6-aprel kuni Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan parallel tadbir o‘tkazildi.
Uchrashuv Parlamentlararo Ittifoq tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo Ittifoq va YUNISEF vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalar mavzusi asosan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishda, ayniqsa, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirishda milliy parlamentlarning roli tahliliga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirokchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qilar ekan, ushbu tadbirning alohida ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Chunki mazkur tadbir mintaqaning beshta davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillarini inson huquqlarini himoya qilish kun tartibini rivojlantirishda va BMT mexanizmlari bilan samarali hamkorlik qilishda milliy parlamentlarning rolini muhokama qilish uchun birlashtirdi. A.Saidov Markaziy Osiyo parlamentlarining inson huquqlarini himoya qilish borasida o‘zaro hamkorlikning barqaror mexanizmiga o‘tishi nechog‘lik dolzarb va muhimligini qayd etdi.
"Bunday mexanizm nafaqat tajriba almashish, balki qo‘shma kun tartibini shakllantirish, mintaqaviy tashabbuslarni ishlab chiqish va BMT mexanizmlari bilan barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi" – dedi BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi.
"Global noaniqlik, inqirozlar va yangi xatarlar sharoitida parlament barqarorlik nuqtasi bo‘lishi kerak. U nafaqat qonun ijodkorligi markazi, balki adolat, mantiq va himoya izlayotgan fuqaro uchun tayanch bo‘lishi lozim" - deya ta’kidladi A.Saidov.
Uning nutqida mintaqa parlamentlari va xalqaro institutlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqotning muhimligi, shuningdek, zamonaviy tahdidlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmlarini kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sofi Kiladze ma’ruza qildi. U parlamentlarning BMT inson huquqlari bo‘yicha organlari bilan o‘zaro hamkorligi muhimligini ta’kidladi va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi muvaffaqiyatli milliy amaliyot namunalarini taqdim etdi.
Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi vakillari ishtirokchilarga inson huquqlari sohasida parlament salohiyatini oshirish bo‘yicha mavjud resurslar va imkoniyatlar haqida ma’lumot berdilar.
Tadbirning markaziy qismi interaktiv munozaralardan iborat bo‘ldi. Unda parlamentlar a’zolari milliy qonunchilikka xalqaro standartlarni joriy etish, parlament nazoratini amalga oshirish, BMT mexanizmlarida ishtirok etish va inson huquqlari sohasida barqaror siyosatni shakllantirish masalalari yuzasidan tajriba almashdilar.
Munozaralarda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini samarali tatbiq etish, ijtimoiy sohada parlament nazoratini kuchaytirish, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlash, shuningdek, huquqni himoya qilish yondashuvini qonun ijodkorligi jarayoniga singdirish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va inson huquqlarini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.04.2025
- Ko'rishlar: 352
- Chop etish