G‘azo sektoridagi vaziyat eksklavda yashovchi bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu fikrni Buyuk Britaniyada joylashgan “Save The Children” xalqaro xayriya tashkiloti Falastinning bosib olingan hududlaridagi filiali rahbari Ksave Juber bildirgan.
U hayotiy muhim insonparvarlik yordami mintaqaga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslikni “aqlsizlik” deb atadi.
G‘azodagi bolalar to‘yib ovqatlanmaslik va tibbiy xizmat ko‘rsatish muammosidan aziyat chekmoqda, chunki eksklavga oziq-ovqat yetkazib berish to‘sib qo‘yilgan, hudud sog‘liqni saqlash tizimi barbod bo‘lgan.
“Global Nutrition Cluster” gumanitar tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, mintaqada 5 yoshgacha bo‘lgan 346 ming bola to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq eng yuqori xavf ostida qolgan. Sektor shimolida ikki yoshgacha bo‘lgan har uchinchi bola to‘yib ovqatlanmayapti.
– Ochlik hech qachon urush quroli sifatida ishlatilmasligi kerak, – dedi Ksave Juber. – Hozirgacha G‘azoda 27 nafar bola ochlik va kasallik tufayli vafot etdi. Agar jahon hamjamiyati favqulodda choralar ko‘rmasa, bu raqam sezilarli darajada oshadi.
O`zA
- Qo'shildi: 03.04.2024
- Ko'rishlar: 1943
- Chop etish