Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 1996 yil 31 oktyabrda tashkil etilgan. Bugun ushbu sanaga 28 yil to‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 10 dekabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Milliy markazning maqomi tubdan oshirildi, vakolat va faoliyat ko‘lami yanada kengaytirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish doirasida O‘zbekistonning ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari bilan hamkorlik qilish bilan birga ularning bu boradagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 25 martda “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Milliy markaz tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.
– O‘zbekistonda inson huquqlari sohasini rivojlantirishning idoraviy dasturlari muntazam ishlab chiqilgani va qabul qilingani holda, bu borada davlatning strategik dasturiy hujjatini tasdiqlash tajribasi kuzatilmaganini ochiq aytish lozim, – deydi Milliy markaz matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev. – Shu ma’noda, 2020 yil 22 iyundagi farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan mazkur strategiya mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etayotir. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo‘shliqlar, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonda inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma’ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalari (“yo‘l xaritalari”)ni ishlab chiqish Milliy markazning eng asosiy vazifalari qatoriga kiradi. Bunday milliy ma’ruzalar 1999 yildan buyon tayyorlanmoqda va muntazam ravishda tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborilmoqda.
Bundan tashqari, markaz normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlab, tegishli tartibda taqdim etib kelmoqda.
Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi yutuqlar uchun rag‘batlantirishni ko‘zda tutadigan alohida mukofot ilgari mavjud emas edi. Prezidentimizning tashabbusi bilan 2020 yil 10 dekabrda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Endilikda har yili 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tantanali ravishda taqdirlab borilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 31.10.2024
- Ko'rishlar: 1070
- Chop etish