YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYA: Milliy taraqqiyot va ma’naviy yuksalishning oltin kaliti

Keyingi davrda mamlakatimiz hayotining turli sohalari qatori ma’naviy sohada ham amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 17-oktyabrda qabul qilingan Farmoyishi asosida joriy yilda "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!" degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanadigan Konstitutsiya kuni bayrami oldidan shoir, tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom MIRZO bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

G‘ulom aka, «ma’naviyat» sizningcha nima?

– Ayrim manbalarda “ma’naviyat” so‘zi arab tilidan olingani va odob-axloq majmui degan ma’noni bildirishi qayd etilgan. Boshqa ba’zi manbalarda ayni ta’limot ildizlari «Avesto» yaratilgan necha ming yillik olis tarixga borib taqalishi ta’kidlanadi. Nima bo‘lganda ham, mustaqillikkacha bo‘lgan davrdagi “o‘zbek sovet lug‘atlari”ga bu so‘z kiritilmagan.

Istiqlol davri ilmiy, falsafiy, adabiy tafakkurida ham, zamondoshlarimiz istifoda etayotgan oddiy xalqona tilda ham endilikda, aksincha, ushbu tushunchaga nisbatan ko‘plab ta’riflarga duch kelayapmiz. E’tiborli jihati shundaki, bunday ta’riflar aksariyat hollarda bir-biridan farq qiladi.

Bugungi lug‘atlarimizda “ma’naviyat” atamasining asosan ma’no, ma’nolar majmuasi kabi mazmunni berishi qayd etilgan. Ammo o‘zagida «ma’no» so‘zi yotishiga qaramay, ushbu tushunchaning mazmunini faqat “ma’ni”, “ma’no” kabi so‘zlar doirasi bilan cheklab qo‘ymaganimiz ma’qul.

Ma’naviyat – inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi qamrovdor tushuncha. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini o‘z ichiga oladi. Bu tushuncha jamiyat hayotidagi g‘oyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy qarashlarni o‘zida to‘la mujassam etgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning talqiniga ko‘ra, “Ma’naviyat – jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy mezondir. Chunki odamlarning ma’naviyati yuksalgandagina jamiyatda tinchlik, xotirjamlik va taraqqiyot bo‘ladi”.

Darvoqe, davlatimiz rahbarining yaqinda nashrdan chiqqan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli yangi siyosiy asarining alohida bir fasli “Ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, deb ataladi. Kitobda qayd etilganidek, “agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Ulardan biri – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bo‘lsa, ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir”.

Huquq va ma’naviyatni nima bog‘lab turadi deb o‘ylaysiz? Bugungi kunning muhim paradigmasi bo‘lmish “Inson qadri” g‘oyasi bilan ushbu tushunchalar o‘rtasidagi bog‘liqlik nimalarda ko‘rinadi?

– Huquq va ma’naviyat – o‘zaro chambarchas bog‘liq. Ma’naviyat bo‘lmagan joyda huquq, haqiqat va adolat ham bo‘lmaydi. Nega? Keling, shu haqda muxtasar fikrlashaylik.

Ma’naviyat insonning ichki olami, ya’ni yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-umidlari, istak-intilishlari, his-tuyg‘ularini o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, ma’naviyatli inson yashashdan maqsadi nimaligini aniq biladi, hayot yo‘lida uchraydigan turli voqea-hodisalarga daxldor har bir masalaga tenglik va kenglik, insof va adolat, haq va haqiqat nuqtayi nazaridan yondashadi.

Ma’naviyatli inson vijdon nima, yolg‘on va rost nima, or-nomus nima, halol va harom nima – bularning hammasini bir-biridan ajrata oladi. Bunday shaxslar hayotda yomonlikka boshlovchi xatti-harakatlardan tiyilib, doimo yaxshilikka boshlovchi amallarni bajaradi.

Boshqacha aytganda, ma’naviyatli inson, bir tomondan, o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi, ikkinchi tomondan, boshqalarning ham huquqlarini hurmat qiladi. Shuning uchun ma’naviyatli inson amaldagi qonun-qoidani buzmaydi, bezorilik yo jinoiy qilmishlarga yo‘l qo‘ymaydi.

Aksincha, ma’naviyatli insonlar o‘zlari mansub jamiyat farovonligi va davlat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan yetuk huquqiy majmualar – Konstitutsiya, kodeks va qonunlarga asos solishlari mumkin. Bunday huquqiy majmualar, avvalo, inson qadrini joyiga qo‘yishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Bu fikrimizga yaqqol misol shuki, 2023 yilgi referendumda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab berdi. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Konstitutsiya – har bir davlat huquq  tizimining cho‘qqisi hisoblanadi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi ma’naviyatga ham asos bo‘la oladimi?

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgan. Boshqacha aytganda, xalqimiz 2023-yili referendumda qabul qilgan Asosiy qonunning barcha bo‘lim, bob va moddalari, ta’bir joiz bo‘lsa, har bitta normasi tom ma’noda ma’naviyatga yo‘g‘rilgan.

E’tibor bering: Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, xalqimiz, jumladan, “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk  ajdodlarimizning ilmiy,  madaniy va ma’naviy merosiga tayanib”, ushbu Konstitutsiyani qabul qilgan. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida davlatning ijtimoiy sohadagi, ya’ni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatish turlari va sonini kengaytirish kabi majburiyatlariga taalluqli normalar 3 barobar ko‘paydi. Eng muhimi, Asosiy qonunimizda birinchi marta “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” (1-modda), degan norma belgilandi.

Uchinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish va inson huquqlariga taalluqli normalari 3,5 barobar oshirildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz dunyoviy davlat, ochiq va adolatli jamiyat qurish, unda tenglik va teng huquqlilik prinsiplarini hayotga tatbiq etish, fuqarolar, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini kamsitmaslik g‘oyalariga asoslanadi. Bunda yurtimizda inson huquqlari madaniyati tobora yuksalayotgani, inson hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat ruhi shakllangani alohida ahamiyat kasb etadi.

Bunday misollarni yana ko‘p keltirish mumkin. Asosiysi shuki, bularning barchasi ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy yuksalishga da’vat etuvchi ezgu amallari, diniy-axloqiy, huquqiy e’tiqodi Konstitutsiyamizni ma’naviy boyitganini yaqqol tasdiqlaydi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida xalqimizga xos mehr-oqibat, o‘zga millat vakillariga hurmat, bilimga intilish, or-nomus va qadr-qimmat, bag‘rikenglik va hayo kabi fazilatlar o‘z ifodasini topdi. Unda muqaddas Vatanimiz xalqiga xos adolat, rostgo‘ylik, olijanoblik, mardlik va saxovat kabi yuksak fazilatlar ham mujjassam etildi.

– Bosh qomusimizning oldingi tahririda ta’lim huquqiga oid normalar uncha ko‘p emas edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ta’lim sohasiga katta urg‘u berilganini qanday izohlaysiz?

– Mamlakatimiz rahbari konstitutsiyaviy islohot avvalida bu boradagi bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish ham maqsadga muvofiqdir, degandi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyaga davlat maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishi bilan bog‘liq normalarni kiritish; ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishini ta’minlash; pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmacligini Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yish bo‘yicha ham aniq takliflarini bildirgani diqqatga sazovor.

Umumxalq muhokamasi jarayonida Konstitutsiyaviy komissiyaga yurtdoshlarimizdan ayni yo‘nalishda ko‘plab takliflar kelib tushdi. Qolaversa, ta’limga oid konstitutsiyaviy huquq va kafolatlar yuzasidan milliy ekspertlar xulosalari, xorijiy hamda xalqaro tajriba atroflicha o‘rganildi.

Shu asosda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 50, 51 va 52-moddalarida ta’limga oid muhim normalar mustahkamlanishiga erishildi va bu bejiz emas. Chunki Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ma’naviy va madaniy faoliyat sohalarini keng rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish,  yurtimizni rivojlangan davlatlar qatori yuqori texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangilash davlatimiz va jamiyatimizning asosiy maqsadlaridan biridir.

Sizning  bundan 12-yil avval yozgan “Konstitutsiya va ma’naviyat” nomli risolangizni o‘qidim. Shu haqda ham qisqacha gapirsangiz.

– O‘sha yillarda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari lavozimida endigina ish boshlagandim. Ustozimiz akademik Akmal Saidov bilan suhbatlarimizning birida u kishi ko‘pchilik Konstitutsiyaga faqat huquqiy hujjat deb qarashi, aslida, Konstitutsiya – ma’naviyat qomusi ham ekani haqida gapirib, shu mavzuda bironta maqola yozishimni tavsiya qildilar. Natijada ayni masalaning turli jihatlari yoritilgan turkum maqolalarim matbuotda e’lon qilindi.

Ustozning taklifiga ko‘ra shu maqolalar negizida Siz aytgan kitob nashrga tayyorlangan va chop etilgan. Nazarimda, ushbu kitobni yangi va to‘ldirilgan ikkinchi nashrini tayyorlash fursati kelgandek. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ma’naviyatining bugungi “to‘q mag‘zi”, ya’ni yetuk konstitutsiyaviy-ma’naviy qadriyatlarimiz shuni taqozo etmoqda.

 

Saidakmal Mamasoliyev suhbatlashdi

Powered by GSpeech