“SHOHI BI SHIN” – “SO‘NGGI (Sh)OH”

(Muhammad Kozim Mazinoniyning shu nomli romani bo‘yicha mulohazalar)

 

Fors adabiyoti tarixan o‘zbek adabiyoti bilan mushtarak ildizlarga ega. Shuning uchun ham xalqimiz fors qalamkashlarining asarlarini sevib mutolaa qiladi. Yaqinda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan Muhammad Kozim Mazinoniy qalamiga mansub “So‘nggi (sh)oh” romani ham o‘zbek kitobxonlarini bee’tibor qoldirmagani ayni haqiqat. Zamonaviy fors adabiyotining zabardast vakili, shoir, nosir va tarixnavis Muhammad Kozim Mazinoniyning ushbu tarixiy biografik romani ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgani, tom ma’noda, katta adabiy hodisadir.

Romanni ona tilimizga rus tilidan taniqli olim va jurnalist, adib va tarjimon Xurshid Do‘stmuhammad mahorat bilan tarjima qilgan.

O‘zbek adabiyotshunoslari Xurshid Do‘stmuhammadning tarjimonlik mahoratiga yuqori baho berishlari bejiz emas. Garchi mutarjim kamtarinlik bilan: “Aslida, tarjimaga zo‘r bermaganman. O‘zimga yog‘gan asarlarni o‘zbekchalashtirganman, xolos”, – deya ta’kidlasa ham, uning tarjimasidagi durdona asarlar bugungi kunda xalqimizning qalbi va shuuridan joy olib ulgurgan.

Akutagava Ryunoske (Yaponiya), Aleksandr Levkovskiy (AQSH), Ignasiy Aldekoa (Chili), Frans Kafka (Avstriya), Temur Po‘latov (Rossiya) kabi jahon adabiyoti namoyondalari qalamiga mansub asarlar, shuningdek, eston, gruzin, belorus adiblarining hikoyalari Xurshid Do‘stmuhammad tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Xurshid Do‘stmuhammad eronlik yozuvchi Muhammad Kozim Mazinoniyning “So‘nggi (sh)oh” romanini ham yuksak saviya va did bilan tarjima qilgan. Roman nomining o‘zi tarjimonning so‘z zargari ekanini ko‘rsatib turibdi. Darhaqiqat, romanni “So‘nggi shoh” deb ham, mazmunidan kelib chiqib, “So‘nggi oh” deb ham nomlasa bo‘ladi.

Ushbu tarixiy biografik romanda Misr shifoxonalarining birida saraton kasalligidan vafot etgan Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hayotining so‘nggi kunlari yoritib berilgan. Pahlaviylar sulolasining so‘nggi shohi Muhammad Rizo 1978-1979-yillarda sodir bo‘lgan Eron islom inqilobi natijasida taxtdan ag‘darilgan.

Syujetiga ko‘ra, roman shoh va uning rafiqasi o‘rtasidagi muloqotdan iborat bo‘lib, kitobxon dastlab uni kim hikoya qilib berayotganini sezmaydi. Chunki yozuvchi roman voqealarini turli xil nuqtayi nazardan mohirona tasvirlab bera olgan.

Romanning asosiy badiiylik mezonlari, yozuvchining o‘ziga xos uslubi va mahorati, asarning g‘oyaviy-badiiy va estetik qiymati haqida to‘xtalamiz.

Muallif makon va zamondagi  o‘zaro munosabatlarni, boshqacha aytganda, zamon va makonning o‘zaro bog‘liqligini badiiy asar orqali ko‘rsatib bergan. Tarixiy roman haqida so‘z borganda asardagi voqelik bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muammolarni, ya’ni badiiy to‘qima bilan asl haqiqat o‘rtasidagi o‘zaro aloqador jihatlarni, tarixiy haqiqat va adabiy jarayon hamda real voqelikni ramziy ma’noga aylantirishning yechimini topish kerak bo‘ladi.

“Shohi bi shin” – “So‘nggi (sh)oh” romanining o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rib chiqsak.

Mazinoniy tarixiy biografik romanining birinchi xususiyati – unda juda katta tarixiy davr qamrab olinganidadir. Adib roman qahramonlarining hayot yo‘li mamlakat tarixi va xalq taqdirida muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ochib bergan. Albatta, ushbu katta davrni badiiy asarda mahorat bilan tasvirlab bergan yozuvchining iste’dodiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

Romanning ikkinchi xususiyati  shundan iboratki, adib so‘nggi Eron shohining shaxsiga uning tarixiy xususiyatidan qat’i nazar ijodiy yondashib, mamlakat hukmdorining tarjimayi holini ma’lum bir obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra  badiiy to‘qima bilan uyg‘unlashtirgan.

Romanning uchinchi  hususiyati   shundaki, asar voqealari shifoxonadagi jarrohlik amaliyoti jarayonlarini aslicha yoritishdan boshlangan. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng hushiga kelgan Shohning xotirasida hayotining qora kunlari, ya’ni saroyni tashlab ketishga majbur bo‘lgani hamda vatanidan quvg‘in qilingani gavdalanadi. Roman shunday yozilganki, Shoh Muhammad Rizo Pahlaviyning hayotidagi voqealar uning o‘ziga tashqi tomondan ko‘rsatilayotgandek tasavvur hosil qiladi. Asardagi voqelikning bir maromda davom etishi, jarrohlik amaliyotidan so‘ng Shohda to‘satdan boshlangan qattiq og‘riq tufayli uzilib qoladi va hamshira qizning uni parvarish qilayotgani tasvirlanadi.

 Mazinoniy romanidagi  to‘rtinchi  hususiyat – bu odatiy tasvirlash usulining qo‘llanishidir. Tuzalmas darddan umri tugab borayotgan Shoh xotirasida uning bosib o‘tgan hayot yo‘li tartibli ravishda qaytadan jonlanadi. Ammo yozuvchi voqealarni yoritishda qo‘llaydigan usulning o‘ziga xosligi shundaki, har bir tarixiy jarayondan so‘ng Shohning umr yo‘ldoshi Farah bilan suhbatlari bayon qilinadi. Bir  qarashda ushbu suhbatlar lirik chekinish bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida, roman syujetining bir maromda ketishini ta’minlagan.

Romanning beshinchi xususiyati shundaki, muloqotlar vositasida bir tomondan,  Rizo Shoh va oilasi hayoti haqida hikoya qilinsa, ikkinchi tomondan, muallifning shaxsiy hayotidagi ma’lumotlar oshkor etiladi. Ta’kidlash lozimki, biografik romanlarda bunday usulni qo‘llash kamyob hodisadir. So‘zimizning isboti sifatida romandan olingan quyidagi misollarni keltiramiz: “Oh, tojdorim otam! Naqadar baxtli eding, men kabi qalb, yurak atalmish daxmazalarga bog‘lanib qolgan joying yo‘q edi; hatto daraxtning tepasiga chiqib olib onamning etaklariga tut qoqib tushirayotgan onlarda ham bu singari nozik tuyg‘ulardan ancha yiroq eding”[1] yoki “Oh, tojdorim otam! O‘sha o‘n kun ichida taqdirim tamoman o‘zgardi, so‘ng yana bir marta, bu safar 1979-yil yanvarining birinchi o‘n kunida... Taqdirning o‘yinini qara”[2].

Romanning oltinchi xususiyati esa asarning “tarixiy” maqomiga egaligini belgilab beruvchi mezonlarda o‘z aksini topadi. Tarixiy asarlarning badiiy tuzilishi o‘zida tarixiy rivoyat, ilmiy tarjimayi hol va hujjatli asarlar xususiyatlarini jamlaydi. Mazinoniyni ma’lum bir tarixiy shaxsni tanlashi, asarning asosiy syujetini mana shu tarixiy shaxsga bog‘lashi, qahramonga va o‘sha davr masalalariga badiiy yondashuv, ularning murakkab o‘zaro munosabatlari – bularning barchasi asarning “tarixiy biografik” maqomini olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Romanning yettinchi xususiyati uning asosiy syujetini Shoh Muhammad Rizo Pahlaviyning butun bir hayoti tashkil etadi, degan tasavvur tug‘ilishida  namoyon bo‘ladi.  Biroq romanni o‘qib chiqqaningizdan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Mazinoniy asosiy syujetga mos ravishda qo‘shimcha qilib Muhammad Rizo va uning singlisi, Muhammad Rizo va uning otasi, Muhammad Rizo va uning onasi, Muhammad Rizo va uning xotini, Muhammad Rizo va saroy xizmatchilari o‘rtasidagi munosabatlar bilan bog‘liq syujetlar yaratganining guvohi bo‘lasiz.

Aynan mana shu tasvirlarda Shoh oilasidagi “haqiqiy” munosabatlarni, ya’ni saroydagi tartibsizliklar va boshqaruvdagi no‘noqliklar, axloqsizlik va buzuqliklar, ijtimoiy tengsizlik va adolatsizlik kabilarni ochib beradi. Bu kichik yordamchi syujetchalar o‘tkinchi bo‘lib tuyulsa-da, ammo aytish mumkinki, ular romanning asosiy ma’no-mazmuniga xizmat qiladi. Ana shu tarzda Muhammad Rizo Pahlaviy shaxsi asarni asosiy syujetini tashkil qilib Pahlaviylar sulolasining tanazzulga yuz tutishi sabablarini ko‘rsatib beradi.   

Romanning sakkizinchi hususiyati shundan iboratki, undagi barcha voqelik asosan ikki joyda, ya’ni Shohning  saroy koshonasida va Misr shifoxonasi palatasida bo‘lib o‘tadi. Shoh “saroyi” bir-biriga zid bo‘lgan ikki talqinga ega.  Bir tomondan, saroy Shoh va uning oilasi yashaydigan jannatmakon bir vatan hisoblansa, ikkinchi tomondan, bu joy yovuzlik, fisqu-fasod, fitnalar makonidir. Bu yer yana shunday joyki, bunda asosiy fitna taxt vorisining tug‘ilishi bilan hammani o‘ylantiradigan, ya’ni taxtni kim egallaydi degan masala ustidagi bahs-munozaralar, raqiblar o‘rtasidagi janjallar, g‘iybat va yashirin fitnalar, to‘xtovsiz ziyofatlar, mo‘l-ko‘lchilik va isrofgarchiliklar, horijdan keltirilgan it va mushuklar qimmatli yemishlar bilan boqiladigan, ko‘chalarda esa odamlar och-nahor yuradigan, erka va tantiq oyimchalar oltin va kumushga ko‘milib yuradigan, chinni va billur idishlar ko‘zni qamashtiradigan, bokira qizlarning iffati hayvoniy hirs-tuyg‘ular uchun toptaladigan, zavq olish va o‘yin-kulgi uchun baquvvat va kelishgan o‘smirlarni bichilishi amalga oshadigan joydir.

Romanning to‘qqizinchi xususiyati shundan iboratki, – bunda shifoxona palatasi g‘ayri odatiy tarzda, ya’ni turma yoki jazoni o‘tash joyiga yoxud o‘zini butun hayot yo‘lini hamda yo‘l qo‘ygan xatolarini qaytadan mulohaza qilish uchun maxsus yaratilgan tinch joy “yopiq makon” sifatida tasvirlanadi: “... Tag‘in bir o‘zing yolg‘iz qolding, yana deraza, uning ortidagi qushlar, temir karavot, tinchlikni saqlash niyatida yo‘lagiga gilamlar to‘shalgan kasalxona[3].

Saroy va shifoxona – bir-biridan tubdan farq qilsada, ikkalasi ham mohiyatiga ko‘ra yopiq maskan hisoblanadi. Faqat birida hayot qaynaydi, ikkinchisida sokinlik hukmron. Nil daryosi  romanda juda ham ko‘p marta tilga olinadi. Nil – bu tozalik ramzi, gunohlarni poklovchi, o‘z oqimi bilan hamma yomon narsalarni oqizadigan, xotirada baxtli damlarni uyg‘otuvchi, erkinlik va kenglik ramzidir.

Deraza bu yerda erkinlikni cheklovchi va yopiqlik ramzi sifatida namoyon bo‘ladi: “...Derazadan palataga sovuq shabada yopirildi va unga qo‘shilib Nilning isi keldi... O-oh, Nil daryo! Bir lahza bo‘lsa-da, oqishdan to‘xta va ortga qarab oqib ko‘rgin! O‘tinaman, o‘sha Fauziya bilan sohilingda yetaklashib yurgan kezlarimizni qaytargin...   Yo‘q... Misrlik bonu homilador bo‘lgan damlarga qaytargin... Yo‘q! Undan ham burungi! Marmar saroyda toshoyna ro‘parasiga o‘tirib olgan Fauziya qizg‘ish-qo‘ng‘ir sochlarini taragan lahzalarga qaytargin. Naqadar manfur kun!  Misrlik malikang hali yukli bo‘lib ulgurmagan, lekin sening davlating boshiga daxshatli voqealar ko‘lankasi yopirilib qelayotgaan edi... [4] Demak, qahramonlar uchun Nil daryosi – shirin lahzalarni qayta jonlantiruvchi kuch-qudrat timsolidir.

Romanning o‘ninchi xususiyati shundan iboratki, Mazinoniy romanida tasvirlangan makon ikki tomonga ega.  Uni bir tomoni yuqorida ta’kilab o‘tkanimizdek, asar bosh qahramoni Shoh bilan bog‘liq saroy va shifoxonadagi voqealar, ikkinchisi esa o‘sha davr ijtimoiy hayoti va yozuvchining o‘zini hayoti, o‘lim va hayot, qadriyatlar haqidagi fikrlarni yetkazib berish vositalaridir. Ta’kidlash lozimki, romandagi maishiy hayot bilan bog‘liq juda ko‘p marta qayd qilingan joylar, oddiy imorat, bino yoki muassasagina bo‘lib qolmay, balki insonlarning hayot tarzi, fikr-mulohazalarini anglatuvchi muhim vositalar ham bo‘lib hisoblanadi. 

Romanning o‘n birinchi xususiyati shundan iboratki, Mazinoniy romanida tasvirlangan Misr ehromlari nafaqat sayyohlar kelib ko‘radigan tarixiy yodgorliklar sifatida, balkim o‘lim va hayot to‘g‘risidagi yozuvchining falsafiy mushohadalari  timsoli sifatida ham kitobxonlarga taqdim etiladi: “...Odatdagiday tong otdi va yana takror otdi... Ehromlarni ko‘ryapsanmi? Ming yillardan buyon turibdi ular vaqt zalvarini zimmalariga ortib. Hayot sharpasidan mosuvo bo‘lgan bu mahobatli inshoatlar o‘limni qo‘riqlash maqsadida bunyod etilgan – fir’avnlar o‘limni masxaralash maqsadida o‘z jasadlarini mo‘miyolab ularning ichiga joylashtirib qo‘yganlar, ehtimol ular o‘limning ustidan toabad mayna qilish uchun ham shunday qilishgan chiqar? Ayni shu boisdan ham na qushlar, na gullar, na-da daraxtlar ehromlar bilan do‘st tutinadilar...[5]

Shunday qilib, davr romanda o‘z o‘lchovi va chegarasini to‘liq yo‘qotadi. Ana shunday holatda yozuvchi o‘zini qiziqtirgan tarixiy davrning kichik bo‘lagini ham tasvirlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yozuvchi o‘zining ijodidan kelib chiqib, tasvirlash jarayonlarini butun “yer shari bo‘ylab” joylashtirishi yoki aksincha, kichik bir xona doirasida olib borishi mumkin. Badiiy makon va davrni asosiy va muhim o‘ziga xos xususiyati shundaki, asardagi davr va makon o‘zining muayyan maqsadi va estetik mazmunini namoyon etadi.

Muhammad Kozim Mazinoniy “So‘nggi (sh)oh” romanining tarjimasi ko‘plab haroratli-ijobiy taassurot qoldiradi.

Birinchi ijobiy taassurot shundan iboratki,  roman shoirona tilda bayon etiladi. Tarjima uchun Hurshid Do‘stmuhammadga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman: o‘qish juda oson va qiziqarli. Noodatiy usul qo‘llanilgan: asarda qahramonga “sen” deb murojaat qilinganini endi uchratishim.

Romanda 1978-1979-yillarda Eronda bo‘lib o‘tgan Islom inqilobi natijasida taxtdan ag‘darilgan so‘nggi Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hayoti yoritib berilgan. Asardagi barcha voqealar taxtdan ag‘darilgan Shohning hissiy idroki orqali tasvirlanadi.  Asarni qiziqib o‘qiysiz va sizda shunday savol tug‘iladi: mustaqil qarorlar qabul qilishga qodir, bilimdon, islohotlarga yo‘l ochib, otasining mamlakatni modernizatsiyalash siyosatini davom ettirgan shunday inson  ikki yarim ming yil Shohlar boshqargan mamlakatda inqilob bo‘lishiga qanday qilib yo‘l qo‘yib berdi?

Kitobning yarmigacha o‘qisangiz, unda Shoh xokimiyatining 2500-yillik yubiley sanasini katta tantana bilan bayram qilinganini bilib olasiz. Asarning so‘nggida Mazinoniy yuqoridagi savolga o‘z holicha javob beradi.

Romandagi ikkinchi darajali qahramonlar  romanni jonli o‘qilishiga yordam beradi. Ular sodir bo‘layotgan hodisalarga boshqacha nazardan bilan qarashga undaydi. Ularning taqdiri sharmanda bo‘lgan Shohnining taqdiridan ham hayajonliroq.

Ayniqsa Shahribonu haqida yozilgan ikkinchi bob juda taassurotlarga boy. O‘z oilasi, kundalik g‘am-tashvishi bilan o‘ralashib yurgan ayolning sokin ana’naviy hayoti tashqaridan bo‘lgan qo‘pol aralashuvlar orqali buziladi, uning or-nomusi, qadr-qimmati  hech qanday sababsiz kamsitiladi,  toptaladi, oyoq osti qilinadi. Shahribonu, Farax va boshqa inqilob ishtirokchilari kitobxonning sevimli qahramonlari bo‘lib hisoblanadi.

Ikkinchi ijobiy taassurot shundan iboratki,  romanning bosh qahramoni Muhammad Rizo Pahlaviy  oddiy inson sifatida ta’riflanadi. U, o‘z davlatining vazirlari va yuqori turuvchi amaldorlariga nafrat bilan qarovchi, haddan tashqari mag‘rur va o‘ta hudbin o‘rtamiyona siyosatchi sifatida o‘quvchida taassurot qoldiradi. Bunday insonni pul umuman qiziqtirmaydi, ammo ayollar e’tiborini tortishni yaxshi ko‘radi. Shohning hamma narsasi bor edi, biroq u ularni saqlab qololmadi. Bunday asar qahramoni bilan hamdard bo‘lish juda ham murakkab. Umuman olganda, roman juda qiziqarli bo‘lib, oddiy o‘zbek kitobxonlariga eron tarixini noma’lum tomonlarini yoritib beradi.

Uchinchi ijobiy taassurot shundan iboratki, kitobning birinchi betidan kitobxon o‘lim to‘shagida yotgan asarning bosh qahramoni bilan tanishadi, shundan so‘ng, uning quvg‘inga olib kelgan hayotidagi voqea- hodisalar uning xotirasidan birma-bir chig‘iriqdan o‘tkazilib, o‘quvchilarga havola qilinadi.

Asarda, shuningdek, Shoh rejimidan aziyat chekkan yozuvchining otasini hayot yo‘llari  ham kitobxonga noodatiy va jonli tarzda bayon qilib beriladi. Shu sababli o‘quvchi barcha bo‘layotgan voqealarni nafaqat Shoh orqali, balki oddiy insonning hayoti orqali ham bilib oladi va bu ikki kishining o‘tmishi bir-birini to‘ldirib boradi.

To‘rtinchi ijobiy taassurot shundan iboratki, muallif o‘z asarida, mening nazarimda, boshida hamma narsaga ega bo‘lgan  juda qudratli, keyinchalik esa og‘ir va tuzalmas dardga yo‘liqqan va hamma narsasidan ayrilgan, sarson-sargardon bo‘lib, “do‘stlaridan” yordam so‘rab, uni  ololmay quvg‘inlikda o‘lim topgan inson fojiasini ko‘rsatib bergan.  Muallif o‘z asarida siyosatchilarga xos sifatlarga ega bo‘lmay siyosat bilan mashg‘ul bo‘lgan, kuchsiz, irodasiz inson obrazini yaratgan. Shu tufayli yozuvchi mintaqada, umuman dunyoda hokimiyat, pul va ma’muriyat bilan bog‘liq murakkab va munozarali mavzuni yanada chuqurroq o‘rganishga undaydigan juda ko‘zga ko‘ringan shaxs obrazini yaratishga intilgan. Roman fojiali voqealarga boy bo‘lsa-da, o‘qishli bo‘lib, qiyin va murakkab mavzu yaxshi yoritib berilgan, shuning uchun xalqi o‘z shohini haydagan mamlakatni o‘sha davrdagi hayoti haqida tasavvur qilish mumkin bo‘ladi.

Hayron qolish mumkin. Zamonaviy eron  yozuvchisi Muhammad Kozim Mazinoniy haqida internetdan o‘zbek tilida hech qanday ma’lumot topa olmaysiz. Shuning uchun roman matnidagi uning tarjimayi holiga tegishli bo‘lagi bilan tanishasiz xolos. U uncha boy bo‘lmagan oilada tug‘ilgan,  otasi Erondagi huquq-tartibot idoralari tomonidan qamoqqa olingan va qamoqda uning barmoqlarini sindirishgan, shuning uchun u siyosiy boshqaruv tartiboti almashishi tarafdori bo‘lgan. Men, masalan hech qachon Eronga bormaganman. Eron to‘g‘risidagi ma’lumotlarni faqat rasmlardan, hujjatli ko‘rsatuvlar va matnlardan o‘rganganman. Ammo so‘nggi Eron shohining taqdiri va shaxsi haqidagi tasavvurimiz bir-biriga mos keldi.

Mazinoniy biografik roman uchun mumtoz tuzilmani tanladi-hayotning so‘nggi kunlari va uning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘luvchi butun bir hayot. Bu romandagi yangilik esa shoh va uning xotini bilan bo‘lgan muloqotlar hamda o‘zining taqdiri bilan ularning taqdirini qo‘shilib ketishi. Buyuk shaxslar tarixni yaratadi. Ular bilan bir zanjirga bog‘langan oddiy odamlarni esa o‘lim ham ajrata olmaydi.

Mazinoniy faktlarga extiyotkorlik, xatto nozik tarzda yondashgani ko‘rinib turibdi. Ba’zi bir joylari Farax intervyusidan olib romanga joylashtirilgan. Ammo uning mazmuniga qoyil qolmay iloji yo‘q.

Menimcha, Mazinoniy monarx shaxsining mohiyatini to‘liq anglab      yetishi uchun barcha vositalardan foydalangan. Haqiqatan ham uning turishida shohona ulug‘vorlik, sovuq nigoh va donolik yog‘ilib turibdi. Unda shafqatsizlik, hiylagarlik va qo‘pollikdan asar ham yo‘q, balki o‘ziga ishonch, xoirjamlik, bunday odamlarda bo‘lmasligi kerak bo‘lgan muloyimlikni ko‘ramiz.

Ammo ba’zi bir faktlar bunday idrok etishga ziddir. Juda ham murakkab juda ham qiziqarli obraz. Farah obrazi esa ajoyib tarzda yaratilgan. U kuchli, yorqin va dono ayol obrazidir. Qaysidir darajada o‘z eridan ham donoroq. Haqiqatan ham ushbu roman sharqona va shoirona qilib yaratilgan xalq undan yuz o‘girgan hukmdorning armonli tarixini hikoya qiladi. Zamonaviy eronlik yozuvchi Muhammad Kozim Mazinoniyning yana bir romani  “Salarlar so‘nggisi” deb nomlanib, bir oila misolida barcha ildizlari bilan o‘z mamlakati tarixi bilan chambarchas bog‘langan, o‘tmishidan, kelajagidan ajralmagan holda o‘tmishga botgan dunyoning keng ko‘lamli, rang-barang va jonli manzarasini yaratadi. Bu Salarlar oilasi tarixi bo‘lib, ular Qojarlar sulolasi vakili  bo‘lib Eron davlatida bir yarim asr hukmronlik qilib, so‘ng taxtni o‘zini  Shoh deb e’lon qilgan Pahlaviyga  topshirgan. Yuqorida ko‘rganimizdek Islom inqilobi natijasida Pahlaviylar ham taxtdan ag‘dariladi. Endi esa zodagon oilaning so‘nggi farzandi o‘z hayotini va  o‘zi tug‘ilguniga qadar sodir bo‘lgan voqealarni faqat bobosining hikoyalari orqaligina bilishi mumkin bo‘ladi...

Muxtasar aytganda, roman juda katta tarix sabog‘idan so‘zlaydi. Uni o‘qib, uqib, ibratli xulosa chiqargan kitobxon esa tafakkur pillapoyalaridan yana bir pog‘ona yuksakka ko‘tarilishi shubhasiz.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

"Hurriyat" gazetasi 2024-yil 4-dekabr kungi №48 -soni

[1] So‘nggi (Sh)oh: roman/ Muhammad Kozim Mazinoniy. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2024. – B.: 48.

[2] So‘nggi (Sh)oh: roman/ Muhammad Kozim Mazinoniy. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2024. – B.: 148.

[3] So‘nggi (Sh)oh: roman/ Muhammad Kozim Mazinoniy. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2024. – B.: 54.

[4] So‘nggi (Sh)oh: roman/ Muhammad Kozim Mazinoniy. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2024. – B.: 44-45.

[5] So‘nggi (Sh)oh: roman/ Muhammad Kozim Mazinoniy. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2024. – B.: 52-53

Powered by GSpeech