Doxa shahrida O‘zbekistonning 2024 yilgi Davlat dasturi loyihasi vatandoshlarimiz ishtirokida muhokama qilindi

6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qatarga amaliy tashrifi davomida ushbu mamlakatda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi. Muloqot asnosida Yangi O‘zbekistonda inson qadrini joyiga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-ma’rifiy va madaniy-gumanitar islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida fikr yuritildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 23-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”.

Ushbu konstitutsiyaviy normalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan haqqoniy fikrlari bilan uyg‘un va hamohangdir. Binobarin, keyingi sakkiz yil davomida ayni haqiqat tom ma’noda amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, xususan, Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur dasturilamal hujjatning 94-maqsadi aynan “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish” deb nomlangan bo‘lib, unda bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

O‘z navbatida, shu kunlarda mamlakatimiz keng jamoatchiligi tomonidan «O‘zbekiston–2030» strategiyasini 2024 yil – «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi qizg‘in muhokama etilmoqda. Ushbu muhim hujjat loyihasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq muayyan dolzarb vazifalar ham ko‘zda tutilgan.

Bu o‘rinda, jumladan, “O‘zbekistonlik vatandoshlar butunjahon qurultoyi”ni tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish; “Vatandoshlar” jamoat fondi huzurida xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga masofadan turib kun-tun xizmat ko‘rsatuvchi onlayn elektron portalni ishga tushirish; xorijdagi vatandoshlar orasida “Birlashamiz” umumiy chorlovi ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish kabi ezgu maqsadlar haqida so‘z bormoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan vatandoshlar davlatimiz rahbariyati xorijdagi o‘zbekistonliklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etdilar. O‘zlariga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdilar.

Muloqot asnosida «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Qatar davlatida yashayotgan vatandoshlarimiz loyiha yuzasidan o‘z amaliy takliflarini bildirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UzDaily.com

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech