YANGI O‘ZBEKISTONNING  “INSON HUQUQLARI UYI” OCHILDI

Bu haqda milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar o‘z taassurot va tilaklarini bildirmoqda

 

Sabina MAHL – BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi:

Barchangizni Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentliklari oilasi tomonidan judayam muhim tadbir – “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi bilan qutlashdan bag‘oyat xursandmiz. Endi yangi axborot-resurs markazi va kutubxona boshqa viloyatlardagi kutubxonalar kabi inson huquqlariga oid muhim axborot va ma’lumotlar manbasi sifatida jamoatchilikka xizmat qilishi bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Ushbu tadbir izma-iz kelayotgan bayramlar, ya’ni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni, 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida o‘tayotganidan foydalanib, sizlarni ana shu ayyomlar bilan ham tabriklayman. Barchangizga qimmatli vaqtingizni ajratib, ushbu tadbirda ishtirok etganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

 

Matteo MEKACHCHI – xalqaro ekspert, YEXHT Demokratlashtirish va inson huquqlari bo‘yicha byurosining sobiq direktori:

– Men uchun “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi tadbirida ishtirok etish juda katta imkoniyat, bunda juda minnatdorman. Biz inson huquqlari qanaqadir nazariy tushuncha emas, balki ushbu huquqlarni hayotda, amaliyotda tatbiq etish muhimligi to‘g‘risida fikr yuritgani ham yig‘ilganmiz. Ya’ni, insonning hayotga bo‘lgan huquqi, o‘z fikrlarini ifodalash huquqi, o‘z diniga e’tiqod qilish huquqi va boshqa shu kabi huquqlarning barchasi nafaqat qonunchilik hujjatlarida aks etishi, balki kundalik hayotimizda ham bajarilishi lozim.

Fursatdan foydalanib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbarlarini, barchangizni ushbu ma’rifat maskanining ochilishi bilan tabriklayman. Chunki ushbu maskan inson huquqlariga oid bo‘lgan bilimlarni tarqatish uchun jamoatchilikka ochiq ilmiy tadqiqot va o‘quv markaziga aylanmoqda.

Bugungi zamonaviy dunyomizda, albatta, kutubxonalar o‘zgarib, tobora rivojlanib bormoqda. Ayni paytda kutubxonalar, xuddi olis tarixda e’tirof etilgani kabi, qalbimizga malham ekanligidan iborat o‘zlarining muhim xususiyatini  ham saqlab qolmoqda.

Tadbir ishtirokchilari orasida ko‘plab yoshlarni ko‘rib quvondim, ularga qarab o‘z yoshligimni, inson huquqlari sohasidagi lavozimlarda yuqorilashim avvalida nodavlat notijorat tashkilotlarida ishlagan paytlarimni esladim. Aytmoqchimanki, inson huquqlari sohasidagi yutuqlar, albatta, bilim va ma’rifatdan boshlanadi. Tegishli bilimlarga ega bo‘lib, so‘ng uni amaliyotda  ishlatish uchun har doim astoydil intilish va izlanish lozim.

So‘zimning yakunida inson huquqlari – qanaqadir yakuniy marra emas, aksincha, izchil davom etadigan uzluksiz jarayon ekanini ta’kidlamoqchiman. Dunyoda hech qaysi mamlakat biz inson huquqlari bo‘yicha vazifalarimizni bajarib qo‘ydik, deb xotirjam bo‘la olmaydi. Aksincha, inson huquqlarini rivojlantirish sohasi muntazam va to‘xtovsiz tarzda mukammallik sari intilish hamda astoydil sa’y-harakatda bo‘lishni talab qiladi.      

 

Yuy SZYUN – Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "Inson huquqlari uyi" ochilishi munosabati bilan Xitoy elchixonasi nomidan samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday degan edilar: "Ko‘pchilik demokratiya tushunchasini turlicha talqin qiladi. Men uchun demokratiya – bu xalqimizning tinchligi, farovonligi va teng huquqliligidir". Muhtaram Prezidentingiz rahnamoligida O‘zbekiston xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib, inson huquqlarini himoya qilishga katta e’tibor qaratmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyangizga inson huquqlarini himoya qilishga oid muhim qoidalar kiritildi, inson huquqlari bo‘yicha birinchi milliy strategiya ishlab chiqildi. Mamlakatingizda xalqning turmush darajasi sezilarli darajada yuksaldi, ayollar, bolalar, imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat tizimini takomillashtirish izchil davom ettirilmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston vakili joriy yilda BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi tarkibiga saylandi. Bu, shubhasiz, O‘zbekistonning mazkur sohadagi yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Biz O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda butun insoniyatning tinchlik, taraqqiyot, adolat, tenglik, demokratiya va erkinlik kabi umumiy qadriyatlariga amal qilgan holda, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish va bir-biridan o‘rganishni kuchaytirish orqali butun dunyoda inson huquqlari sohasining sog‘lom rivojlanishiga birgalikda hissa qo‘shishga tayyormiz.

 

Bilyana MILOSHEVICH – Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari:

– “Inson huquqlari uyi” ochilishida ishtirok etish menga sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham xalqaro gumanitar huquqni targ‘ib etish va amalga oshirish bo‘yicha hukumat, shuningdek, davlat va nodavlat institutlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intiladi.

Shunga ko‘ra Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan 20-yillik samarali hamkorlik tajribasiga ega. O‘zbekistonda xalqaro shartnomalarni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi yetakchi tashkilot hisoblanuvchi Milliy markaz bilan Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining yillar davomida olib borgan muloqoti va birgalikdagi faoliyatini yuksak qadrlaymiz.

Hamkorlikdagi faoliyatimiz asosiy xalqaro gumanitar-huquqiy shartnomalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha o‘quv materiallarini ishlab chiqish kabi sohalarni o‘z ichiga oladi.

Fursatdan foydalanib, shuni ma’lum qilmoqchimanki, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ikki haftadan so‘ng aynan ushbu dargohda Jeneva konvensiyalari qabul qilinganining 75-yilligi munosabati bilan ayni xalqaro hujjatlarning lotin imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosida nashr etilgan to‘plami taqdimotini o‘zaro hamkorlikda o‘tkazishni rejalashtirgan.

Barchani “Inson huquqlari uyi” faoliyat boshlagani bilan tabriklaymiz! Ishonamizki, ushbu ma’rifat maskani xalqaro gumanitar huquq hamda xalqaro huquqning boshqa yo‘nalishlarini targ‘ib etish bo‘yicha istiqboldagi hamkorligimizga muhim hissa qo‘shadi.

 

Asadjon XODJAYEV – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori:

– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘zining asosiy vazifalari qatorida inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning solnomasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish masalalari bo‘yicha ham mas’ul hisoblanadi.

Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan bunyod etilgan “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish tizimi taraqqiyoti yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘ldi.

 

Eldor TULYAKOV – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori:

– “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi O‘zbekistonning nafaqat inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi sa’y-harakatlari, balki yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosidagi maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadam hamdir. Ushbu ma’rifat maskani inson huquqlari sohasidagi faoliyatimizni yangi bosqichga ko‘taradi, degan umiddaman.

Inson huquqlari har qanday jamiyatning barqarorligi, tinchligi va adolatli rivojlanishining asosiy tamoyilidir. Huquq va erkinliklar himoyasi davlat siyosatining markaziy yo‘nalishi bo‘lib, inson qadrini yuksaltirish “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarimiz markazida turibdi. Bu tamoyil nafaqat fuqarolarning shaxsiy manfaatlarini himoya qiladi, balki jamiyatda o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlik muhitini ham yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, “Inson huquqlari uyi” – nafaqat huquqlarni himoya qilishga qaratilgan, balki inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tadqiqotlar uchun zamonaviy maydon sifatida xizmat qiladi, degan fikrdamiz. Shuningdek, bu yerda innovatsion yondashuvlar joriy etilib, inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslar rivojlantirilishiga ham ishonamiz.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning mustahkam huquqiy asosini yaratdi. Unda, jumladan, inson qadri eng oliy qadriyat sifatida mustahkamlandi. Har bir fuqaroning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, mehnat qilish kabi huquqlari kafolatlandi. Davlat organlari faoliyatida jamoatchilik nazorati va hisobdorlikni ta’minlash alohida ahamiyat kasb etdi.

Bu qoidalar asosida “Inson huquqlari uyi” fuqarolarning huquqlarini amaliy himoya qilishda samarali institut sifatida xizmat qilishiga aminmiz.

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar inson huquqlarini himoya qilishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Binobarin, “Inson huquqlari uyi” raqamli platformalar orqali huquqiy axborot tarqatish, huquqlarni himoya qilishda innovatsion yechimlarni joriy etishda yetakchi bo‘lishi tayin. Zero, endilikda ayni shu orqali yoshlar va jamiyatning keng qatlamlari inson huquqlariga oid bilimlar bilan ta’minlanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 5-dekabr kungi 247 (1308)-soni

Powered by GSpeech