AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanepidqo‘mita boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikramov maymunchechakka qarshi olib borilayotgan chora tadbirlar haqida ma’lumot berdi:
Maymun chechagi – virusli infeksiya bo‘lib, odamlarga, ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan muloqot va jinsiy muloqot orqali yuqishi mumkin.
Joriy yilning 14-avgust kuni JSST Afrikada tarqalayotgan maymun chechagining Clade 1b shtammining yangi to‘lqini tufayli, sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat deb e’lon qildi.
Mamlakatimizga ushbu kasallik kirib kelgan taqdirda amalga oshiriladigan kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar yuzasidan quyidagi tayyorgarlik choralari ko‘rildi:
- Yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotqizish maqsadida shifo-o‘rinlari, zarur dori vositalari zaxirasi tashkil etildi;
- kasallikka chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni 21 kun mobaynida tibbiy kuzatuvini tashkil etish belgilab olindi;
- kasallikni chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida xalqaro aeroportlarda, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali chegara kesishgan joylarda sanitariya nazorati punktlari mutaxassislarining hushyorligi oshirildi;
- Maymun chechagi kasalligining etiologiyasi, klinikasi, epidemiologiyasi va profilaktikasi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma asosida mutaxassislarning malakasi oshirildi;
Shuningdek, kasallikni laborator aniqlash uchun test-diagnostikum zaxirasi yaratilmoqda.
Shu o‘rinda hurmatli fuqarolarimizga murojaat qilmoqchiman: albatta bu xabarlardan turlicha talqin yaratadiganlar ham topiladi, lekin Sizlarni ishontirib aytamanki ushbu kasallik bizning yurtimizga kirib kelmaslik choralari qat’iy ravishda amalga oshirilmoqda, Siz va bizning vazifamiz har qanday holatda shifokorlarga ishonch bildirgan holda o‘z sog‘lig‘imizga o‘zimiz jiddiy munosabatda bo‘lishimiz zarur, turli davlatlarga tashriflarni hech kim chegaralagani yo‘q, biroq o‘sha davlatlarda bo‘lib qaytgandan so‘ng yoki boshqa sabablarga ko‘ra sog‘lig‘imizdagi ba’zi o‘zgarishlarni faqat shifokorlarga murojaat qilgan holda to‘g‘ri tashxislash va davolash kerakligini unutmaslikni so‘rayman.
Rasmiy xabarlar
- Qo'shildi: 19.08.2024
- Ko'rishlar: 971
- Chop etish