20-21-sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Namangan viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining 40-yilligiga bag‘ishlandi.
O‘quv kursi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Namangan viloyati prokuraturasidan 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan 51 nafar xodim hamda Namangan viloyat sudining 5 nafar sudyasi tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlarini ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov ishtirokchilarni videomurojaat orqali qutladi.
O‘quv mashg‘ulotlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan doimiy ravishda o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.
O‘quv kursi dasturiga muvofiq “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Farhod Hayitboyev, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilik rivojlanishi” mavzusida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzusida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Jasur Hamrayev, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Quvonch Qodirov taqdimot va interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
O‘quv kursining ikkinchi kuni “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” mavzularida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjon Matchanov hamda “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzusida IIV Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Jasur Hamrayevning taqdimot-ma’ruzalari tinglandi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida ichki ishlar, prokuratura hamda sud tizimlarida faoliyat yurituvchi 66 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Tadbir yakunida test sinovlaridan o‘tgan barcha tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.09.2024
- Ko'rishlar: 803
- Chop etish