TOSHKENT, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. Kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi. Ikki kunlik tashrif arafasida oliy martabali mehmon "Dunyo" axborot agentligiga intervyu berib, hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga oid savollarga javob berdi hamda mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti bo'yicha qarashlari bilan o'rtoqlashdi:
– Janob Guterrish, dastlabki savolni mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, birinchi navbatda, O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xususan, kambag'allikka qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, gender tengligi va ta'lim olishga imkoniyat yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi fikrlaringizdan boshlasak...
– O'zbekiston 2030-yilgacha bo'lgan kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga qat'iy sodiqligini namoyish etmoqda.
"O'zbekiston – 2030" strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog'liq bo'lib, unda inson huquqlari, gender tengligi va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, "yashil" rivojlanish, korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun ustuvorligini ta'minlash kabi yo'nalishlarga asosiy urg'u berilgan. Transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish, shuningdek, mamlakat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etishga alohida e'tibor O'zbekiston va uning qo'shni mamlakatlar o'rtasidagi xavfsizlik, barqarorlik va yaqin munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ish o'rinlari imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi orqali yanada barqaror hamjamiyat va jamiyatlar yaratishga ko'maklashish tarafdori ekanini ta'kidlagani muhimdir.
– So'nggi yillarda mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish sohasida ma'lum muvaffaqiyatlarga erishdi: bolalar va majburiy mehnatga barham berildi, ommaviy axborot vositalari erkinlashtirildi, mamlakatimiz BMTning inson huquqlari bo'yicha ixtisoslashgan muhim organlari faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Mazkur yo'nalishdagi jarayonlar xususida qarashlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– O'zbekiston inson huquqlari sohasida yutuqlarga erishmoqda. BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining o'tgan yili mamlakatingizga tashrifi ham buning yaqqol ifodasidir. Umid qilamanki, ushbu muhim yo'nalishdagi hamkorligimiz kelgusida ham davom etadi. Paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga fuqarolik berish, ayollar va bolalarni Suriya va boshqa yerlardagi lagerlardan qaytarish va reintegratsiya qilish – tom ma'nodagi ijobiy o'zgarish hisoblanadi hamda boshqa davlatlar uchun o'rnak bo'ladigan namunadir. Men O'zbekistonni erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikka chaqiraman hamda zo'ravonlik va gender kamsitish masalalariga yechim topish, faol fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo'lidagi ishlarni davom ettirishga chorlayman.
– O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining global kun tartibidagi dolzarb masalalar bo'yicha qator rezolyutsiyalari qabul qilindi, mamlakatimiz Inson huquqlari qo'mitasi va EKOSOSga saylandi. O'zbekistonning xalqaro maydondagi faoliyati to'g'risida to'xtalib o'tsangiz.
– O'zbekiston BMT va uning organlari bilan keng ko'lamli masalalar bo'yicha hamkorlik qilmoqda. 2017-yildan buyon BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan to'qqizta, jumladan, 2024-yilda uchta rezolyutsiyani qabul qildi. "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" va "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog'liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo'lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi" rezolyutsiyalari shular jumlasidandir. O'zbekistonning BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashiga (EKOSOS) a'zo sifatidagi faoliyati mamlakatingizga jahon miqyosida o'z hissasini qo'shish uchun yana bir imkoniyat yaratadi.
Joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda Kelajak sammiti bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Mazkur anjuman BMT Xavfsizlik Kengashidan tortib, xalqaro moliyaviy tashkilotlargacha bo'lgan ko'p tomonlama tuzilmalardagi islohotlarni ko'rib chiqish imkoniyatini yaratadi. Bunda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekiston muhim rol o'ynaydi. Sammitda va undan keyin ham BMT tinchlik va xavfsizlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta'minlash maqsadida O'zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga intiladi.
– Bundan 7 yil avval O'zbekistonga tashrifingiz chog'ida Orol dengizidagi ekologik halokatning ayanchli oqibatlarini ko'rdingiz. O'zbekistonning mintaqa aholisini qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslari samaradorligini qanday baholaysiz?
– 2017-yilda Orolbo'yi mintaqasiga borganimda shok holatiga tushganimni yaxshi eslayman. Orol dengizining yo'q bo'lib ketishi zamonamizning eng yirik ekologik ofatlaridan biridir. Inqiroz oqibatlari atrof-muhit, baliqchilik, qishloq xo'jaligi va inson salomatligi uchun halokatli bo'ldi.
Bunga javoban O'zbekiston hukumati, BMT va boshqa xalqaro sheriklar mintaqa aholisining ehtiyojlarini qondirish uchun hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O'zbekiston shafeligida ta'sis etilgan BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik Trast fondi bir qator boshqa hukumat va tashkilotlar ko'magida 16,2 million dollar mablag' yig'di hamda qiymati 13,5 million dollarlik 7 ta qo'shma loyihani amalga oshirdi. Fond allaqachon 300 mingga yaqin aholi vakillarining hayotini yaxshilashga ulgurdi. U Orolbo'yi mintaqasini kelajak avlodlar uchun iqlim o'zgarishi sohasidagi innovatsiyalar markaziga aylantirib, 2030-yilgacha barqaror va iqlimga chidamli rivojlanishga e'tibor qaratishni o'z oldiga maqsad qilgan.
– Mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiramiz va O'zbekistonga tashrifingiz samarali o'tishini tilaymiz.
– Rahmat.
- Qo'shildi: 02.07.2024
- Ko'rishlar: 1750
- Chop etish