Turli sabablarga ko‘ra ko‘z nuridan ayrilib, bu yorug‘ olamni ko‘ra olmasada, o‘zidan o‘chmas iz qoldirgan buyuk insonlar bor. Ularning amalga oshirgan ishlari, hayot yo‘llari hammaga o‘rnak bo‘la oladi.
Ulardan biri Gomerdir. Dunyoga mashhur «Iliada» va «Odisseya» dostonlarining muallifi Gomer so‘qir inson bo‘lgan. O‘zi kabi ko‘zi ojiz insonlar uchun Brayl yozuvini yaratgan Lui Brayl nomini tanimaydigan odam bo‘lmasa kerak.
Bugun Lui yaratgan yozuv orqali butun dunyodagi ko‘zi ojiz insonlar hayotni harflar orqali taniyapti, ranglarni ilg‘ayapti. Brayl yozuvidagi kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari ular uchun mayoq vazifasini o‘tamoqda.
Yurtimizda zaif ko‘ruvchi va ko‘rishida nuqsoni bor insonlarni sog‘lom odamlar qatori o‘qib, izlanishlari, yutuqlarga erishishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayniqsa, shunday insonlarning bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ko‘zi ojiz insonlarning hayot tarzini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur uyushtirildi. Press-tur davomida jurnalist hamda blogerlar O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar bo‘limlariga va jamiyatga qarashli «DIZAYN PRINT» nashriyotiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida jurnalistlar bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida muloqotlar uyushtirildi. Muloqotlar chog‘ida bugungi kunda ko‘zi ojiz fuqarolar hayoti va mehnat faoliyati, ularning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq muammolarni hal etish jarayonlari qanday kechayotgani bilan bog‘liq savollarga javob berildi.
– O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati faoliyati 92 yillik tarixga ega bo‘lgan mustahkam tuzilma hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limi rahbari O‘lmasxon Toshxo‘jayeva. – Bo‘limimiz Toshkent shahridagi jamiyatga qarashli 10 ta tuman bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi. Ya’ni ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar bilan ishlash, ularni eshitish, muammolarini o‘rganish va ularni hal etish masalasida davlat va ijro etuvchi organlarga takliflari, murojaatlarini kiritadi.
Shuningdek, jurnalistlar ko‘zi ojiz insonlar uchun o‘quv darsliklari, badiiy kitoblarni chop etish bilan shug‘ullanuvchi «DIZAYN PRINT» nashriyoti faoliyati bilan ham tanishdi.
N.Rahmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1435
- Chop etish