Insonning o‘z sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlash yo‘lida

20-fevral kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida, jumladan, “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi hamda ma’qullandi.

Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabarida ta’kidlanganidek, qurilish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi, qurilish obyektlarining maydonlaridan chang va qum zarrachalarining shamol orqali havoga ko‘tarilishi natijasida atmosfera havosi yomonlashmoqda. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, respublikamizda 500 kvadrat metrlik ochiq qurilish maydonidan yiliga 50 tonnagacha chang va qum havoga ko‘tariladi.

Aslida, qurilish hududlari, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar (changni bostirish uchun osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlardan foydalanish) shaharsozlik qoidalariga kiritilgan. Biroq milliy qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik nazarda tutilmagan.

Shu sababli mavjud vaziyat qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik belgilanishini taqozo etmoqda. Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Endilikda o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, agar shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi. 

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi binolar, inshootlar va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash davrida atmosfera havosiga tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishining oldini oladi. Atrof-muhitning ekologik musaffoligini saqlash, fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlaydi. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech