SUN’IY INTELLEKT – BARQAROR TARAQQIYOT MAQSADLARIGA ERISHISHDA KO‘MAKCHI

2024-yil 21-mart – BMT Bosh Assambleyasining sun’iy

intellekt  bo‘yicha   rezolyutsiyasi   qabul qilingan  kun

  

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2024-yil 21-mart kuni sun’iy intellekt bo‘yicha A/78/L.49-sonli rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu rezolyutsiya "Barqaror rivojlanish uchun xavfsiz, himoyalangan va ishonchli sun’iy intellekt tizimlarining imkoniyatlaridan foydalanish" deb nomlangan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari taklif qilgan rezolyutsiyaga 120 mamlakat hammuallif hisoblanadi. AQSHning BMT huzuridagi Doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild mazkur hujjatga ovoz berish natijalarini izohlar ekan, dunyo mamlakatlari sun’iy intellektning odamlarni boshqarishiga yo‘l qo‘ymasligini, shu nuqtayi nazardan, ayni tizim odamlar tomonidan boshqarilishiga qaror qilinganini qayd etdi.

Bu – BMTning sun’iy intellekt bo‘yicha birinchi rezolyutsiyasi bo‘lib, 13 ta banddan iborat. Rezolyutsiyada, jumladan:

  • mamlakatlar o‘rtasida va har bir mamlakatning o‘zida sun’iy intellekt va boshqa raqamli texnologiyalar sohasidagi tafovutlarni bartaraf etish;

  •  barcha manfaatdor tomonlarning ayni yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik qilishi va rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berishi;

  • raqamli transformatsiya va sun’iy intellektning xavfsiz tizimlari qulayliklaridan teng hamda adolatli foydalanishni ta’minlash;

  • sun’iy intellekt tizimlarining yangidan yangi imkoniyatlarini kashf etish va amaliyotga tatbiq qilish, bu jarayonda har qanday tarafkashlik va kamsitish holatlarini bartaraf etish zarurligi haqida so‘z boradi.

Rezolyutsiya mualliflari e’tirof etishicha, sun’iy intellekt BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradi. Bu haqda fikr yuritganda, keyingi davrda sun’iy intellekt qanday olamshumul darajada rivojlangan bo‘lsa, o‘z navbatida, uni tartibga solishga qaratilgan chaqiriqlar ham shunday ko‘lamda izchil ortib borganiga e’tiborni qaratish lozim.

BMTning Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatlashuv organi 2023-yil dekabr oyida ayni shu masalalar yuzasidan dastlabki oraliq hisobotini taqdim etdi. Maslahatlashuv organi ekspertlarining fikricha, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan faqat aholining muayyan guruhlarigina emas, balki mutlaqo barcha aholi qatlamlari foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi darkor.

Sun’iy intellekt demokratiyani rag‘batlantirishning eng muhim vositasiga aylanish imkoniga ega. Chunki u orqali insoniyat asrlar davomida to‘plagan behisob bilimlardan barcha birdek foydalana oladi.

Qolaversa, sun’iy intellekt sog‘liqni saqlash sohasiga juda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, kasalliklarning oldini olish, murakkab xastaliklarga aniq tashxis qo‘yish va bu jarayonlarda sarflanadigan xarajatlarni keskin kamaytirishda beminnat ko‘makchi sifatida maydonga chiqadi.

Shu bilan birga, sun’iy intellektni tanqid qiluvchilar fikricha, ayni sohadagi texnologiyalar taraqqiyoti internetdagi shusiz ham og‘ir vaziyat yanada yomonlashishiga, ya’ni odamlar osongina ishonadigan g‘irt yolg‘on axborot hajmining haddan ortiq ko‘payishiga olib keladi. Buning oqibatida jamoatchilikning yangiliklar va axborotga bo‘lgan ishonchiga uzil-kesil putur yetadi.

Binobarin, BMT Bosh Assambleyasining sun’iy intellekt bo‘yicha dastlabki rezolyutsiyasida hech kim sun’iy intellektdan tinchlikka tahdid solish yoki inson huquqlarini poymol etish uchun foydalanishga haqli emasligi alohida uqtirilgan. Sun’iy intellektni tartibga solish va innovatsiyalar – bir-birini inkor qilmasligi, aksincha, o‘zaro uyg‘un hamda chambarchas bog‘liq tushunchalar ekanligi ta’kidlangan.

Rezolyutsiya talabiga ko‘ra, sun’iy intellekt faoliyati bilan bog‘liq barcha avtomatlashtirilgan qarorlar va tegishli jarayonlar inson nazorati ostida bo‘lishini amalda ta’minlash taqozo etiladi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech