YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYA VA MATBUOT ERKINLIGI KAFOLATLARI

3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni

 

Mamlakatimizda olib borilayotgan axborot siyosatida ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, so‘nggi 8-yilda O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari soni 1 ming 514 tadan – 2 ming 349 taga oshdi.

 Internetda kontent tarqatuvchi foydalanuvchilar, blogerlar soni ham geometrik progressiya shaklida ortib bormoqda. Shuningdek, 2017-2025-yillarda Internet foydalanuvchilari soni 14,7 mln.dan – 32,7 mln.ga ko‘paydi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) ushbu raqam va dalillarni 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni arafasida ommaga taqdim etdi[1]. Keyingi davrda O‘zbekistonda Jahon matbuoti erkinligi kuni bayrami bu sohada amalga oshirilgan ishlarning o‘ziga xos sarhisob pallasiga aylangani juda muhim.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yilda 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni deb e’lon qilingani bejiz emas. Chunki 1991-yil 3 may kuni Namibiyada Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi Vindxuk deklaratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, mazkur Deklaratsiyada bayon etilgan matbuot erkinligini ta’minlashga doir talablar shu xalqaro sananing ta’sis etilishiga turtki bo‘lgan.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – axborot erkinligi tamoyillarini ilgari surish, dunyoning barcha mintaqalarida axborot olish va tarqatish erkinligi holatiga baho berish, jurnalistlar erkinligi va mustaqilligiga tajovuzlarning oldini olish, kasbiy burchini bajarayotganda halok bo‘lgan jurnalistlarni yod etish, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Matbuot erkinligi – demokratiya va adolatning tamal toshidir. Ammo, hozirgi kunda butun dunyoda matbuot erkinligi turli tajovuzlarga duchor bo‘lmoqda. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya) va nafrat tili ta’sirida dalillar va uydirmalar, ilm-fan va fitna (konspirologiya) nazariyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda.

Shuningdek, jurnalistlar po‘pisa, ta’qib va zo‘ravonliklarga uchramoqda. Darvoqe, 2024-yilda 3-may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan BMT yana bir bor butun dunyoda jurnalistlarni va matbuot erkinligini himoya qilishga chaqirar ekan, BMT bosh kotibi ekologik jurnalistika tobora xavfli kasbga aylanib borayotganiga alohida e’tiborni qaratdi.

Dunyo hozirgi va kelajak avlodlar uchun haqiqiy xavf tug‘diruvchi misli ko‘rilmagan ekologik inqirozni boshdan kechirmoqda va jurnalistlar aholini iqlim o‘zgarishi va atrof muhit ifloslanishi bo‘yicha xabardor qilib borishda muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek,  2024-yilgi Jahon matbuot erkinligi kuni aynan global ekologik inqiroz sharoitida jurnalistika va fikr erkinligining o‘rni hamda ahamiyatiga bag‘ishlangani bejiz emas[2].

Jurnalistlar hayotning muhim sohalari, xususan, ta’minot zanjirida yuz bergan uzilishlar, iqlim migratsiyasi, yer osti boyliklarini noqonuniy yo‘l bilan qazish, brakonerlik, hayvonlar savdosi va o‘rmonlarni kesib yuborish kabi dolzarb muammolar haqida xabar berib boradi. Biroq bu kabi tashvishli holatlarni yoritish jarayonida ular ko‘plab to‘siqlarga duch kelmoqda.

BMT rahbari ta’biri bilan aytganda, jurnalistning mehnati tufayli odamlar sayyoramizning og‘ir ahvolini anglab yetmoqda, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun qat’iy bel bog‘lamoqda va o‘z kuch-shijoatini shu ezgu maqsad yo‘lida safarbar etmoqda. Atrof-muhit yomonlashganligi bilan bog‘liq holatlarni hujjatlashtirishdek muhim holatni ommaviy axborot vositalari xodimlarining chiqishlari misolida ham ko‘rish mumkin. Chunki ular ekologik vandalizm haqidagi dalillarni ommaga ochiq va hujjatli asosda, ya’ni aybdorlarni javobgarlikka tortishga yordam beradigan tarzda taqdim etadilar.

Ba’zi qudratli shaxslar, kompaniya va muassasalar esa ekologiya sohasini yoritadigan jurnalistlar o‘z ishini to‘laqonli bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun hech narsadan qaytmaydi. Oqibatda ommaviy axborot vositalari, matbuot erkinligi tahdid ostida qolmoqda. Ayniqsa, atrof-muhit muammolarini yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar faoliyati tobora xavfli kasbga aylanib bormoqda.

So‘nggi 15-yil ichida atrof-muhit muammolarini yorituvchi jurnalistlar va axborot vositalariga 750 ga yaqin hujum sodir etilgan. Ekologik muammolarni yoritgan o‘nlab jurnalistlar o‘ldirilgan, ammo aksariyat hollarda buning uchun hech kim javobgarlikka tortilmagan.

Afsuski, bunday beboshvoq xurujlar soni ortib bormoqda. Bunda huquqiy tartib-taomillar ko‘pincha teskari maqsadlarda, ya’ni senzurani kuchaytirish, muammolarni xaspo‘shlash, ommaviy axborot vositalari xodimlarini hibsga olish va ta’qib qilish uchun qo‘llanilayotgani yanada achinarlidir.

Shu nuqtayi nazardan, YUNESKO tomonidan dunyoning o‘nlab mamlakatlarida jurnalistlarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazilayotgani juda muhim. Bu borada bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. YUNESKO Bosh direktori Odre Azule ham matbuot erkinligi va OAV xavfsizligi masalalari bilan faqatgina mediatashkilotlar va shu sohaga ixtisoslashgan NNT emas, balki butun jamiyat shug‘ullanishi lozim, deb hisoblaydi.

Ayni kunlarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini tasdiqlashga doir farmon loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 30-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Milliy strategiya loyihasiga ko‘ra, mas’ul vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari joriy yilning dekabriga qadar Axborot kodeksi loyihasini belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi. Bu hujjatda:

  • insonning axborot tarqatish va axborot olishga doir huquq hamda erkinliklariga tegishli tushuncha va normalarni tizimlashtirish;

  • raqamli axborot makonida inson huquq va erkinliklari buzilishida huquqiy himoyani kuchaytirish nazarda tutilishi lozim.

Shuni ham qayd etish joizki, mazkur Kodeksning qabul qilinishi bilan insonning axborot olish, undan foydalanishga oid huquqlarini, ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlashga oid qonunchilik tizimlashtiriladi va takomillashadi. Bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda Jahon matbuot erkinligi kunini belgilashga asos bo‘lgan Vindxuk deklaratsiyasi qoidalariga ham tayanilayotgani tabiiydir.

Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida qayd etilishicha, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta’sis etish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi”.

Bizning bu boradagi yondashuvimiz ham aynan shunday. Ya’ni, so‘z va matbuot erkinligi – O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi[3].

Vindxuk deklaratsiyasining 2-bandiga ko‘ra: “Mustaqil matbuot, deganda biz davlatdan, siyosiy va iqtisodiy nazoratdan, gazetalar, jurnallar va davriy nashrlar ishlab chiqarish va tarqatish uchun zarur materiallar hamda infratuzilmalar ustidan nazorat o‘rnatilishidan mustaqil bo‘lgan matbuotni tushunamiz”.

Vindxuk deklaratsiyasining 4-bandida “mustaqil hamda plyuralistik matbuot paydo bo‘lishi uchun tegishli muhit” yaratish bilan bog‘liq o‘zgarishlar e’tirof etilgan. Deklaratsiyaning 5-bandida qayd etilishicha, “Demokratiyaga va axborot hamda fikrni ifodalash erkinligiga dunyo miqyosida intilish insoniyat orzu-niyatlarining ijobati yo‘lida muhim ulush hisoblanadi”.

Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Vindxuk deklaratsiyasida tilga olingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topganini ta’kidlash lozim. Keyingi davrda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirildi.

Xususan, xalqimiz 2023-yil 30-aprel kuni referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda: birinchidan,  axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlandi.

Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq:

“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni  cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek  davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor  etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.

E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.

Binobarin, Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.

Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Shunday ekan, axborotni, jumladan Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, 33-moddaning oxirgi bandidagi normalar barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadi.

Haqiqatan ham, biz yashayotgan I asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtayi nazardan, bugungi “raqamlashtirish” zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan:

“Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.

Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.

Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos, bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa, boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilangani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.

Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:

 “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq  ish olib boradilar.

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining  erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish  va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan  axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

Ayni shu konstitutsiyaviy normalardan qo‘llangan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud.

O‘z navbatida, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 82-moddasida ushbu normalar mustahkamlangan:

“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy  axborot  vositalarining  faoliyatiga  to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib,  ommaviy  axborot  vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin.

Matbuotda bu borada o‘z munosabatlarini bildirgan bir qator hamkasblarimiz ta’biri bilan aytganda, bu normalar ommaviy  axborot  vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.

Joriy yilda Jahon matbuot erkinligi kuni matbuot erkinligi, axborotni moneliklarsiz tarqatish huquqi, ommaviy axborot vositalari mustaqilligi va axborotdan foydalanishni ta’minlash hamda bu boradagi asosiy erkinliklarni himoya qilishga sun’iy intellektning ta’siri masalalariga bag‘ishlangan. Ma’lumki bu boradagi ustuvor vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida (16-maqsad, 10-band) belgilab berilgan[4].

Darvoqe, Jahon matbuot erkinligi kuni arafasida dunyoda so‘z erkinligining ahvoli har qachongidan ham yomonroq darajaga tushgani haqida xabar tarqaldi. Xususan, «Dunyo bo‘ylab so‘z erkinligi eng past darajaga yetdi», deyiladi «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) tomonidan 2-may, juma kuni chop etilgan matbuot erkinligi yillik reytingida[5].

Reytingga ko‘ra, kuzatilayotgan 180 ta mamlakat va hududdan 90 tasida ommaviy axborot vositalari xodimlarining ahvoli «qiyin» yo «juda jiddiy», 160 ta mamlakatda OAV umuman barqaror ishlay olmaydi yoki buni faqat qiyinchilik bilan amalga oshirishi mumkin. Reyting tuzuvchilari ta’kidlashicha, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tahririyatlar tobora mustaqillik va iqtisodiy omon qolish istagi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

 

 

[1] A.Xodjayev: Asosiy maqsad – bahoni yaxshilash emas, balki inson manfaatlari ustunligini ta’minlashdir/29.04.2025//Telegram (https://t.me/aoka_uz).

[2] Глава ООН во Всемирный день свободы печати: экологическая журналистика становится все более опасной профессией/https://news.un.org/ru/story/2024/05/1451886

[3] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi / 29.12.2020 // https://president.uz/uz/lists/view/4057

[4] Qarang: https://www.un.org/ru/observances/press-freedom-day

[5] Qarang:  https://kun.uz/kr/news/2025/05/02/rsf-yangi-reytingi-oav-erkinligi-tarixiy-past-darajaga-yetdi

 

Powered by GSpeech