Joriy yilning 6 oyi davomida 16 ta holatda majburiy mehnat aniqlanib, 135 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov ma’lum qildi.

2024-yilning o‘tgan 6 oyida mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan amalga oshirilgan faoliyatimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, shu davr mobaynida Davlat mehnat inspektorlari tomonidan 7 ming 720 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lib, unda 21 ming 436 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Ushbu qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan 3 ming 442 ta yozma ko‘rsatma, 90 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, 4 ming 335 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Aniqlangan qonunbuzilishlarning 8 mingtasi mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlari yaratilmaganligi bilan bog‘liq bo‘lib, hozirda ushbu holatlar bartaraf etilgan va xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklangan.

Shuningdek, shu yilning o‘tgan davrida 254 nafar noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklandi. Hisobot davrida 7 ming 349 nafar fuqaroning 31 mlrd so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berilgan. Respublika bo‘yicha 2024-yilning 6 oyi davomida 387 ta sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida 416 nafar xodim jabrlangan, 303 nafari og‘ir va 12 nafari yengil tan jarohati olgan, 101 nafari afsuski, hayotdan ko‘z yumgan.

Baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila a’zolariga 823 million so‘mdan ortiq tovon pullarini undirish yuzasidan sudlarga da’vo arizalar kiritilib, shundan 10 nafar fuqaroga 274 million so‘m undirib berildi va qolganlari bo‘yicha jarayon davom etmoqda.

 Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi,  26 % qurilish sohasiga to‘g‘ri kelgan. 374 ta holatda korxonaning faoliyati to‘liq tekshirilib ijrosi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar hamda 63 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Tahlillarga ko‘ra, baxtsiz hodisalaring sabablari turlicha bo‘lishiga qaramasdan asosiy omil sifatida ish beruvchilar tomonidan xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratib berilmaganligi, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etmaslik, xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlamaslik, xodimlar o‘qitilib bilimlari sinalmasdan ishlarga jalb qilinishi va ayrim holatlarda xodimlarning mehnat xavfsizligi talablariga e’tiborsiz qarashlari sabab bo‘lmoqda.

Majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ham doimiy ravishda monitoringlar o‘tkazilmoqda. Joriy yilning 6 oyi davomida 16 ta holatda majburiy mehnat aniqlanib, 135 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi, 13 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi hamda 3 ta holatda tegishli hujjatlar sud va prokuratura organlariga o‘tkazildi.

Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida vazirlikning komplayens nazorat xizmati tomonidan tizimda 134 ta korrupsiyaviy xavf-xatar aniqlangan va holatlarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan vazirlik, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida 98 ta banddan iborat korrupsiyaga qarshi kurash dasturi tasdiqlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida  korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya qilinishi bo‘yicha  vazirlikning 7 ta hududiy boshqarmasida - ularning faoliyati yuzasidan komplayens monitoring o‘tkazildi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida hududlarda 20 ga yaqin o‘rganishlar, monitoringlar, nazorat tadbirlari o‘tkazilib, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanildi.

Xususan, 28 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 10 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va 50 nafarga yaqin xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, vazirlikka korrupsiyaviy xatti-harakatlar va huquqbuzarliklar to‘g‘risida 63 ta murojaat kelib tushgan va ularning 40 tasida keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan. 11 ta murojaat tegishliligi yuzasidan boshqa tashkilotlarga yuborilgan. Murojaatlarni o‘rganish yuzasidan 15 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan hamda 12 ta holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun ma’lumotlar yuborilgan. O‘rganish yakuniga ko‘ra 7 ta xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan hamda 3 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

2024-yil 6 oy davomida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xodimlarining malakasini oshirish markazida “Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish” dasturi bo‘yicha 1 ming 611 nafar xodim o‘qitildi.

Shuni ham ma’lumot sifatida aytib o‘taman, vazirlik tizimida qonun buzilishi, korrupsiya holatlariga duch kelsangiz, veb saytimiz orqali “onlayn maslahatchi”ga yozishingiz yoki 71 kodi bilan-203-01-21 ishonch raqamiga telefon qilishingiz ham mumkin.  

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech