CHEKISH YOKI SOG‘LOM HAYOT – O‘ZING TANLA!

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ushbu oddiy haqiqat hayot yo‘llarimizda qayta-qayta takrorlanishiga qaramasdan, afsuski, hozirgi kunda butun dunyoda tamaki iste’mol qiluvchilar soni tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlar va xotin-qizlar orasida bu illatning keng tarqalayotgani ayanchlidir.

Har yili 31 may – Butunjahon tamakisiz kuni jahon miqyosida nishonlanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1987 yilda ta’sis etgan ushbu xalqaro sana chekishni tashlash bo‘yicha global hamkorlikning eng muhim voqeasidir.

Butunjahon tamakisiz kunini o‘tkazishdan bir qancha maqsadlar ko‘zlangan. Xususan, tamaki xavfi haqida butun dunyo bo‘ylab xabardorlikni oshirish, chekishni tashlashning afzalliklarini targ‘ib qilish, chekishni tashlashda amaliy yordam taklif etish, chekish bilan kurashadigan sog‘liqni saqlash uyushmalari va shifoxona xizmatlarini rag‘batlantirish, yoshlarni tamaki mahsulotlaridan, ayniqsa, elektron sigareta kabi yangi mahsulotlardan himoya qilish shular jumlasiga kiradi.

Bu yil Butunjahon tamakisiz kuni “Tamaki emas, oziq-ovqat yetishtirish” mavzusi doirasida nishonlanmoqda. Binobarin, tamaki sanoatining atrof-muhitga zararli ta’siri juda katta bo‘lib, uning salbiy oqibatlari muttasil ortib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, sayyoramizning shusiz ham cheklangan resurslari va kuchsizlangan ekotizimlariga ortiqcha yuk bo‘lmoqda.

Raqamlarga murojaat qilamiz: sigaret ishlab chiqarish uchun bir yilda 600 millionta daraxt kesiladi, 22 milliard litr suv ishlatiladi, 84 million tonna karbonat angidrid (SO2) gazi atmosferaga chiqadi. Bularning barchasi butun yer yuzida havo haroratining yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

Tamaki yetishtirish nafaqat qishloq xo‘jaligi ishchilari, balki barchamizning sog‘lig‘imizga putur yetkazmoqda, boz ustiga ushbu illatdan sayyoramiz beqiyos zarar ko‘rmoqda. Tamaki sanoati esa tamakini boshqa ekinlar bilan almashtirishga yo‘l qo‘ymay, oqibatda global oziq-ovqat inqirozi kuchayishiga hissa qo‘shmoqda.

Bu yilgi tamakiga qarshi kampaniya, bir tomondan, hukumatlarni tamaki ishlab chiqarishni subsidiyalashdan voz kechishga hamda tejalgan mablag‘larni qishloq xo‘jaligi korxonalariga oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun yo‘naltirishga, ikkinchi tomondan, odamlarning ovqatlanishini yaxshilash uchun yanada barqaror ekinlarga o‘tish uchun yordam berishga qaratilgan.

Tamaki iste’mol qilishning zararli oqibatlarini u tufayli yuzaga keladigan kasalliklardan ham bilish mumkin. Jumladan, tamaki iste’mol qilish yurak-qon tomir, nafas olish, ovqat hazm qilish, asab, jinsiy bezlar kabi insonning muhim ichki a’zolariga zaharli ta’sir qiladi. Oqibatda miokard infarkti, xafaqon kasalligi, bronxlarning surunkali yallig‘lanishi, yara va saraton singari ko‘pgina xavfli kasalliklaga olib keladi.

Kashandalik 17 xildagi saraton kasalligiga sababchidir. Jumladan, 98 foiz — qizilo‘ngach yoki tomoq saratoni; 96 foiz — o‘pka saratoni; 30 foiz — boshqa turdagi saraton kasalliklari; 75 foiz — surunkali bronxit va o‘pka emfizemasi; 25 foiz — yurak-ishemik kasalliklari; yurak kasalligi bilan bog‘liq barcha o‘limlarning 20 foizi aynan tamaki iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi.

JSST statistika ma’lumotlariga qaraganda:

  • tamaki chekuvchilarning teng yarmi aynan shu illat tufayli o‘lim topadi;
  • tamaki iste’moli bilan bog‘liq kasalliklardan har yili 8 milliondan ortiq odam vafot etadi;
  • ushbu o‘lim holatlarining 7 milliondan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri kashandalik natijasida, 1,2 millionga yaqini esa chekmaydiganlar, ya’ni passiv chekuvchilar orasida tamaki tutunining ta’siridan kelib chiqadi;
  • dunyodagi 1,3 milliard nafardan ortiq kashandaning 80 foizdan ko‘prog‘i past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydi;
  • 2020 yilda dunyo aholisining 22,3 foizi, xususan, erkaklarning 36,7 foizi va ayollarning 7,8 foizi tamaki iste’mol qilgan. Bugungi kunda ushbu raqamlar yanada ortib bormoqda;
  • tadqiqotlar tamaki iste’mol qiluvchilar uni hech qachon iste’mol qilmaganlarga nisbatan 10-15 yilga kamroq yashashini ko‘rsatgan.

Shuni ham ta’kidlash joizki, tamaki iste’mol qilish tufayli kelib chiqadigan salbiy oqibatlarning oldini olishga urinish elektron sigaretalar keng tarqalishiga olib keldi. Elektron sigareta nima o‘zi?

Elektron sigareta – chilim, bug‘ generatori, vaporayzer yoki vayp singari tamaki o‘rniga maxsus suyuqlik kartrijlaridan foydalanadigan chekish moslamasi.

Chekishning ushbu yangi shakli ko‘pincha o‘smirlar va yoshlar tomonidan ma’qul ko‘rilmoqda. Bunga asosiy sabab esa, elektron sigaretalarning dizayni, ixcham o‘lchamlari va shaklidir.

Qolaversa, turli yoqimli hid va ta’mlari uni iste’mol qilish holatini yashirish imkonini beradi. Ota-onalar hatto farzandi elektron sigareta iste’mol qilayotganini payqamaydilar ham.

JSST ekspertlari va boshqa ko‘plab mutaxassislar o‘z tadqiqotlarida bunday turdagi elektron chekish vositalarining zararli oqibatlari ayonligini isbotlab bermoqda. Shu sababli elektron chekish vositalari tarqalishining oldini olish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Dunyo bo‘ylab 800 millionga yaqin odam chekishni tashlashni xohlaydi. Ammo bu unchalik oson emasdek go‘yo. Chekish kuchli jismoniy va ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi.

Mutaxassislar fikricha, inson tamaki iste’mol qilishdan voz kechganda, uning tanasida quyidagi jarayonlar yuz beradi:

  • oxirgi iste’mol qilingan sigaretadan atigi 20 daqiqa o‘tgach, yurak urishi sekinlashadi;
  • 12 soat ichida qondagi uglerod oksidi miqdori me’yoriy darajagacha tushadi;
  • 2–12 hafta ichida qon aylanishi va o‘pka faoliyati yaxshilanadi;
  • 1–9 oy ichida yo‘tal va nafas qisishi asta-sekin yo‘qoladi;
  • 5–15 yil o‘tgach, insult xavfi chekmaydigan odamga o‘xshash darajagacha kamayadi;
  • 10 yil ichida o‘pka saratoni rivojlanish xavfi taxminan ikki baravar pasayadi;
  • 15 yil ichida yurak xastaligining rivojlanish ehtimoli chekmaydiganlar darajasiga qadar tushadi.

Insonning salomatlikka bo‘lgan huquqini ta’minlash maqsadida barcha davlatlar tamaki mahsulotlari uchun soliqlarni oshirish, jamoat joylarida tamaki iste’molini cheklash va reklamasini taqiqlash kabi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Shu jumladan, kuni kecha davlatimiz rahbari “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Ushbu Qonunga ko‘ra, jamoat joylarida tamaki mahsulotlari, elektron sigareta va chilim iste’mol qilish taqiqlanadi. Ya’ni tamaki mahsulotlari faqatgina ochiq havoda, binolardan tashqarida iste’mol qilish mumkin. Chilim yoki tamaki mahsulotlari iste’mol qilishga mo‘ljallangan bino va inshootlar esa maxsus ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.

Qonunga binoan tamaki mahsulotlari 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va ular tomonidan, bolalarga mo‘ljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida, ta’lim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo ob’ektlarida, donalab yoki ochilgan holda sotilishi mumkin emas.

Bir so‘z bilan aytganda, sog‘ligimiz – Yaratganning bizga ato etgan ulug‘ ne’mati. Shu bebaho boylikni asrash uchun tamakidan voz kechaylik. Biz chekadigan tamaki tutuni nafaqat o‘zimizning, balki atrofimizdagi boshqa insonlar, ayniqsa, farzandlarimiz salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishini esdan chiqarmaylik.

 

Rustam Atovulloev,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bosh yuriskonsulti

O‘zA

Powered by GSpeech