MADRID, 13-fevral. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning "El Mundo Financiero" elektron nashrida "Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish: Yangi O'zbekiston tajribasi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda bugungi kunda dunyoda sodir bo'layotgan chuqur siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar davrida Yangi O'zbekistonda tinch va farovon hayotni ta'minlash, inson sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilanganini yozgan.
"O'zbekiston xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT bilan faol hamkorlik qilib, global muammolarni muloqot, hamkorlik, madaniy-sivilizatsiyaviy o'zaro hamkorlik orqali hal qilishga intiladi,– deyilgan nashrda. – Xususan, so'nggi yillarda O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 10 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi".
Ma'lum qilinganidek, O'zbekiston tarixda ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha Kengashiga a'zo bo'ldi. Shuningdek, O'zbekiston yoshlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan rezolyutsiyalarni qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Materialda O'zbekiston ilk marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti Ma'muriy kengashi a'zoligiga saylangani, shuningdek, O'zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo'mitasiga a'zo bo'lganiga alohida e'tibor qaratilgan.
Ta'kidlanishicha, O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo'yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalariga o'z vaqtida milliy ma'ruzalarini taqdim etib kelinmoqda.
Ispaniya OAV, shuningdek, so'nggi yillarda O'zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o'rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini bildirgan. XMTning 22 ta xalqaro konvensiyasi ratifikatsiya qilindi va ular mehnat munosabatlari sohasida keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirishga asos bo'ldi. XMT O'zbekiston tajribasini muvaffaqiyatli model sifatida baholamoqda.
"Respublikada Bolalar ombudsmani institutining tashkil etilishi, aholining kam ta'minlangan va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga bepul yuridik yordam ko'rsatish to'g'risidagi qonunning qabul qilinishi, shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyaning amalga oshirilishi muhim qadam bo'ldi. Shuningdek, qiynoq va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala konstitutsiyaviy darajada taqiqlangan. O'zbekistonda xalqaro standartlar, jumladan Nelson Mandela qoidalari joriy etildi, sud amaliyotida inson huquqlari ustidan nazorat kuchaytirildi. 2025 yildan boshlab tergov sudyasi institutining tashkil etilishi islohotlarning yangi bosqichi bo'ladi", – deb yozilgan maqola yakunida.
- Qo'shildi: 13.02.2025
- Ko'rishlar: 797
- Chop etish