INSONIYATNING BUYUK KASHFIYOTLARIDAN BIRI

13-fevral – Butunjahon radio kuni

 

Mustaqillik arafasida, o‘zbek tiliga qonunan davlat tili maqomi berilgan o‘sha tarixiy davrlarda gazetani – ro‘znoma, jurnalni – oynoma (jarida yoki majalla), diktorni – suxandon, radioni – ovoznigor deb atash rasm bo‘lgandi. Ammo, negadir bu atamalar uzil-kesil urfga aylanmadi, bugungi kunda ularni ba’zan shunday qo‘llaymiz, xolos.

Radio – nima degani o‘zi? Radio lotincha so‘z bo‘lib, “nurlanaman”,  “nur tarqataman” degan lug‘aviy ma’nolarni beradi. Zamonaviy tilda aytganda, radio – axborotlarni elektromagnit to‘lqinlar yordamida  uzoq masofadan simsiz uzatish va qabul qilish usulidir.

Bolalik davrimizda, qishloq joylarda hali televizor ommalashmagan XX asrning 60-yillarida oilamiz ulug‘lari “besh so‘mlik radio” deb ta’riflagan ovozli mo‘jaz quti uyimiz devorida hamisha osig‘liq turardi. Biz – daladan horib qaytgan bolakaylarga har oqshom undan taraladigan sehrli ertak va musiqalarni tinglash yoqardi.

Radiotranzistor – eshittirishlarni qabul qilish imkonini beradigan radioqurilma. O‘smirlik yillari tranzistor qo‘limizdan tushmagan. Tergan paxtamiz o‘n kilo chiqmasa ham, baribir, 2-3 kilolik radiotranzistor dala-dashtlar va shiyponu “barak”larda doim hamrohimiz bo‘lgan.

Radioeshittirish – ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos elektron texnikaga asoslangan  turi. Ovozni maxsus dastgohlar yordamida ko‘paytiradi va keng hududlarga, uzoq masofalarga yetkazib beradi.

Hayotimning talabalik va keyingi bosqichlari ko‘p bor radioeshittirishlar bilan bog‘liq holda kechgan. Kamina radiotinglovchilarga bir gal shoir sifatida yangi she’rlarini taqdim etsa, boshqa gal jurnalist bo‘lib reportaj olib borgan, shuningdek, rasmiy shaxs maqomida intervyular bergan va hokazo.

Xullas, kaminaning hayoti ham ko‘p qatori radio bilan bevosita va bilvosita bog‘liq. Binobarin, Butunjahon radio kuni mening ham bayramimdir.

Xo‘sh, u holda, 7-may qanday kun? Zero, 1895-yil 7-mayda rus fizigi va elektrotexnigi Aleksandr Popov Sankt-Peterburgda radioning dastlabki variantini ommaga namoyish etgan. Shu munosabat bilan Armaniston, Belarus, Rossiya kabi davlatlarda 7-may sanasi – Radio kuni sifatida nishonlanadi.

Qizig‘i shundaki, boshqa bir qator mamlakatlar ham radio “bizda kashf qilingan” deya faxrlanadi. Masalan, AQSHda mazkur kashfiyot Devid Xyuz va Nikola Teslaning ilmiy izlanishlari evaziga dunyoga kelgani aytilsa, Belarusda – Yakov Ottonovich Narkevich-Iodka, Hindistonda esa Jagadisha Chandra Boshe tomonidan radio kashf etilgani da’vo qilinadi.

Nima bo‘lganda ham, muhimi bu emas. Muhimi, kim tomonidan kashf qilinganidan qat’i nazar, radio insoniyat qo‘lga kiritgan tom ma’nodagi yirik ilmiy-texnik yutuqdir.

Shu ma’noda, radioning insoniyat hayotidagi ahamiyatini inobatga olgan holda, 1946-yil 13-fevral – “BMT radiosi” tashkil etilgan kun munosabati bilan 2011-yili YUNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan bu sana Butunjahon radio kuni, deb e’lon qilingan. Ushbu qaror 2012-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlangan.

Dastlab “BMT radiosi” beshta rasmiy til – ingliz, fransuz, rus, xitoy va ispan tillarida eshittirishlar olib borgan. Keyinchalik bu safga arab tilidagi eshittirishlar ham qo‘shilgan. Shu tariqa 1950-yilda “BMT radiosi” taqdim etadigan eshittirishlar tili 33 taga yetgan.

So‘nggi yigirma yilda “BMT radiosi” faoliyati tub o‘zgarishlarga yuz tutdi: tasma g‘altaklari (bobina) va kassetalar o‘rnini raqamli vositalar egalladi. Audioeshittirishlar multimedia imkoniyatlari hisobiga to‘ldirildi. Ya’ni, matn, ovoz, rasm, tasvir va boshqa ifoda usullaridan birdek foydalanish imkoniyati yuzaga keldi. Radio tahririyatlari yangiliklar tashkilotlariga aylanib, ularning radiodasturlari Internet tarmog‘idagi raqamli maydonlarda omma e’tiboriga havola etiladigan bo‘ldi.

Radioning boshqa ommaviy axborot vositalaridan farqi nimada?

Birinchidan, radio – demokratik muloqot uchun g‘oyat muhim maydon, har kimning o‘z fikrini ifoda etishi va bu fikrlarning eshitilishi uchun oddiy va qulay imkoniyatdir.

Ikkinchidan, radio – sayyoramizning juda olis va qadam yetmas hududlarida yashaydigan insonlarga nihoyatda maqbul va arzon aloqa usulidir.

Uchinchidan, radio – hatto avtoulovda ham yo‘l-yo‘lakay ob-havo o‘zgarishlaridan tortib, ko‘chaning qaysi joyi tirband ekanigacha o‘z vaqtida xabardor bo‘lishni ta’minlaydigan beminnat yordamchi.

 To‘rtinchidan, radio – yoshi, jinsi, ta’lim darajasi va kasb-koridan qat’i nazar, har kimning ulkan radiotinglovchilar jamoasi a’zosiga aylanishiga xizmat qiladigan yaqin hamkor.

Beshinchidan, radio – bugungi kunda nafaqat axborot tarqatish, balki ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar, omma fikrini shakllantirish kabi vazifalarni ham bajarib kelmoqda. 

Bundan tashqari, radio favqulodda vaziyatlarda aholini to‘g‘ri va tezkor axborot bilan ta’minlashda ulkan ahamiyatga ega. Chunki muayyan tabiiy ofatlar oqibatida turli infratuzilmalar ishdan chiqqan, elektr ta’minoti, aloqa vositalari, jumladan, internet tarmog‘i uzilib qolgan tang hollarda aynan radioning o‘rni yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bugungi kunda sayyoramizda radio kirib bormagan xonadonning o‘zi yo‘q. Keng qamrovli ommaviy axborot vositasi bo‘lmish radio Yer kurrasi aholisining 95 foizini qamrab olish imkoniyatiga ega.

Xalqaro elektr aloqasi uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir jahon mamlakatlaridagi oilalarning 75 foizida kamida bitta radio bor. Internet tarmog‘i va mobil qurilmalar kundan kun zamonaviylashib borayotgani tufayli ham radioning qamrovi kengaymoqda, undan yanada samarali foydalanish imkoniyatlari ortmoqda. 

Soha mutaxassislarining ma’lumot berishicha, O‘zbekistonda ilk bor radionuqtalarni o‘rnatish va eshittirishlar tayyorlash 1927-yildan boshlangan. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida to‘rtta, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida radiokanallar faoliyat yuritmoqda.

Xususiy radiokanallarni qo‘shib hisoblaganda, mamlakatimizda 40 dan ortiq radiokanal tinglovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. 

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech