Sammit mamlakatimizdagi ochiq va erkin axborot siyosatini ham namoyon qildi

Munosabat

Bugungi kunda O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ham tobora o‘z nufuzini oshirib bormoqda. Mamlakatning xalqaro maydondagi faol harakatlari, nufuzli sammitlar va forumlarga mezbonlik qilishi – bugungi zamonaviy tashqi siyosatimizdagi yangi yo‘nalishlarning yaqqol ifodasidir.

Shu ma’noda, yangi tarixiy bosqich – Islom sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladigan ko‘hna Samarqand shahri ilk bor o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti katta ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Mazkur sammit mamlakatimizning siyosiy barqarorligi, ochiqlik va hamkorlikka intilishi, xalqaro maydonda ishonchli sherik sifatida tan olinayotganining amaldagi isbotidir.

Sammit yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada mintaqa va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, transport yo‘laklari, xavfsizlik masalalari kabi ko‘plab dolzarb yo‘nalishlar qamrab olindi.

Qayd etishimiz kerak, muhim islohotlar, tashabbuslar, umuman mintaqamiz rivoji zamirida davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari, tashqi siyosatdagi oqilona qarorlari benihoya muhim rol o‘ynamoqda. Bu fikrlarni xalqaro ekspertlar, olimlari bildirmoqda. E’tirof etmoqda.

Nufuzli xalqaro anjuman xorijiy mutaxassislar, jumladan, siyosatshunoslar, olimlar tomonidan yuqori baholandi.

O‘z navbatida, tarixiy voqelik jahon matbuoti diqqat markazida bo‘ldi. Dunyodagi yetakchi axborot xizmatlari jarayonni kuzatib bordi va tezkor yangiliklar ulashdi. Bu esa, eng avvalo, O‘zbekistonda so‘z erkinligi, axborotga bo‘lgan ochiq siyosat muhiti hukmron ekanini ko‘rsatdi.

Birinchi bor tashkil etilgan ushbu tarixiy sammit jarayonlarini kuzatish va keng yoritish maqsadida dunyoning 20 dan ziyod mamlakatlari – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Serbiya, Qirg‘iziston va Irlandiya kabi o‘lkalardan 200 ga yaqin jurnalist Samarqandga keldi.

Ahamiyatli jihati shundaki, Boqiy shahardagi “Samarkand Silk Road” turistik majmuasida jam bo‘lgan jurnalistlar “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti atroflicha yoritdi. Har soatda jonli efirda chiqish qilgan, mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan suhbatlar, intervyular uyushtirganlar ko‘p bo‘ldi.

O‘z axborotlarida voqeaga turli nuqtai nazardan yondashgan media sohasi mutaxassislari dolzarb masalalarga e’tiborlarini qaratgan. Jumladan, “Associated Press” nashrida chop etilgan maqolada sammitda savdo, transport, energiya va raqamli aloqalarni kuchaytirish maqsadida yangi strategik sheriklik e’lon qilingani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen 12 milliard yevro miqdoridagi investitsiya paketi haqida ma’lum qilgani ham ayni nashr orqali keng ommalashdi.

“The Guardian” axborot portali esa “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitida inson huquqlarini markaziy o‘ringa qo‘yiladi” nomli maqola chop etib, terrorizmga qarshi kurash, iqlim va energiya aloqalari muhokama qilinganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur forum oldidan dunyoga mashhur axborot nashri – “Euronews”ga bergan intervyusida Markaziy Osiyoning salohiyati, jahonning yetakchi davlatlari mintaqamizga intilayotganiga alohida to‘xtalgan edi.

Darhaqiqat, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham ikki mintaqani bir-biriga yaqindan bog‘lash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Axborot-kommunikatsiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘zining ijobiy natijasini bermoqda, o‘zaro hamkorlik shakllanmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, “Euronews” telekanali “Samarqanddagi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti tarixiy mintaqaviy birlikni namoyon etdi” sarlavhasi ostida tahliliy material ham tayyorladi. O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov bilan suhbat ham o‘tkazdi. O‘zbekiston muxbiri ham ushbu telekanalga intervyu berdi.

Shuningdek, Samarqandda Germaniyaning ZGF, Buyuk Britaniyaning “The Diplomat”, Belgiyaning “Diplomatic World”, Ozarbayjonning “Report AZ” axborot agentliklari muxbirlari ham faol ishlaganini e’tirof etmisho‘ lozim.

Masalan, birgina “France 24” nashri e’lon qilgan maqolada sammit maqsadlari va Yevropa Ittifoqining mintaqaga bo‘lgan qiziqishi to‘la ochib berildi.

“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti doirasida tashkil etilgan matbuot markazi xalqaro andozalar darajasida ishladi. Ushbu markaz nafaqat axborot tarqatish maydoni, balki jahonning yetakchi OAV vakillari uchun qulay, zamonaviy, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan muloqot maskaniga aylandi.

O‘z navbatida, tezkor internet aloqasi, multimedia uskunalari, tarjimonlik xizmati, press-relizlar va vizual materiallar bilan ta’minlangan axborot stendlari – bularning barchasi tadbirning xalqaro axborot maydonida to‘g‘ri va tezkor yoritilishiga xizmat qildi.

E’tiborga molik jihatlardan yana biri – jurnalistlar uchun qulay transport, mehmonxona xizmati, logistika va yuqori darajadagi tashkilotchilik bo‘ldi. Ular nafaqat tadbir jarayonida, balki Samarqandning madaniy va tarixiy merosini ham ko‘zdan kechirish imkoniyatiga ega edi. Bu esa O‘zbekistonning “mehmondo‘st axborot siyosati”ni yanada namoyon qildi.

Bunday yuksak darajada tashkil etilgan matbuot markazi nafaqat sammitning axborot jihatdan yoritilishiga xizmat qildi, balki O‘zbekistonning xalqaro jurnalistika bilan muloqotga ochiqligini, shaffoflikka intiluvchi davlat ekanini ham tasdiqladi. Shuningdek, bu tajriba kelgusidagi xalqaro tadbirlar uchun namuna bo‘la oladi.

Nigora XO‘JAEVA,

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘limi boshlig‘i,

O‘zA

Powered by GSpeech