Insonga uning huquqlarini aniq va keng tushuntirib berish uchun rasmiy hujjatlarning sharhlariga tayanishning o‘zi yetarli emas. Bunda yuridik ensiklopediya va huquqiy atamalar izohli lug‘ati kabi qomusiy kitoblar ham ba’zan kifoya qilmaydi.
Huquq sohasini tom ma’noda chuqur tushuntirish va atroflicha targ‘ib etish uchun uni tarixiy, falsafiy, ma’naviy va adabiy nuqtayi nazardan ham talqin qilish taqozo etiladi. Bu boradagi muvaffaqiyat, o‘z navbatida, shunday qamrovdor talqinga asoslangan asarlarni yozadigan, tahrir qiladigan va nashr etadigan barkamol mutaxassislarning qobiliyati hamda salohiyatiga borib taqaladi.
Taniqli publitsist va adabiyotshunos olim Mahmud Sattorov (taxallusi: Mahmud Sattor) – xuddi shunday serqirra salohiyatga ega va o‘z kasbining mohiri bo‘lgan ziyoli inson edi. U qisqa umri davomida mavzusi g‘oyat rang-barang, mazmuni esa biri-biridan qiziqarli ko‘plab kitoblar yozib qoldirdi.
Mahmud Sattorov 1948-yili Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tavallud topgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi – O‘zbekiston Milliy universiteti) O‘zbek filologiyasi fakultetini 1971-yili tugatgan. Shundan so‘ng 1971-1974-yillarda – o‘rta maktab o‘qituvchisi, 1974-1987-yillarda – “O‘qituvchi” nashriyoti muharriri, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. O‘z navbatida, 1985-yili “O‘zbek xalq ijodiyotida tarixiylik va zamonaviylik” mavzusida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi bo‘yicha dissertatsiya yoqlagach, 1987-2002-yillarda Madaniyat instituti dotsenti maqomida talabalarga dars bergan.
Umrining oxirgi yillarida taniqli adib va olim Adliya vazirligining “Adolat” nashriyoti direktori lavozimida xizmat qildi. Bu davrda uning ijodiy va tashkiliy sa’y-harakatlari evaziga, aytib o‘tganimizdek, huquq sohasini teran targ‘ib etishga qaratilgan ko‘plab tarixiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy va adabiy-badiiy asarlar nashrga tayyorlandi hamda chop etildi.
Xususan, “Adolat” nashriyoti 2006-yili nashrdan chiqargan “Istiqlolning zalvorli qadamlari: huquqiy demokratik davlat sari”[1] kitobi shular jumlasiga kiradi. Mahmud aka muharrirlik qilgan ushbu kitob muallifi – taniqli davlat va siyosat arbobi hamda malakali huquqshunos Bo‘ritosh Mustafoyevdir.
Ma’lumki, B.Mustafoyev turli yillarda Bosh prokuror, Adliya vaziri, Markaziy saylov komissiyasi raisi, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud raisi kabi yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Binobarin, uning kitobida yurtimizda istiqlolning dastlabki davrida qonun ustuvorligining joriy etilishi, bu borada mas’ul davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar salmoqli hayotiy misollar orqali ochib berilgan.
Juda yaxshi eslayman: Mahmud aka umrining so‘nggi yillarida chiqargan asari – “Kul ustida cho‘g‘” kitobiga kamina ham taqriz yozib, matbuotda e’lon qildirgan[2]. O‘sha kitob xalqimizning atoqli shoir-yozuvchilari, turfa ziyolilarining adabiyot va san’at, ilm-fan yo‘lidagi fidoyi xizmatlari to‘g‘risidagi ocherk, maqola hamda esselardan tashkil topgandi.
Kitobning “Ozod fikr” deb nomlangan birinchi bobi O‘zbekiston Qahramoni, atoqli publitsist va adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov xotirasiga bag‘ishlangan o‘nta esseni o‘zida mujassam etgan. Muallifning ana shu esselaridan birida Ozod akaning hayoti va faoliyatiga: “ilmni adabiyotga bog‘ladi, adabiyotni madaniyatga bog‘ladi, o‘tgan asru tuzumning eng yaxshi an’analarini yangi, istiqlol tuzumiga olib o‘tdi", degan lutf misolida yuksak baho beriladi.
To‘plamning keyingi bobi – “Abdulla Oripov gurunglari” yigirmaga yaqin muxtasar essedan iborat. Bu badialarda O‘zbekiston Qahramoni, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripov hayotidan jonli lavhalar, ijodi, ustozlar bilan uchrashuvlari, xorijga safarlari bilan bog‘liq qiziqarli va ibratli voqealar qalamga olingan.
Shu o‘rinda “Shoir aytmoqchi...” nomli esse Abdulla Oripov sheriyati mohiyatini ochib berish, shoir ijodini ilmiy-adabiy talqin va tahlil etish borasidagi o‘ziga xos yondashuv, o‘zbek adabiyotida mazmun jihatdan ham, shakl jihatdan ham yangi janr – kashfiyot ekanini alohida ta’kidlash joiz.
Kitobning “Fazilat ahli” nomli oxirgi bobidagi maqola va ocherklarda qomusiy olim, muallif ta’rifi bilan aytganda, “so‘nggi jadid – yangi Nasafiy" Begali Qosimov, taniqli sharqshunos Shorasul Zunnun, yirik folklorshunos Malik Murodov, olim va noshir Narimon Hotamov, huquqshunos olimlar Zoidbek Inomjonov va G‘afur Abdumajidov, atoqli shoir Normurod Narzullayev va yozuvchi Tog‘ay Murod kabi ziyolilarimizning hayoti, ijodi, ilmiy kashfiyotlari haqida o‘quvchilarga o‘ziga xos sodda va ravon tilda hikoya qilingani diqqatga loyiqdir.
Mahmud akaning mazkur adabiy-publitsistik asariga “So‘z sharafi” degan so‘ngso‘z yozgan taniqli jurnalist-pedagog Saydi Umr qayd etganidek, “muallif qahramoniga aylangan siymo hayotdan o‘tgan bo‘lsa qayta tirilib, jonlanadi, hayot bo‘lsa ijtimoiy shaxs sifatida juda e’tibor topadi. Chunki Mahmud Sattorov qalamida bu siymolarning eng nozik, faqat o‘zigagina taalluqli o‘ziga xos xususiyatlari ochib beriladi”.
Mahmud Sattorning ijodi haqida fikr bildirgan boshqa ziyolilar ham adibning mushohada ko‘lami keng va rang-barangligini haqli ravishda e’tirof etganlar. Chindan ham, uning qalamiga mansub kitoblar orasida, xususan:
- “Mirkarim Osim” (hammualliflikda, 1977-yil) – tarix;
- “Vatan osmoni" (1983) – badiiy publitsistika;
- “Olis yulduzlar jilosi” (hammualliflikda, 1984-yil) – adabiyotshunoslik;
- “O‘zbekning gapi qiziq” (1994; 2011) – tilshunoslik;
- “Tog‘lar gavhari" (hammualliflikda, 2001) – geologiya-mineralogiya;
- “Doira sehri” (2002) – san’atshunoslik;
- “Inson erki – oliy huquq” (2003) – huquqshunoslik;
- “O‘zbek udumlari” (2003) – elshunoslik va folklor-etnografiya;
- “O‘zbek nima deydi” (2015) – milliy ma’rifat mavzularidagi asarlar bor. Ularning aksariyati allaqachon o‘zbek kitobxoni kutubxonasidan joy olib ulgurgan.
Mahmud aka bilan hayot yo‘llarida bir necha bor yuzma-yuz uchrashish va gurunglashish imkoniga ega bo‘lganmiz. Shunday muloqotlardan biri “O‘zbek udumlari” kitobining bitilishi jarayonlariga to‘g‘ri kelgandi.
U kishi ayni mavzudagi kitobiga hayotiy ma’lumotlarni jamlash ishlari yakuniga yetayotgani va xalqimizga xos noyob an’ana va taomillar hamda milliy urf-odatlar haqida bilganlarimni so‘zlab berishimni so‘ragan. Men o‘shanda Qashqadaryo viloyatiga safarlarim davomida bir necha bor Qarshi tumani qishloqlarida duch kelganim “hayrov” udumi haqida gapirganman.
Otam rahmatlikning kasb-kori miroblik bo‘lgani uchun o‘shanda dasht odamlarining kech kuzda ariqlarni yangidan qazish va suv yo‘lini sozlash bilan bog‘liq ibratli udumini qiziqish bilan o‘rgangandim. Mahmud aka esa o‘zi qashqadaryolik bo‘lsa ham, ushbu udumdan bexabar ekan. Bu holatni ikkimiz “hayrov” udumi asosan sug‘orma dehqonchilikka tayangan dasht hududlarigagina xos ekanligi bilan bog‘liq, deb talqin etganimiz kechagidek yodimda.
Oradan ma’lum bir vaqt o‘tgach, Mahmud aka bilan yana ko‘rishdik. Muallif o‘zining “O‘zbek udumlari” kitobi nashr etilganini bildirib, bir nusxasini kaminaga sovg‘a qilgandi. Kitobdan “hayrov” udumi bilan bog‘liq muxtasar ma’lumot ham joy olgani meni juda quvontirdi o‘shanda.
Quyida ayni shu ma’lumotni to‘liq keltiraman:
“...Mamlakatimizning janubiy viloyatlari – Qashqadaryo, Surxondaryoda hasharga o‘xshash yana bir odat mavjud. Bu «hayrov» deb ataladi. Bu tadbir – hashar bahordamas, qora tiramoh – qishda o‘tkaziladi. Qishloq-shaharlarga obihayot olib keladigan bosh ariq hashar yo‘li bilan loy-gildan tozalanib, yilda bir bor amalda qayta kovlanadi. Bu marosim o‘tadigan kuni yoshu qari hasharga – to‘g‘rirog‘i, hayrovga chiqadi. Hatto yo‘ldan, ko‘prikdan o‘tayotgan yo‘lovchi ham otdan tushib, qo‘liga belkurak olib, ariq qazigan.
Yana bir qiziq joyi – ariqdagi hayrovchilardan biri ko‘prik ustiga chiqqan yo‘lovchiga belkurak uchida non «uzatgan». Ne’matdan ko‘ziga surtib, totingan shaxs bu ramz ila o‘zini kurashga chorlayotganliklarini darhol tushungan.
Aytishlaricha, oppoq soqolli chol ko‘prikka yaqinlashganda, bir yosh yigit o‘ziga xos hazil qilmoqchi bo‘lib, keksa yo‘lovchiga non tutgan. Chol udumni bajargach, eshakdan tushib, bamaylixotir yechinib, yolg‘iz yaktak-lozimda bir belbog‘ bilan qolgan. Yigit hayratlanib, bu chuvak chol bilan kurashishini ham, kurashmasligini ham bilmay turganida, mo‘ysafid ohista yigitni dast ko‘tarib aylantirgan va kuragini yerga tekkizgan. Bo‘lgan kulgi, bo‘lgan qiyqiriq.
Hayrov tadbiri ishtirokchilari ichaklari uzilguncha rosa kulishgan. Shundan xalqimizda «sinamagan otning sirtidan o‘tma», «kichkina demang bizni, ko‘tarib uramiz sizni» degan maqollar mavjud”[3].
Shu birgina jonli misol orqali Mahmud akaning ham adib, ham olim, ham noshir, ham tadqiqotchi maqomidagi xolis hamda ishchan ijodiy qiyofasini ko‘z o‘ngimda yaqqol kashf etganman. Ya’ni, uning kitoblari – shunchaki o‘ylab topilgan quruq uydirmalar, stolda mukkadan ketib o‘tirgancha to‘qilgan bo‘lmag‘ur safsatalar yoki boshqalarning asarlaridan chalakam-chatti “ko‘chirilgan” g‘aliz va ishonchsiz jumlalar yig‘indisi emas, aslo!
Aksincha, Mahmud aka Sattorovning asarlarida hayotning o‘zidan, shu yorug‘ dunyoda shaxsan guvohi bo‘lgan va u bilan yelkama-yelka yashagan insonlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rab-surishtirilgan va teran tahlil qilib o‘zlashtirilgan jonli lavhalar bitilgan. Shuning uchun bu kitoblar – ibratga boy, nodir tajribalarga to‘la va tengsiz bilimlar manbaidir.
Darvoqe, Mahmud Sattorov deyarli barcha kitoblariga “Millatning kenja bo‘g‘iniga” degan dono bag‘ishlovni goh tagsarlavha, goh chorlov, goh tilak ko‘rinishida bitib qoldirganiga ko‘p bor guvoh bo‘ldim. Bu ham, bir tomondan, Mahmud akaning haqiqiy millatsevarligi va vatanparvarligini anglatsa, ikkinchi tomondan, u kishi o‘z zamonasining tom ma’nodagi halol va jonkuyar ziyolilaridan biri bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Muxtasar aytganda, ziyolilarimiz orasida atoqli olim Begali Qosimov – so‘nggi jadid adabiyotshunos, jurnalistlarning oqsoqol ustozi Boybo‘ta Do‘stqorayev – so‘nggi jadid muallim, professor G‘aybulloh as-Salom – so‘nggi jadid tarjimashunos sifatida ulug‘lanishi bor gap. Bu – o‘ta munosib va har qancha tahsinga sazovor e’tirofdir.
Demak, qanchadan-qancha atoqli jadid ajdodlarimizni qatag‘onga duchor etgan sobiq mustamlaka tuzumining so‘nggi qaqshatqich davrlarida ham o‘z sohasining kamtar va kamyob asl jadidlari safimizda – yonginamizda biz bilan hamnafas yashab o‘tganlar. Mahmud Sattorov – ana shunday fidoyi jadidlarimizdan biri bo‘lsa, ne ajab!..
Akmal SAIDOV,
akademik
«Inson va qonun» gazetasining 2024-yil 23-iyul kungi 29 (1441)-soni
[1] Qarang: Bo‘ritosh Mustafoyev. Istiqlolning zalvorli qadamlari: huquqiy demokratik davlat sari. – T.: “Adolat”, 2006. – 302 bet.
[2] Qarang: Akmal Saidov. Hayotni munavvar etib.../ “Mohiyat” gazetasi, 2008-yil 26-sentyabr.
[3] Qarang: Sattor, Mahmud. O‘zbek udumlari. – T.: “Adolat”, 2004. – 55-56-betlar.
- Qo'shildi: 24.07.2024
- Ko'rishlar: 1324
- Chop etish