Ijtimoiy tarmoq va telekanallarda ekologik roliklar yetarli emas (+video)

Muvozanat

Dunyoda Yaratganga eng yaqin narsa tabiatdir, deyishadi. Tabiatga qanday munosabatda bo‘lsang, u ham senga shunday javob qaytaradi. Darhaqiqat, bugun insoniyatning tabiatga, atrof-muhitga yetkazgan va yetkazayotgan zararlari o‘z so‘zini aytib, turli ekologik muammolar ona zaminni, insoniyatni qurshab olmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish va ularga qarshi kurashishning eng birinchi galdagi sharti esa ekologik madaniyatni yuksaltirishdir. 

Bu borada mamlakatimizda qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida ham qator maqsad-vazfalar belgilangan. Jumladan, respublika miqyosida ekologik madaniyatni oshirish maqsadida ommaviy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, «Ekologik madaniyatni mustahkamlash» konsepsiyasini tasdiqlash va aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari nazarda tutilgan.

Inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat masalalariga bag‘ishlangan “Muvozanat” loyihamizning bu galgi sonida fuqarolarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekovolontyor yoshlarimiz va ularning bu kabi tashabuslarining ahamiyati haqida gaplashamiz. Shu maqsadda ekofaol jurnalist, “Ekolog” jamoat birlashmasi rahbari Nargis Qosimovani taklif qildik.

– Nargis opa, bugun turli ekologik inqirozlarni ko‘z o‘ngimizda, yon-atrofimizda ko‘rib, guvohi bo‘lib tursakda, ammo baribir tabiatga, hayvonot olamiga zarar yetkazishdan, atrofimizni chiqindixonaga aylantirishdan o‘zimizni tiya olmayapmiz. Ekofaol sifatida insonlarning tabiat oldidagi mas’uliyati, shuning barobarida unga yetkazayotgan ozori haqida qanday fikrdasiz?

– Haqiqatan ham afsuski, bugun inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat asta-sekinlik bilan buzilmoqda. Bunga uzoq yillar davomida insoniyatning tabiatga antropogen ta’siri sabab bo‘lib, salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Avvallari ekomuammolar global, mintaqaviy va milliy ekologik muammolarga ajratilar edi. Ammo bugungi kunda bularning barchasi qo‘shilib ketdi. Ekologiya chegara bilmaydi. Masalan, atmosfera buzilishini olsak, bir hududning o‘zida chegaralanib qolmaydi. Yoxud Amudaryo, Sirdaryo transchegaraviy daryo bo‘lgani bois daryolar suvining ifloslanishi masalasini bir davlat doirasida chegaralashning imkoni yo‘q. Shuning uchun ekologik madaniyatni tilga olganda ham insoniyatning, ham o‘z aholimizning ekologik madaniyatini oshirish haqida o‘ylash kerak.

Odatda ekologik madaniyat yetishmasligi haqida gapiriladi, ammo nima uchun yetishmasligi haqida gapirilmaydi. Bu ekologik ong bilan bog‘liqdir. “Ekologiya” so‘zini oladigan bo‘lsak, “eko” – uy, “logiya” – o‘rganaman, ya’ni o‘zimning uyimni o‘rganaman degani. Shu ma’noda ekologiya tabiatga antropogen ta’sirlar va ularning oqibatlarini o‘rganishga qaratilgan. 

Insoniyatning tabiatga nisbatan mas’uliyati haqida gapirganda, tabiiy resurslarni tejash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Masalan, birgina elektr energiyasini tejash faqatgina cho‘ntakka foyda emas, balki uning tabiatga ta’siri kamayishiga erishiladi, issiqxona gazlarining oldi olinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasining 80 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Issiqlik elektr stansiyalarida esa asosan mazut va ko‘mir yoqiladi. Bunday stansiyalarning filtrlari ba’zan ochib tashlanishi oqibatida atmosferaga katta miqdorda karbonad angidrid chiqadi. 

Bundan tashqari, ayrim tadbirkorlarning ekologik madaniyati, ijtimoiy mas’uliyati yetarli emas. Ular uchun birinchi o‘rinda moddiy manfaat turadi. Shu bois, ayrim tadbirkorlar ishlab chiqarish korxonasidagi oqava suvlarni daryolarga oqizimoqda yoki issiqxonalarda mumkin bo‘lmagan narsalar yoqib, atmosfera ifloslanishiga sababchi bo‘lyapti.

– Bugungi kunda tabiatga beparvo qatlam bilan birga ekologik madaniyati yuksak bo‘lgan yoshlar, ekovolontyorlar safi kengayib bormoqda. Ya’ni, ko‘ngilli sifatida atrof-muhitni, tabiatni asrashga hissa qo‘shayotganlar ko‘paymoqda. Ana shunday yoshlarimizning, ekovolontyorlarning safi ortayotgani qanday ahamiyat kasb etadi? 

– Bugungi kunda ko‘ngilli sifatida tabiatni, hayvonlarni asrashga bel bog‘lagan yurtdoshlarimiz ko‘payayotganidan xursand bo‘laman. “Ekolog” jamoat birlashmasi qoshida bir qancha ekovolontyorlarimiz bor. Zoovolontyor a’zolarimiz it, mushuk kabi hayvonlarni shafqatsizlikdan asrash, ularni boqishga chin dildan harakat qilishadi, umrini, topgan daromadini shu ishga sarflaydigan ko‘ngillilarimiz bor. Ularga bu ish uchun qayerdandir mablag‘ ajratilmaydi. O‘zlari kichik plyutlar tashkil etib, o‘nlab, yuzlab mushuk va itlarni boqadi. Zooko‘ngillilar turli soha va kasb egalari bo‘lib, tabiatga, hayvonot olamiga bo‘lgan mehr ularni birlashtiradi. 

Ikkinchi turdagi ko‘ngillilarimiz yoshlardan iborat bo‘lib, chiqindi yig‘ishga, ko‘chatlarni sug‘orish kabi ishlarga jalb etamiz. Shuningdek, ular maktablarda turli yo‘nalishlarda “Mehr” darslarini o‘tadi.

Chin dildan ko‘ngilli bo‘lib, tabiatga ko‘maklashishni xohlagan insonlargina ekovolontyor bo‘la oladi. Ba’zilar biror manfaat ko‘zlagan holda safimizga qo‘shiladigan bo‘lsa, doim aytaman: biz tabiatga beramiz, tabiatdaan yoki kimdandir hech qanday manfaat olmaymiz. 

– Fuqarolarning ekologik madaniyati, ekoboxabarlik darajasi oshmas ekan, hech qanday loyihalar samara bermaydi. Ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida qanday takliflar berasiz?

– Ekologik madaniyat ekologik ongdan shakllanadi. Ya’ni, avvalo, ongu shuurimiz bilan ekologiyaga nisbatan mas’uliyatni shakllantirish lozim. Ekologik muammoni hal qilish uchun bolalar bog‘cha va maktabdanoq ulardan boxabar qilinishi kerak. Shu maqsadda maktablarda ekologiya fanini o‘quv dasturiga kiritish lozim. Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligiga ushbu taklif bilan murojaat yubordim. 

Bundan tashqari, mahallalarda maxsus o‘quvlar o‘tkazilishi kerak. Suvni asrash, elektrni tejash, chiqindilarni saralab tashlash, hayvonlarga beshafqat munosabatni bartaraf etish kabilar mahallalarda targ‘ib etilishi kerak. 

Avtomobil yo‘llariga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralaridan ekologiyaga nisbatan beparvolik, chiqindilarni tashlab ketish holatlarini bartaraf etish maqsadida ham foydalanish kerak. Chiqindi tashladimi, ayab o‘tirmasdan jarimaga tortish kerak. Ana shundagina insonlar tabiatga zarar yetkazishdan o‘zini tiyadi. 

Shuningdek, bugungi kunda dam olish maskanlarida ekoinspektorlar yurishi, nazorat qilish kerak. Chiqindi tashlab ketayotgan fuqarolarni jarimaga tortishi zarur.

Yana bir masala: ijtimoiy tarmoq va telekanallarda ekologik roliklarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Ayrim davlatlarda aeroportiga qo‘nishingiz bilan ekoroliklarga ko‘zingiz tushadi. Ammo bizda bunday ijtimoiy roliklarni tez-tez berishga e’tibor kam.  

PS: Suhbatimiz davomida ekovolontyorlar tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, ekologik muammolarni yumshatishga qaratilgan yechimlar bo‘yicha taklif va fikr-mulohazalar haqida so‘z boradi. Suhbatning to‘liq shakli bilan quyidagi videohavola orqali tanishishingiz mumkin.

 Muhtarama Komilova,

Doniyor Yoqubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA

Powered by GSpeech