Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi bugungi kunning muhim vazifaliridan biri hisoblanadi.
2021 yil 7 iyunda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun qabul qilinganligi mazkur sohadagi samarali islohotlarning davom etayotganligining yaqqol misolidir.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjat xisoblanadi.
Mazkur xalqaro-huquqiy hujjat ratifikatsiya qilingach, barcha davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillariga konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha muhim va mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Shu maqsadda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirildi. Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi boshchiligida vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.
Milliy harakatlar rejasining dastlabki loyihasi ishchi guruh a’zolari takliflari asosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqildi. Loyiha 20 dan ortiq vazirlik va idoralarga, 10 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlariga takliflar olish yuzasidan yuborildi. Milliy harakatlar rejasi loyihasi xalqaro tashkilotlar – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatoriga yuborildi, olingan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirildi.
2021 yil 14 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning mamlakat jamoasi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy maslahatlashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi loyihasi muhokama kilindi hamda xalqaro va milliy darajadagi soha mutaxassislaridan taklif va tavsiyalar olindi.
Milliy harakatlar rejasi 6 ta asosiy yo‘nalishdan tashkil topgan va quyidagi masalalarni qamrab olgan:
I. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish
- mamlakatdagi mavjud qonunlarni Konvensiya qoidalariga muvofiqligini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlarda Nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan kamsituvchi me’yorlar mavjudligini amaldagi qonunchilikni tahlil qilish orqali aniqlash va ularga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalari;
II. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun infratuzilma va barcha turdagi xizmatlardan foydalanish
- barcha hizmatlardan teng ravishda foydalanish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar;
III. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash
- ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va ta’lim muassasalari faoliyatini Konvensiya talablariga muvofiqlashtirish, ta’lim sohasidagi tarkibiy o‘zgarishlar bilan birga inklyuziv ta’lim konsepsiyasi asosida mamlakatda inklyuziv ta’limni amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar;
IV. Nogirolikni belgilash va ular ahvolini baholash, ijtimoiy reabilitatsiya va abilitatsiya tizimini takomillashtirish
- aholining nogironligini oldini olish maqsadida nogironlikni erta aniqlash choralarini kuchaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxlarning ehtiyojlari turiga qarab ijtimoiy reabilitatsiya va abilitatsiya standartlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tadbirlar;
V. Nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hurmat qilish borasida jamoatchilik ongini mustahkamlash
- ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish masalalari bo‘yicha choralar;
VI. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishini muvofiqlashtirish tizimini va doimiy davlat va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish uchun sharoit yaratish
- O‘zbekistonda Konvensiyani amalga oshirishning milliy mexanizmini ishlab chiqish va amalga oshirish, BMTning nogironlar huquqlari qo‘mitasiga dastlabki va milliy hisobotlarni tayyorlash masalalarini o‘z ichiga olgan.
Keng jamoatchilik vakillarining takliflari asosida Milliy harakatlar rejasi loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida loyiha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy sahifasiga joylashtirildi.
Jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 15 dekabriga qadar davom etadi. Barcha fuqarolar va jamoatchilik vakillari Milliy harakatlar rejasi loyihasi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini info@nhrc.uz elektron pochta manzili orqali yuborishlari mumkin.
- Qo'shildi: 24.11.2021
- Ko'rishlar: 4468
- Chop etish