20-21 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘quv mashg‘uloti Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi o‘rtasida kelishilgan “O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor jazoni ijro etish muassasalarida gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasidagi xalqaro standartlardan xabardorlikni oshirishga qaratildi.
Tadbirning ochilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Elchisi T.Klinner, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Sizov, YeXHT/DIIHB Inson huquqlari bo‘yicha bo‘limi rahbari A.Xuber, YeXHT/DIIHB inson huquqlari bo‘yicha mutaxassisi I.Xartmann, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi G.Marufova, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshqarma boshlig‘i J.Sultonov so‘zga chiqdi.
Xususan, Akmal Saidov ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonda qiynoqlar va zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi shakllantirilgan. Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida izchil va tizimli ish olib borilmoqda”.
Germaniyaning mamlakatimizdagi Elchisi Tilo Klinner qayd etishicha, “Qamoqxonalar aslida reabilitatsiya va o‘ziga xos tarbiya muassasalari bo‘lib, bu yerda insonlar o‘zlari sodir etgan qilmishi uchun jamiyat oldidagi mas’uliyatini ado etish bilan bir qatorda shaxsiy rivojlanish ustida ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim. Ammo, afsuski, jazoni ijro etish muassasalari ko‘pincha zo‘ravonlik sodir etiladigan joylarga aylanib qolmoqda va bundan zaif toifa bo‘lmish ayollar ko‘proq aziyat chekmoqda”.
Jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti va YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi tomonidan ilgari ham bir necha bor o‘tkazilgan. YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Sergey Sizov shu haqda fikr yuritar ekan, xususan, 2021 yil 15-17 noyabr kunlari ayollar axloq tuzatish koloniyalari xodimlari uchun “BMTning Mahbus ayollar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralarini qo‘llashga taalluqli qoidalari (Bangkok qoidalari)” mavzusida treiing o‘tkazilganini eslatdi.
YeXHT/DIIHB inson huquqlari bo‘yicha mutaxassisi Izabela Silviya Xartmann “Xotin-qizlar va erkaklar huquqlarining tengligi hamda inson huquqlariga amal qilinishi – tinchlik, barqaror demokratiya, taraqqiyot va tom ma’nodagi xavfsizlik, shuningdek, mintaqada osoyishtalikka erishishning mutlaq garovi ekanini e’tirof etish lozim”, deb ta’kidladi.
O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshqarma boshlig‘i Jamshid Sultonov aytganidek, “Inson qadrini ulug‘lash, inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, inson zotiga nisbatan har qanday zo‘ravonliklarga barham berish O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan islohotlar g‘oyasining asosi hisoblanadi”.
Mamlakatimizda joriy yil 11 aprelida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufovaning fikricha, “Mazkur qonun bilan xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi huquq va manfaatlarini amalga oshirishga oid qonunchilik izchil takomillashtirilmoqda”.
Ikki kunlik trening davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi xalqaro standartlar, gender tenglik tushunchasi, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Alohida taklif etilgan xalqaro ekspertlar “genderga asoslangan zo‘ravonlik” tushunchasi bilan bog‘liq tajribalarini so‘zlab berdi.
Seminar yakunida ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari hamda imkoniyatlari muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 22.09.2023
- Ko'rishlar: 3660
- Chop etish