Inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari – keng jamoatchilik vakillari ayni jarayonlarga jalb qilingandagina kutilgan samarani beradi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada katta ahamiyat kasb etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida qayta tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi ta’sis yig‘ilishida dastavval shu haqda so‘z bordi.
Ta’sis yig‘ilishida Jamoatchilik kengashining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
Jamoatchilik kengashi markazning inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va aholining xabardorligini oshirish sohalarida jamoatchilik nazorati sub’ektlari bilan hamkorlikni kengaytiradi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik ta’minlanadi.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi holati to‘g‘risida markaz tomonidan tayyorlangan yillik hisobotlarni ko‘rib chiqish, inson huquqlari sohasidagi strategiyalar, shuningdek, markaz faoliyatining ta’sirini baholash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar, milliy harakat rejalari va boshqa chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda jamoatchilik kengashi ishtirok etadi.
Inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishi chora-tadbirlarini takomillashtirish bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, markaz faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini kuzatib borish va tahlil qilish, markaz faoliyati shaffofligini monitoring qilib borish, markaz faoliyati bilan bog‘liq davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan foydalanish jarayonlarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda ish olib boriladi.
Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 2020-2024 yillarda bajarilishi holatiga baho berildi.
Shuningdek, markaz tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha Milliy strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashining faoliyatiga oid tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, kengashning nizomi va tarkibi tasdiqlandi.
Jamoatchilik kengashi tarkibi mamlakatimizda inson huquqlari himoyasiga, jumladan, bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa qatlamlari huquqlarini himoya qilishda hissa qo‘shib kelayotgan jamoatchilik vakillari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim va fan sohasi vakillaridan iborat.
Jamoatchilik bilan ishlash sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan Notarial palata raisi Dilshod Ashurov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi jamoatchilik kengashining raisi etib saylandi.
Yig‘ilish yakunida kengash a’zolari inson huquqlarini himoya qilish tadbirlari samarasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida kelishib oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 28.02.2025
- Ko'rishlar: 780
- Chop etish