“Jomi' ahkom as-sig'or” asari o'zbekcha nashrining taqdimoti o'tkazildi

30 avgust kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida  “Jomi' ahkom as-sig'or” (Bola huquqlari kodeksi) asarining taqdimoti bo'lib o'tdi. Koronavirus sharoitini hisobga olgan holda, oflayn va onlayn tarzda o'tkazilgan ushbu tadbir O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov taqdimotni ochib berar ekan, avvalambor, bola huquqlari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkam kafolatlanganini ta'kidladi. O'zbekiston BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va uning ikkita Fakul`tativ protokoli ishtirokchisi hisoblanadi. Ayniqsa, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida bu borada bir qancha muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.

O'z navbatida, jizzaxlik mashhur faqih Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn Ustrushaniyning  “Jomi' ahkom as-sig'or” asari bundan 800 yil avval dunyo tarixida bola huquqlariga bag'ishlab yozilgan ilk huquqiy manba ekanini alohida qayd etish lozim. Bunday nodir asar mavjud ekanining o'ziyoq olis tarixda yurtimizda zabardast ulamolar va fiqhshunos olimlar tomonidan ko'pgina huquqiy munosabatlar, shu jumladan, islom huquqining tizimi, mohiyati, manbalari va rivojlanish bosqichlari mukammal o'rganilib, bu borada nodir asarlar yaratilganini yaqqol tasdiqlaydi.

O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o'rinbosari Shayx Abdulaziz Mansurning so'zlariga qaraganda, mashhur “Hidoya” asari muallifi Burhoniddin Marg'inoniyning iste'dodli shogirdi Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning  “Jomi' ahkom as-sig'or” asarida fiqhga oid yuzga yaqin manbada tarqoq holda keltirilgan, yosh bolalarga taalluqli shar'iy fatvolar va hukmlar jamlangan. Ushbu asar yosh bolalarning haq-huquqlariga taalluqli bir ming ikki yuzdan ortiq fatvo o'rin olgan yagona fiqhiy manbadir.

Taqdimotda so'zga chiqqan siyosiy fanlar doktori, professor Zohidullo Munavvarovning qayd etishicha, Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy kitobi XIII asrda bitilgan bo'lib, XIX asrga qadar bu kabi maxsus to'plam yaratilmagan. G'arb dunyosida 1804 yilda qabul qilingan Frantsiya fuqarolik kodeksida birinchi bor bolalar huquqi masalasi qayd etilgan va undagi jami 2 ming 281 ta moddaning atigi 5 tasi bola huquqlariga tegishlidir.

AQShda 1908 yilga kelibgina “Yuvenal huquq”, ya'ni bola huquqlari bo'yicha qonunchilikkka asos solingan. Bularning barchasi, o'z navbatida, yurtimiz allomalari G'arb dunyosidan qariyb 600 yil avval o'z asarlarida bola huquqlarini mustahkamlab qo'yganidan dalolat beradi.

Kitobni nashrga tayyorlagan islomshunos olim Muslim Ataev “Jomi' ahkom as-sig'or” asari sodda va xalqchil, ravon va yuqori ilmiy saviyada yozilgani bilan ajralib turishiga e'tiborni qaratdi. O'zbek tiliga ilk bor tarjima qilingan ushbu kitobni nashrga tayyorlash ishlariga Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo'yicha qo'mita, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari va mamlakatimizning yetakchi islomshunos olimlari jalb etilgan.

Tadbir yakunida mustaqillik yillarida mamlakatimizda jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish hamda xalqimizga yetkazish bo'yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Ishtirokchilarning fikricha,  «Jomi' ahkom as-sig'or»dagi shar'iy hukm va fatvolar uzoq asrlar sinovidan o'tgan. Shu ma'noda, bu kitob ota-onalar va bolalarga o'z haq-huquqlari hamda vazifalarini tanitishda ajoyib durdona asar sifatida qadrlidir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech