Yangi O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslari

Har qanday jamiyat va mamlakat ravnaqi uning ishtirokchilari, ya’ni fuqarolar sa’y-harakati bilan amalga oshadi. Bu jarayonda esa jamoatchilik nazorati alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q.

Shu ma’noda, bundan 7-yil ilgari mamlakatimizda «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani muhim voqeadir. Ushbu qonun 2018-yil 12-aprelda qabul qilingan bo‘lib, 2021-yil 21-apreldagi qonun bilan unga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar tajribasida uchramaydigan bunday yaxlit qonunning qabul qilinishi keng jamoatchilik tomonidan ijobiy kutib olindi. Aksariyat ekspertlarning fikricha, ayni qonun tegishli yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Qonun bilan jamoatchilik nazoratining subyektlari, uni amalga oshirish shakllari va huquqiy mexanizmlari aniq belgilab berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari – jamoatchilik nazorati subyektlari hisoblanadi.

Jamoatchilik nazorati, qonunning 3-moddasida belgilanganidek, jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

Qonunning 4-moddasida jamoatchilik nazoratining obyektlari sanab o‘tilgan. Unga ko‘ra, davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining:

  • qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga;

  • fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablarining ijro etilishini ta’minlashga;

  • o‘z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga;

  • davlat xizmatlarini ko‘rsatishga;

  • ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarishga doir faoliyati jamoatchilik nazoratining obyektidir.

Qonunning 5-moddasida jamoatchilik nazoratining 7 ta asosiy prinsipi mustahkamlab qo‘yilgan. Bular:

qonuniylik;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etishning ixtiyoriyligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ommaviyligi va ochiqligi;

jamoatchilik nazorati subyektlarining xolisligi va beg‘arazligi;

jamoatchilik nazorati natijalarining ishonchliligi;

jamoatchilik nazorati subyektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligi.

O‘z navbatida, qonunning 6-moddasida qayd etilganidek, jamoatchilik nazoratining shakllari quyidagilardan iborat:

davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar;

davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish;

jamoatchilik muhokamasi;

jamoatchilik eshituvi;

jamoatchilik monitoringi;

jamoatchilik ekspertizasi;

jamoatchilik fikrini o‘rganish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish.

Jamoatchilik nazoratining ushbu shakllari ayni vaqtda barcha davlat tashkilotlari faoliyatida tobora keng qo‘llanilmoqda. Misol uchun, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi  Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining oxirgi yig‘ilishlarida:

birinchidan, Milliy markazning 2024-yildagi faoliyati bo‘yicha hisobot eshitildi;

ikkinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 2020-2024-yillarda bajarilishi holatiga baho berildi;

uchinchidan, Milliy markaz tomonidan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha Milliy strategiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Bu haqda so‘z borganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bevosita 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan umumxalq referendumida qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Chunki, Konstitutsiyaviy komissiya raisi akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani – Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi ekanidan dalolat beradi.

Binobarin, Asosiy qonunimizning 9-moddasiga muvofiq, «Jamiyat  va  davlat  hayotining  eng  muhim  masalalari  xalq  muhokamasiga  taqdim etiladi, umumxalq ovoziga — referendumga qo‘yiladi».

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamoatchilik nazoratini kafolatlaydigan normalar alohida o‘rin tutadi. Xususan, 2-moddadagi quyidagi normalarning o‘ziyoq yurtimizda jamoatchilik – jamiyat va fuqarolarning maqomi naqadar yuksakligini yaqqol tasdiqlab turibdi: «Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat  qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar».

Yanada muhimi, «jamoatchilik nazorati» tushunchasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada konstitutsiyaviy institut maqomiga ko‘tarildi. Ya’ni, Bosh qomusimizning 36-moddasiga binoan:

«O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi  boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini  demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi. 

Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi».

Shuningdek, Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlarigajamoatchilik nazoratining asosiy subyektlariga bag‘ishlangan alohida «Fuqarolik jamiyati institutlari» nomli XIII bob kiritildi. Asosiy qonunimizning 69-moddasiga ko‘ra: «Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi».

Konstitutsiyaning eski matnida «jamoat birlashmalari» tushunchasiga berilgan ta’rif yanada aniqlashtirildi. Bosh qomusimizning 70-moddasi jamoat birlashmalari faoliyatini kafolatlovchi norma bilan to‘ldirildi. Endilikda ushbu konstitutsiyaviy moddaga binoan: «O‘zbekiston  Respublikasida  kasaba  uyushmalari,  siyosiy  partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va  nogironligi  bo‘lgan  shaxslar  tashkilotlari,  ijodiy  uyushmalar, ommaviy  harakatlar  hamda  fuqarolarning  boshqa  birlashmalari  jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi».

Shuni ham qayd etish joizki, Konstitutsiyaning 115-moddasi o‘ninchi bandida hukumatning asosiy vakolatlaridan biri sifatida: «ijro hokimiyati organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish» vazifasi belgilangan. Bu, o‘z navbatida, ayni jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilishini ham nazarda tutadi.

Mazkur yangi konstitutsiyaviy normalar fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimiz hayotidagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishini tasdiqlaydi. Bu bejiz emas. Chunki mahallalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mamlakatimiz hayotining barcha sohalaridagi qamrovdor islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishda beqiyos o‘rin tutadi.

Shuning uchun ham, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatadigan huquqiy makonni kengaytirish maqsadida, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablaridan kelib chiqib, 2018-yil 12-aprelda «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Ayni yo‘nalishda, shuningdek, bir qator qonunlar yangi davr talablari asosida takomillashtirildi, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi hamda ijroga qaratildi.

O‘z navbatida, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ushbu sohaning joriy va istiqboldagi ustuvor maqsadlari hamda asosiy vazifalari belgilab berildi. Bunda, avvalambor, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 1-maqsadi «Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish», deb nomlanganiga e’tibor qaratish zarur.

Ayni vaqtda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla instituti tizimi tubdan yangilanib va davr ruhiga mos ravishda takomillashtirib borilayotgani bunda alohida ahamiyat kasb etadi.

Taraqqiyot strategiyasining 4-maqsadi «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish» tamoyili asosida transformatsiya qilish» deb nomlangan. Unda, xususan, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish; vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini «Davlat – xalq xizmatchisi» tamoyili asosida fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish vazifalari belgilangan.

Eng asosiysi, Taraqqiyot strategiyasining «Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish» deb nomlangan 12-maqsadida bu boradagi bir qator muhim vazifalar nazarda tutilgan. Jumladan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish uchun, xususan, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda hududiy, tarmoq va davlat dasturlari loyihalarini ochiq e’lon qilib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani ahamiyatlidir.

Mazkur yo‘nalishda «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ham muhim maqsad va vazifalar belgilangan. Bunga Prezidentimizning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi yaqqol misoldir.

Ayniqsa, «O‘zbekiston–2030» strategiyasidagi:

  • 74-maqsad – aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik»ka aylantirish;

  • 75-maqsad – mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam «ovozi»ga aylantirish;

  • 76-maqsad – mahalliy davlat hokimiyati ijro organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni «aholi manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish;

  • 77-maqsad – davlat xizmatlarini raqamlashtirishning ko‘lamini kengaytirish orqali aholi uchun «Servis davlat» tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish;

  • 78-maqsad – davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «Xalq xizmatidagi davlat» tamoyili asosida tashkil etish;

  • 79-maqsad – Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini oshirish kabi maqsadlar ijobatiga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Muxtasar aytganda, hozirgi vaqtda yurtimizda jamoatchilik nazoratining qonuniy  asoslari  yanada mustahkamlanmoqda. Shu asosda jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllari, ularni amalga oshirish mexanizmlari izchil joriy etilayotgani juda muhim. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, «jamoatchilik nazorati bu — faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir».

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech