8-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy-odil sudlov fakulteti 2-kurs talabalari uchun shu mavzuda mahorat darsi o‘tkazildi. Mazkur tadbir Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi.
Talabalarga inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy normalarning amaliyotda qo‘llanilishi, xalqaro shartnomalarning ahamiyati va ularni ijro etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va bu boradagi xalqaro hamkorlik jarayonlari haqida ham xabardor qilindi.
Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi N.Sultonov yoshlarga inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning ahamiyati haqida so‘zlab berdi. Muloqot asnosida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan konvensiyalar, deklaratsiyalar va boshqa huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish jarayonida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarda belgilangan talablarni milliy qonunchilikka moslashtirish masalalarining nechog‘lik muhimligi to‘g‘risida atroflicha fikr yuritildi.
Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi A.Ahmedov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi jarayonlari haqida to‘xtaldi. Bunda fuqarolar huquqlari va manfaatlari buzilishining oldini olishda muntazam huquqiy ko‘mak, maslahat va amaliy yordam ko‘rsatilayotganiga e’tibor qaratildi.
Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi X.Xolmamatov talabalarga inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni tahlil qilish, yillik tahliliy hisobotlar va axborotnomalar ishlab chiqish, davlat organlari va jamoatchilik uchun amaliy tavsiyalar tayyorlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda maxsus ma’ruzalar va taqdimotlar tayyorlash haqida so‘zlab berdi.
Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi yetakchi mutaxassisi X.Abdurasulov mamlakatimizda inson huquqlari ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan izchil va keng ko‘lamdagi islohotlar hamda xalqaro hamkorlik masalalari va milliy amaliyot, shuningdek, Milliy markazning inson huquqlariga oid ta’lim sohasidagi faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar berdi.
Milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i X.Mo‘minov Inson huquqlari uyi negizida qisqa davrda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantirilgani hamda rivojlantirilayotganini ma’lum qildi.
Bunday mahorat darslari yosh avlod huquqiy savodxonligini yuksaltirish, ularda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur tushunchalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada keng anglash imkoniyatini oshiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.04.2025
- Ko'rishlar: 344
- Chop etish