«Konstitutsiya – xalqchil davlat,
barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
O‘zbekistonda inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va uning barcha ajralmas huquq hamda erkinliklari muqaddas sanalib, davlat tomonidan kafolatlangandir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida so‘nggi yillarda mamlakatimiz hukumati inson huquqlari bilan bog‘liq holatni yanada yaxshilash hamda bu sohadagi muammolarni izchillik bilan hal etish borasida zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Mamlakat hayotining barcha sohalarida shiddatli islohotlar amalga oshirilib, aholining turmush darajasi va sifatini, «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini bundan-da yaxshilashga, inson huquqlari va erkinliklarini so‘zsiz ta’minlashga qat’iy e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilindi, inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshirildi. Ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga e’tibor kuchaytirildi hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, hozirgi kunda fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini to‘liq amalga oshirish masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yurtimizda fuqarolarning murojaatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solingan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 40-moddasida “Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega” ekanligi, 55-moddasida esa “Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli” ekanligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Konstitutsiyamizning 56-moddasida “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashishi” e’tirof etilgan.
Prezidentimizning 2018 yil 10 dekabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Milliy markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi. Unga yuklatilgan vazifalardan biri sifatida jismoniy shaxslarni hamda yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek, bu borada monitoring va tahlil o‘tkazadi.
Bu yil Milliy markazga aholi tomonidan qilingan murojaatlarning ijobiy yechim topgani borasida ayrim misollar keltiramiz.
Jumladan, fuqaro M.S.ning notarius ijro xati ijrosi ta’minlanmayotganligi to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga kiritilgan tavsiya xati asosida qarzdor hisobidan 22,5 mln. so‘m undirilib berilishi ta’minlangan.
Shuningdek, fuqaro D.A.ning sud qaroriga binoan qarzdor hisobidan undiruvchi foydasiga voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun 3,5 mln. so‘m miqdoridagi aliment qarzdorligi undirilmayotganligi to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan Majburiy ijro byurosiga kiritilgan tavsiya xatiga asosan qarzdorlik to‘liq undirilishi ta’minlanib, murojaat ijobiy hal qilingan.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaro D.A. ning sud qarori asosida transport vositasiga yetkazilgan moddiy zarar undirilishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha sug‘urta kompaniyasiga kiritilgan tavsiya xatiga binoan 8.662.876 so‘mlik moddiy zarar to‘lab berilgan.
Fuqaro Sh.V.ning turmush o‘rtog‘i O.V.ga nogironlik guruhi tayinlanishida va nafaqaga chiqishida amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan tavsiya xati asosida fuqaro O.V.ga 2-guruh nogironligi tayinlangan.
Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro A.M.ning “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti korxonasi tomonidan tabiiy gaz uchun ortiqcha mablag‘ hisoblanayotganidan norozi bo‘lib yozgan murojaati bo‘yicha Farg‘ona viloyat prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan.
Bu borada prokuratura organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, jami 960 ming so‘m noreal karzdorlik bartaraf etilgan. Xonadondagi gaz hisoblagich yangi zamonaviy hisoblash uskunasiga almashtirilishi ta’minlangan va murojaat qanoatlantirilgan.
Fuqaro A.N.ning uni bir necha nafar shaxslar urib, tan jarohati yetkazilgan holati bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilmayotganidan noroziligi to‘g‘risidagi murojaati yuzasidan Surxondaryo viloyat prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan.
Prokuratura organining nazoratida olib borilgan tergovoldi tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra bezorilik xatti-harakatlarini sodir etgan fuqaroga nisbatan to‘plangan hujjatlar sudda ko‘rib chiqilib, aybdor shaxsga nisbatan tegishli jinoiy jazo tayinlash va jabrlanuvchi foydasiga 3 mln. 935 ming 500 so‘m zarar undirish to‘g‘risida sudning hukmi chiqarilgan.
Shu bilan birga, 2-guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayol – fuqaro N.S.ning moddiy jihatdan oilaviy ahvoli nihoyatda og‘irligi, kasalligi tufayli ro‘yxatda turishi va muntazam ravishda davo mulojalari olib turishi lozimligini bildirib amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha Buxoro viloyati hokimligiga tavsiya xati kiritilgan. Shu asosda murojaat muallifiga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan moddiy yordam ajratish masalasi hal qilingan.
Xulosa qilib aytganda, bugungi demokratik islohotlar davrida inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu sohadagi davlat siyosati samaradorligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Farida HAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi
bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 06.12.2023
- Ko'rishlar: 2857
- Chop etish