Ajrashgan ayolga sobiq turmush o‘rtog‘i uy-joy olib berishi majburiy bo‘ldimi?

Bir oilaning buzilishi, albatta, turli huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Qonuniy ajrim, agar o‘rtada farzand bo‘lsa, uning ta’minoti uchun aliment undirish va albatta, uy-joy muammosi ham o‘rtaga chiqadi.

Chunki, ko‘p hollarda qizlar turmushga chiqqanidan keyin ota-onasining uyidagi o‘rnini ma’lum ma’noda yo‘qotadi. Agar turmush o‘rtog‘i bilan yashash imkonsiz bo‘lib qolsa, u endi arosatdagi odamga o‘xshab qoladi.   

Ko‘p hollarda ajrimdan keyin ayollar baribir ota-onasining uyiga borib yashaydi, hatto farzandlari bo‘lsa ham.   

Shu kunlarda aholi orasida ajrashgan ayollarga sobiq turmush o‘rtoqlari tomonidan uy-joy olib berilishi majburiy bo‘lgani haqidagi gaplar tarqalgan. Bu qanchalik to‘g‘ri? Axir uy-joy olib berishga qurbi yetmaydiganlar ham bor, shunday emasmi?   

Bunday fikrlar 2025 yil 9 aprelda kuchga kirgan “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni noto‘g‘ri talqin qilishdan kelib chiqqan.   

Xo‘sh, qonunda bu haqda nima deyilgan?   

Mazkur qonunning 2-moddasi bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkin.   

Demak, ko‘rinib turibdiki, er ajrashib ketgan ayoliga uy-joy olib berishi majburiy, degan tushuncha yo‘q.

Yangi norma nikohdan ajralib, turar joysiz qolayotgan shaxslar va farzandlarining uy-joy bilan bog‘liq masalasini hal etishga qaratilgan. 

Sir emaski, ajrimdan keyin boshqa yashash joyi bo‘lmagan shaxslar, ko‘p hollarda ayollar farzandlari bilan sobiq turmush o‘rtog‘ining uyiga sud qarori asosida majburiy ravishda kiritib qo‘yilishi amaliyoti mavjud.  

Shu o‘rinda nega oila ajrashishdek jar yoqasiga kelgan, o‘zi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bunga beriladigan javoblarning aksariyatida o‘rtadagi sovuqqonlik, erning tazyiq va zo‘ravonlik qilishi yoki oiladagi boshqa shaxslarning aralashuvi kabi jihatlarni keltirish mumkin.   

Ayol (yoki erkak) uyga majburiy kiritilsa, bu holatlar davom etmaydimi? Albatta, davom etadi. Hatto, oldingidan battarroq vaziyatlar yuzaga kelgan holatlar kam emas.   

Senatda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda sudlarning tegishli qarori bilan uy-joyga kiritilgan shaxslarga nisbatan 6 jinoyat va turli ko‘rinishdagi 58 ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan. Uy-joyga majburiy ravishda kiritilgan shaxslarga nisbatan sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 161 himoya orderi rasmiylashtirilgan. Shuningdek, himoya orderlarida belgilangan cheklovlarni buzganligi uchun 30 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.   

Shu sababli ham endilikda ajrashgan, uy-joyga muhtoj bo‘lgan ayollarning bu ehtiyoji sud qarori asosida ta’minlanadi. Ya’ni, erkak sobiq ayoli va bolalari uchun imkoni bo‘lsa, uy-joy olib beradi, imkoni bo‘lmasa, ularning ijarada yashashiga sharoit yaratadi. Ya’ni, ijara haqini to‘lab boradi.   

Qonun oiladagi nizolarni hamda turar joy bilan bog‘liq masalalarni qonuniy asosda hal qilishga, shuningdek, ayollar, bolalar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.   

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech