlashdan iboratdir”.

Keyingi besh yilda O‘zbekiston Prezidenti inson qadrini har tomonlama joyiga qo‘yish yo‘lida olib borayotgan izchil siyosat bilan xalqaro hamjamiyatning taraqqiyot sohasidagi so‘nggi tendensiyalari o‘rtasidagi uyg‘unlik tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi asosida amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari mohiyatan o‘zaro hamohangdir.

O‘z navbatida, Jenevada qizg‘in muhokama etilayotgan Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi bilan O‘zbekiston Prezidenti yaqinda e’lon qilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi o‘rtasida ham inson huquqlarini rivojlantirish bilan bog‘liq o‘xshash tamoyillar mavjud. O‘zbekiston delegatsiyasi ana shu ilg‘or tamoyillarning ahamiyatiga e’tiborni qaratdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Taraqqiyot huquqi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi sessiyasi 26 noyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech