Bundan bir yarim yil ilgari mamlakatimiz tarixida ilk bor umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani Yangi O‘zbekiston hayoti barcha sohalarining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi. Xususan, zamonaviy konstitutsiyaviy normalar va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida milliy saylov qonunchiligi tubdan takomillashtirildi.
Bu muhim omil saylov jarayonlarining yanada ochiq va oshkora o‘tishi hamda O‘zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga erishish imkonini oshiradi. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir”.
Yangi parlament saylovlarining o‘ziga xos xususiyatlari
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining normalari, xalqaro majburiyatlar va o‘tgan saylov yakunlari bo‘yicha tavsiyalar asosida saylov qonunchiligiga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani bejiz emas. Chunki yangilangan saylov qonunchiligi saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada mukammallashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Bo‘lajak parlament saylovining bir qator o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tish mumkin.
Birinchi xususiyati: Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov O‘zbekiston tarixida ilk bor aralash asosda, ya’ni majoritar-proporsional saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi. Bunda 75 nafar deputat ko‘pchilik ovoz bilan bevosita saylanadi va saylovchilar ayni jarayonda aniq nomzodlar uchun ovoz beradi. Deputatlarning yana 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha, demakki siyosiy partiyalar uchun ovoz berish orqali saylanadi. Shu tariqa mavjud beshta siyosiy partiya parlamentga saylanishi uchun kamida 7 foiz ovoz olishi kerak bo‘ladi.
Ikkinchi xususiyati: barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorligi to‘liq raqamlashtirildi. Saylov kampaniyasi davomida “Elektron saylov” axborot tizimi orqali saylov komissiyalari bilan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi qariyb 60 turdagi o‘zaro hamkorlik aloqasi to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Axborot tizimi interaktiv xaritalar orqali saylovchilar va saylov uchastkalari to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar, barcha turdagi saylovlarda deputatlikka nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish, deputatlikka nomzodlar va ularning biografik ma’lumotlari bilan tanishish imkonini beradi. Shu asnoda saylov jarayonlarida byurokratiyaga yo‘l qo‘yish, ortiqcha vaqt sarflash va keraksiz qog‘ozbozlik holatlari imkon qadar kamayishiga erishiladi.
Uchinchi xususiyati: saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga muvofiq tarzda to‘liq takomillashtirildi. Xususan, doimiy a’zolar faoliyat olib boradigan Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi saylov organlarining yangi tizimi joriy etildi. Ovozlarni sanash tizimi majoritar tartibdan plyuralistik tizimga o‘zgartirildi. Qonunchilikda belgilanganidek, deputatlikka saylanish uchun saylovchilar nisbiy ko‘pchiligining ovozini olish kifoya qiladi. Shunga ko‘ra, nomzod tegishli saylov okrugi bo‘yicha boshqa nomzodlarga qaraganda ko‘p ovoz olgan taqdirda saylangan hisoblanadi va natijada takroriy ovoz berishga hojat qolmaydi. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shu jumladan, “oilaviy” ovoz berganlik holatlari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
To‘rtinchi xususiyati: bu galgi saylov parlamentarizm va mahalliy vakillik organlarining vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari bilan sezilarli darajada mustahkamlangan sharoitda o‘tkazilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan – 12 taga, Oliy Majlis Senatining mutlaq vakolatlari 12 tadan – 18 taga oshirildi. Parlamentning ijro etuvchi, odil sudlovni amalga oshiruvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat qilish vakolatlari kengaytirildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hokimlarning rahbarlik qilishi instituti tugatilmoqda. Jamiyat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida ilgari hokimlar tasarrufida bo‘lgan 33 ta vakolat mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi.
Beshinchi xususiyati: saylovda ishtirok etadigan ayol nomzodlar soni izchil ko‘paymoqda. Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda xotin-qizlar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil qilishi shart. Avval bu talab bo‘yicha ko‘rsatkich 30 foiz edi.
Joriy yil oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 56 nafar a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining 65 nafar deputati, shuningdek, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Saylov kodeksining 37-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega.
Ayni paytda faol saylov kampaniyasi davom etmoqda. Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqoti jarayonida yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olish, saylovning asosiy prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash, saylovchilarning o‘z erkin tanlovini amalga oshirish imkonini beruvchi saylovoldi tashviqotining axloq qoidalarini imzoladi.
Shu tariqa saylovda 30 mingga yaqin nomzod va ularning qariyb 90 ming nafar ishonchli vakili faol ishtirok etadi. Shuningdek, saylov komissiyalarining 120 mingdan ortiq a’zosi tashkilotchi sifatida hamda 70 mingdan ortiq mahalliy, xorijiy va xalqaro darajalardagi vakillar kuzatuvchi maqomida qatnashadi.
Bu haqda so‘z borganda, saylovni kuzatishda 1 mingdan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchi ishtirok etishini ta’kidlash lozim. Xususan, 50 ta davlatdan 400 ga yaqin, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi 21 ta xalqaro tashkilotdan qariyb 500 nafar hamda 26 ta xorijiy davlatning saylov komissiyalaridan 60 nafar atrofidagi kuzatuvchilar ayni jarayonda hozir bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovni monitoring qilishda asosiy guruhdan iborat to‘liq miqyosdagi, uzoq muddatli va qisqa muddatli missiyasi bilan ishtirok etish niyatini bildirgan. Ya’ni, ushbu nufuzli xalqaro tashkilotdan salkam 350 nafar kuzatuvchi saylovni kuzatib boradi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va boshqa diplomatik vakolatxonalari huzurida – 39 ta davlatda 56 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Yangi O‘zbekiston: demokratik islohotlar va inson huquqlari
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning asosiy qismi har bir insonning huquq va manfaatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxldordir. Muhimi, ushbu yangilanishlar Konstitutsiya normalarini amalga oshirish kafolatlarini sezilarli darajada mustahkamladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida ko‘plab qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Ayni o‘zgartirishlar davlat hokimiyatini tashkil etish, hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmog‘i va boshqa davlat organlarini, xususan, Markaziy saylov komissiyasini shakllantirish tamoyillariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani juda muhimdir.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiq ekanligi bilan diqqatga loyiq.
Eng asosiysi, Millat Sardori ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar ortga qaytmas tus oldi. Teng imkoniyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish, xalq farovonligini oshirish va aholi uchun munosib turmush sharoitini ta’minlash Yangi O‘zbekistonni isloh qilish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Shu ma’noda, hozir izchillik bilan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy mazmun-mohiyatida:
– inson huquqlarini himoya qilish;
– har bir shaxsning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
– kambag‘allikni kamaytirish va aholi farovonligini ta’minlash;
– fuqarolik jamiyati rolini kuchaytirish;
– korrupsiyaga qarshi kurashish va barqaror ekologik taraqqiyotga erishish kabi ulkan maqsadlar o‘z mujassamini topganligi ayni muddaodir.
Jamiyatimiz va davlatimizning asosiy maqsadi – 2030 yilga borib daromad darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish. Bunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi amalga oshirilayotgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz gender tenglik, so‘z va e’tiqod erkinligini ta’minlash, qiynoqlarga qarshi kurashish sohalarida aniq hamda qat’iy qadamlar tashlamoqda. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan har qanday tazyiq va zo‘ravonliklarga barham berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Konstitutsiyaviy darajada “Miranda qoidalari”, “Xabeas korpus”, “Pro Bone” kabi demokratik adolat institutlari mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi.
O‘zbekiston 2021-yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi va ushbu Konvensiya qoidalari “Nogironlarning huquqlari to‘g‘risida”gi yangi qonunda o‘z aksini topdi. Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha hal qiluvchi ahamiyatga ega chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ijtimoiy himoya agentligi tashkil etildi. Natijada nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun, jumladan, uy-joy sektorida ham qulay muhit yaratish bo‘yicha ko‘plab muammolar ijobiy yechimini topmoqda.
Mamlakatimiz BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan inson manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish masalalarida faol hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida 11 ta rezolyutsiya ishlab chiqildi va qabul qilindi, 2024-yilning o‘zida 4 ta shunday rezolyutsiya tasdiqlandi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish inson huquqlarining holati va joriy islohotlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekistonga so‘nggi davrda ikki marta – 2017 va 2024-yillarda tashrif buyurdi. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarlari Zayd Raad al-Husayn – 2017 va Folker Tyurk – 2023-yillarda, XMT Bosh direktorlari Gay Rayder – 2018 va Gilbert Xunbo – 2024-yillarda, Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Eymon Gilmor – 2023-yilda, YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi – 2023-yilda, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong – 2022-2023-yillarda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lgan.
O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu yil O‘zbekiston ilk bor bir yo‘la uchta nufuzli xalqaro organ – EKOSOS, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi va XMT Ma’muriy byurosi a’zoligiga saylandi.
Yangi O‘zbekiston 2018-yilda BMTning barcha mandat egalariga doimiy taklifnoma taqdim etgan davlatlardan biriga aylandi. Shu vaqt ichida BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A.Shahid, Sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi D.Garsiya-Sayan hamda Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolayn tomonidan yurtimizga rasmiy tashriflar amalga oshirildi.
Joriy yil avgust oyida BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopal tashrif buyurdi. BMT Maxsus ma’ruzachisi bilan tegishli davlat tashkilotlari va turli muassasalarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mamlakatimizda aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash sohasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Parlament saylovi – Yangi O‘zbekiston demokratik taraqqiyotining yangi bosqichi
Saylov – demokratiyaning eng muhim mezonlaridan biri. Bu xalqchil jarayon orqali fuqarolar o‘z siyosiy xohish-irodasini namoyon etadi va davlat organlarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Joriy yilda butun dunyo bo‘ylab, ta’bir joiz bo‘lsa, yirik saylov marafoni bo‘lib o‘tmoqda. Yil davomida dunyo aholisining yarmidan ko‘pini tashkil qiluvchi 70 ga yaqin davlatda Prezident va parlament saylovlari o‘tkaziladi. Yevroparlamentga saylov va Fransiyaning muddatidan oldin parlament saylovi shular jumlasidandir.
Mamlakatimizda 2023-yili Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov jamiyatimizning siyosiy yetukligini, Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor baralla namoyon etdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida katta vakolatlarga ega bo‘lgan bo‘lajak parlament saylovi – bu borada navbatdagi muhim qadamdir.
Konstitutsiyamizga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi 2024-yil 27-oktabrda parlament saylovini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shu kuni mahalliy vakillik organlariga, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shuningdek, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga ham saylov o‘tkaziladi.
Shu o‘rinda bo‘lajak saylov Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan mutlaqo yangicha ijtimoiy-siyosiy sharoitda o‘tayotgani alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlash lozim. Binobarin, keyingi yillarda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakatimizni modernizatsiya qilish maqsadida parlament va siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, saylov va referendumlarni o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Konstitutsiya va saylov qonunchiligiga muvofiq, mamlakatimizda saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga ko‘ra, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Ushbu moddaning davomida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq va sud qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi belgilangan.
Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir”.
Xulosa qilib aytganda, bo‘lajak saylov mamlakatimizda demokratik davlatchilik amal qilayotganligining yorqin namunasi bo‘ladi. Ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon fuqarolarning saylash va saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishda, davlat organlarini milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga to‘la mos ravishda demokratik tarzda shakllantirishda hamyurtlarimizning yanada faol ishtirok etishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining
birinchi o‘rinbosari
- Qo'shildi: 08.10.2024
- Ko'rishlar: 856
- Chop etish