Kseniya Skenlon: Xotin-qizlar huquqi – barqaror rivojlanish va oziq-ovqat xavfsizligi kafolati

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoq 150-yubiley assambleyasi 190 ga yaqin mamlakatdan delegatlarni birlashtirdi.

Ishtirokchi davlatlar parlamentlari vakillari dolzarb muammolar – demokaratik institutlarni birlashtirishdan global ekologik muammolargacha, tahdidlarni muhokama qilish maqsadida to‘plandi.

Birinchi kunning asosiy voqealaridan biri parlament ayol a’zolari forumi  bo‘ldi. Tadbir doirasida gender tenglik masalasi, xususan ayollarning yerga huquqi, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va barqaror rivojlanishdagi o‘rni ko‘rib chiqildi.

– Yubiley assambleya dunyo mamlakatlari parlament a’zolarini bir joyga to‘plab, dolzarb hayotiy masalalarni muhokama qilish imkoniyatidir, – deydi BMT Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi kommunikatsiya, tashqi aloqa va sheriklik bo‘limi rahbari Kseniya Skenlon. – Bugungi kunda jahon hamjamiyatini demokratiya mavzusi bilan birga ekologiya masalasi ham xavotirga solmoqda. Konvensiyamiz yer degradatsiyasi, cho‘llanish, qurg‘oqchilik muammolari bilan shug‘ullanadi. Forum shu jihatlarga ham e’tibor qaratdi.

Butun dunyoda xotin-qizlar oziq-ovqat ishlab chiqarish sohasiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Afsuski, ular hamma joyda ham yerga qonuniy egalik huquqiga ega emas, ayrim hududlarda kamsitishga duch kelmoqda. Bu jarayonda yer maydonini meros sifatida olish ham muhim.

Ayollarning yerga huquqi jamiyat farovonligi, farzandlar salomatligi, mamlakat kelajagi asosidir.

O‘zbekiston parlamenti hayotida xotin-qizlar juda faol. Bizni Oliy Majlis  Senati Raisi Tanzila Norboyeva va parlamentning boshqa vakillari juda iliq kutib olishdi. Mamlakatda juda ko‘p ayollar rahbarlik lavozimida ishlamoqda. Bu albatta hammamizni ilhomlantiradi. Umid qilamizki, O‘zbekiston tajribasi mintaqadagi boshqa mamlakatlar, shuningdek butun dunyo bo‘ylab targ‘ib qilinadi. Biz yaqin hamkorlikka tayyormiz.

Aziza Alimova tayyorladi. O‘zA

Powered by GSpeech