«Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyaning 11-moddasi «Tahdidli va favqulodda gumanitar vaziyatlar»ga bag‘ishlangan.
Unga ko‘ra, ishtirok etuvchi davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarni tahdidli vaziyatlarda, favqulodda gumanitar vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi belgilangan.
«Favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish» mavzusida Toshkentda o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat organlari xodimlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida favqulodda vaziyatlar davrida nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa harakati cheklangan shaxslarning yashash va sog‘liq huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga favqulodda vaziyatlarda yordam berishga mo‘ljallangan xorijiy davlatlarda ishlab chiqilgan eng yangi jihozlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Respublika tezkor xizmati tomonidan oliy o‘quv yurtlarida favqulodda vaziyatlarda fuqarolar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi bo‘yicha dars mashg‘ulotlari o‘tkazilayotgani qayd etib o‘tildi.
Muhokamalar favqulodda vaziyatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir yakunida ishtirokchilar mazkur sohada hamkorlikni davom ettirish va tashabbusni yanada rivojlantirishga umid bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 08.08.2024
- Ko'rishlar: 1380
- Chop etish