(O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan ziyolilarning dil izhorlari)
Joriy yilda 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi e’lon qilgan “2025-yil – Xalqaro tinchlik va ishonch yili”, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi tadbirlari bilan uyg‘un hamda hamohang nishonlanmoqda. Muhimi, bundan ko‘zlangan maqsad – Vatan himoyasi yo‘lida mardonavor kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, g‘alabaga bebaho hissa qo‘shgan O‘zbekiston fuqarolari – 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib ravishda izzat-ikrom bilan sharaflashdir.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining bir necha hujjatlari izma-iz e’lon qilindi. Bu o‘rinda, xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi va 19-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonlari, shuningdek, “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori haqida so‘z bormoqda.
Ikkinchi jahon urushi haqida fikr yuritganda, dastavval, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilganini ta’kidlash lozim. Ya’ni, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. Shu yurtdoshlarimizning 538 mingdan ziyodi jangohlarda halok bo‘lgan, 158 mingdan ko‘prog‘i urushda bedarak ketgan.
Jarohat olgan minglab urush qatnashchilari O‘zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan.
Xalqimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan. Elimizning bunday jasorati, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat va insonparvarlik fazilatlari hali-hamon shon-sharaf va ibrat maktabi, g‘urur-iftixorning tuganmas manbai, barcha davlatlar va xalqlar uchun o‘rnak namunasi bo‘lib kelmoqda.
Ma’lumki, rus adibi Aleksandr Neverovning “Toshkent – non shahri” qissasi e’lon qilingach, O‘zbekiston poytaxti ko‘pchilikni o‘ziga ohanrabodek tortgan. Germaniya qo‘shinlari sobiq Ittifoq g‘arbidagi katta hududlarni bosib olganidan keyin jonini saqlash uchun yurtimizga talpinganlar behisob bo‘lgan.
Urush yillarida sobiq Ittifoqda yashagan, Bi-bi-si va “Sandi tayms” gazetasining muxbiri, taniqlii ingliz publitsisti Aleksandr Vert shunday deb e’tirof etgan: “Qanday qilib butun korxonalar va millionlab odamlar Sharqqa olib chiqib ketilgani, qanday qilib tasavvur etib bo‘lmaydigan mashaqqatli sharoitlarda korxonalarning nihoyatda qisqa muddatda tiklangani va 1942-yil mobaynida ularda ishlab chiqarishning ulkan darajada oshirilganligi to‘g‘risidagi qissa – bu, eng avvalo, insonning misli ko‘rilmagan matonati to‘g‘risidagi qissadir”.
Mashhur rus shoirasi Yuliya Drunina yurtimiz poytaxtini “Toshkent – ezgulik yulduzi” deb ta’riflagan:
Shaharlar falakka uchib ketganda
Va daraxtlar ko‘kka tik ko‘tarilganda,
Olisda ulug‘vor, ko‘hna Toshkent
Ezgulik yulduzidek porlab turardi.
Ha, u chindan ham ezgulik yulduzi edi
Va dunyoda eng saxiy shahar nomin olgandi.
Qahr kulfatiga duchor ayolu bolalar
U tomon oqib kelaverardi.
Belarusdan evakuatsiya qilingan Yelena Bober o‘sha kunlarni xotirlab shunday degan: “O‘zbeklar bizga biror narsa bo‘yicha biror marta ta’na qilmagan. Ular juda kambag‘al yasharkan, ammo hamisha topgan-tutganini biz bilan bo‘lishgan. O‘shanda hech kim millatning farqiga bormagan. O‘zbeklar yoki ruslar, ukrainlar yoki yahudiylar bo‘lsin – biz hammamiz og‘a-inni, opa-singil edik”.
Mashhur bolalar yozuvchisi Korney Chukovskiy o‘sha voqealarni shunday xotirlagan: “Avvallari haqiqatan ham hech qachon boshqa millatga, boshqa turmush tarziga, boshqa tilga, boshqa tabiatga, boshqa o‘lkaga mansub odamlar qochoqlarga chin yurakdan muhabbatini izhor etganiga va hurmat ko‘rsatganiga duch kelinmagan. Bu tarixda birinchi marta bo‘lmoqda. Xalqlar do‘stligi qanday katta ahamiyatga ega ekanligini yaxshi bilardim, ammo bu shu qadar hayajonli, samimiy, shu qadar nafis bo‘lishi mumkinligi hayolimga ham kelmagandi”.
Isroillik Mark Fuks urush yillarida o‘zbek xalqining yahudiy millatiga mansub qochoqlarga ko‘rsatgan mehr-oqibatini shunday baholagan: “Agar “jahonning taqvodor xalqi” nomi berilishi kerak bo‘lsa, birinchi navbatda, bu oliy unvonga o‘zbek xalqi munosibdir. Butun bir xalqning shunday mehribonlik fazilati o‘ta noyobligi bilan erkin dunyo insonparvarlik hamjamiyatining eng to‘ridan joy olishi uchun kafolatdir. O‘zbekistonning umuman qochoqlarni, shu jumladan, yahudiylarni boshpana bilan ta’minlash, oyoqqa turg‘izish, mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha noyob tajribasi insoniyatning oltin fondidan joy olishi muqarrarligi bilan birga boshqalar tomonidan o‘rganish, tahlil etish, eng yaxshi ma’noda taqlid etish uchun ibratdir”.
Rossiyalik taniqli qo‘shiqchi Iosif Kobzon o‘zining “Ya sam sebya sudya” (“O‘zim o‘zimga hakamman”) xotira asarida 4 yoshligida oilasi bilan Yangiyo‘l shahriga ko‘chib kelgan davrlarni yodga olgan. Ular paxsali uyda xonadon egalari bilan bir xonada yashashgan. Ikki oilani faqat parda ajratib turgan. Bu xonadonda imkoniyati tug‘ilib qolganda va tandirda non yopilganida bayram bo‘lib ketgan. Iosif hali maktab ostonasidan hatlamasidanoq, jazirama paytlarda ko‘chada suv sotib, oilasining tirikchiligiga hissasini qo‘shgan. Ular shahardagi yog‘-moy zavodi oldida yashaganliklari uchun kunjara olishga muvaffaq bo‘lishgan. Kunjaraga giyohlar qo‘shib non pishirishgan.
O‘sha yillarni onasi O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan Rossiya xalq artisti Yuriy Stoyanov shunday ta’riflaydi: “Onam o‘zbek o‘qituvchisi oilasiga tushgan, uning yettita farzandi bo‘lgan. Mening 1943-yilda maktabga borish vaqtim kelganda, uyidan joy bergan o‘qituvchi yakkayu yagona dasturxonidan sumka, uning turmush o‘rtog‘i esa derazadagi bittagina pardadan ko‘ylak tikib bergan. Haqiqatan ham o‘zbeklar – noyob, dono, buyuk va juda kamtarin xalq”.
Mashhur bolalar shoiri Korney Chukovskiyning guvohlik berishicha, u “Toshkentga kelib, bolalar uylarining oldida bola olish uchun navbatda turgan odamlarni ko‘rib, hayratga tushgan”.
Mana shu manzara rus yozuvchisi Konstantin Simonovning “Tiriklar va o‘liklar” romanida ham o‘z ifodasini topgan: “...oqshomlarning birida vokzal yonidagi maydonda bir necha ming evakuatsiya qilingan bolalar yotganini ko‘rish mumkin edi. Ertalab esa ana shu ochiq maydonda tunagan minglab bolalardan hech kim qolmabdi: odamlar ularning hammasini o‘z qanotlari ostiga olishibdi”.
Konstantin Simonovning she’riyat ixlosmandlari orasida “Meni kutgil” (“Jdi menya”) she’rini ham bilmaganlar topilmasa kerak. Front muxbiri bo‘lgan adib tomonidan 1941-yilning iyulida bitilgan, Toshkentga evakuatsiya qilingan mahbubasiga bag‘ishlangan bu she’r birinchi marta uning shu yerda 1942-yilda nashr qilingan “Lirik kundalik” to‘plamidan “Sen bilan va sensiz” degan sarlavha bilan joy olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak mehr-muruvvat va oqibat ko‘rsatgan Shoahmad va Bahri Shomahmudovlar jasoratini alohida qayd etar ekan, “Yer yuzida juda kamdan kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda”, deb ta’kidlagani bejiz emas.
Binobarin, bundan 80-yilcha ilgari mashhur rus shoirasi Anna Axmatova shunday e’tirof etgan: “Milliy qadriyatgina odamlarni buyuk do‘stlik sari chorlab, qalb va tafakkurga sadoqat va jasorat tuyg‘usini hadya etadi, odamiylikni ulug‘lashga imkon yaratadi. Insonparvarlikning yuksak darajasi Shoahmad va Bahri ayalarning qonimasmidi? Dunyo ostin-ustun bo‘layotgan bir pallada shu kadar mehrga zor norasidani yaxshi insonlar qilib yetishtira olgan bu ikki zotni eng ulug‘ Ota va eng ulug‘ Ona degimiz kelmaydimi?!”
Anna Axmatova o‘z esdaliklarida yana shunday deb yozgan: “Bir zavodda yoki kinofilm suratga olinayotgan joyda o‘zbek va ruslar, belarus va moldavanlar, ukrain va polyaklar, litvalik va greklar, kurdlar va bolgarlarni uchratish mumkin edi. Nemislar tomonidan bosib olingan joylardagi yetim bolalar esa bu yerda o‘zlarining yangi ota-onalarini topdi. Azaldan ko‘p bolali oilalar rus va ukrain, moldavan va polyak, grek va bolgar bolalarini asrab olardi, ularga boshpana berardi, so‘nggi burda noni, qandi, piyoladagi suti, oxirgi qoshiq oshini baham ko‘rardi. Buni hech kim hech qachon unutmaydi deb ishonging keladi...”
Qamalda qolgan Leningraddan Chistopol shahriga ko‘chirilgan, dushman bu hududga ham bostirib kirish xavfi tug‘ilgandan keyin ming azob bilan Toshkentga kelishga muvaffaq bo‘lgan Anna Axmatova O‘zbekistonga bag‘ishlangan she’rida madh etgan:
Yetti yuz yil kelmadim, bu yer
O‘zgarmabdi hech qancha, biroq...
Oqayotir Ilohiy mehr
Hayol yetmas cho‘qqilarda oh.
Turmush o‘rtog‘i otib tashlangan, o‘g‘li qamoqqa olingan Anna Axmatova o‘sha paytda qatag‘onga uchragan edi. Uning Toshkentda bitgan “Mardlik” she’ri yigirma yillik taqiqdan keyin birinchi marta markaziy nashr - “Pravda” gazetasida 1942-yili e’lon qilinib, juda mashhur bo‘lib ketgan.
Shu tariqa urushning 800 kunini Toshkentda o‘tkazgan Anna Axmatova o‘zini bag‘riga olgan O‘zbekistonga, “sokin go‘shasi, eng ko‘hna uyi” deb atagan Toshkentga, uning olijanob insonlariga chuqur minnatdorchiligini izhor etgan:
Minnatdor tuyg‘ular oqadi to‘lib,
Rahmat va xayr! – sizga, azizlar.
Durrachamni silkiyman kulib,
Rahmat, Oybek, rahmat, Chustiy! – sizga azizlar.
Rahmat, Toshkent! – kechir, meni kechirgil,
Sokingina go‘sham, eng ko‘hna uyim.
Yulduzlarga rahmat, gullarga rahmat,
Yosh va dilbar qora sochli onalar,
Shirin kulchalar tutgan bolalar,
Shu jajji qo‘lchalar, qo‘llarga rahmat!
Sakkiz yuz kunim – mo‘jizaviy sas,
Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,
Shu lojuvard tubsiz ummon ostida
Biz birga yashadik yorqin, o‘t nafas,
Ey, otashin bog‘...
Shoira hayotining so‘nggi yillarida og‘ir xastaligi tufayli hech kimni oldiga kirgizmaslikni buyurgan. Anna Axmatova o‘zini parvarish qilayotganlarga bu taqiqiga bitta istisnoni bildirgan: “Agar O‘zbekistondan, Toshkentdan yo‘qlaydiganlar bo‘lsa, to‘xtovsiz darhol oldimga olib kiring”.
Taniqli o‘zbek adibi Rahmat Fayziyning «Hazrati inson» romani va «O‘zbekfilm» kinostudiyasining «Sen yetim emassan» badiiy filmi yaratilishiga Shomahmudovlar oilasi hayoti asos bo‘lgan. Bu oila sharafiga Toshkentdagi "Xalqlar do‘stligi" maydonida Xalqlar do‘stligi monumenta o‘rnatilgan. Shoahmad ota «Hurmat belgisi» ordeni bilan mukofotlangan, Bahri ona esa «Qahramon ona» deb e’tirof etilgan. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Obinazar”, “Jarariq” mahallalari hududida joylashgan ko‘chaga Shoahmad Shomahmudov nomi berilgan.
Orenburg davlat universiteti Janubiy Ural tarixi va etnografiyasi imiy-tadqiqot instituti direktori, tarix fanlari doktori Venaliy Amelin ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Rossiya, Ukraina, Belarus ilmiy-badiiy doiralarining eng iste’dodli ziyolilarini muqqarrar halokatdan saqlab qolganini yodda saqlash muhimdir. Shu bilan birga ana shu joydan, frontdan olisda janggohlarga qurol-aslaha uzluksiz yetkazib turildi. Mamlakatning mudofaasiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorchilik tarix xotirasida, urush fojiasini boshidan o‘tkazganlar xotirasida abadul-abad qoladi”.
Taniqli adabiyotshunos Aleksandr Deych esa o‘z esdaliklarida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi Hamid Olimjonning evakuatsiya qilingan adiblarga: “Biz Toshkent sizlar uchun shunchaki vokzalning kutish zali emas, balki butun umr xotirangizda qoladigan qadrdon uyingiz bo‘lishini istardik”, degan so‘zlarini keltirgan.
«Favvora-film” studiyasining taniqli jurnalist Boris Boboyev, rejissyor Hojimurod Valiyev va operator Abdulla To‘laganovdan iborat ijodiy guruh tomonidan suratga olingan “Toshkentning katta yuragi” filmi ham ushbu mavzuga bag‘ishlangan.
Rossiya Fanlar akademiyasi arxivi Axborot texnologiyalar laboratoriyasining rahbari, tarix fanlari nomzodi Irina Ilina shunday xotirlaydi: “O‘zbekistondan bir umrga minnatdormiz. Uyimizga qaytib kelgandan keyin Toshkentda yashagan davrimizga fikran doim murojaat qilib turganmiz. Urush yillaridagi maishiy muammolar o‘z yo‘liga. O‘yimizda esa o‘sha o‘chmas, o‘ziga xos va boy madaniyatga, maftunkor tabiatiga ega O‘zbekistonda amalga oshirgan ilmiy tadqiqotlarimiz. Bu xotiramizda mangu saqlanib qoladi”.
Toshkentga urush yillarida evakuatsiya qilingan Belarus xalq shoiri, akademik Yakub Kolas esa ko‘zida yosh bilan O‘zbekiston “jigari” ekanligini izhor etadi:
Bir qilichni birga toblab,
Birga bo‘ldik elga darmon.
Mehring berding nurga qoplab,
Ey, jigarim, O‘zbekiston!
Yana nafas urdi bahor
Bizning ona tuproqqa ham.
Shu kuy bilan ko‘zimda nam:
Yaxshi qol, ey nurli diyor!
A.S.Pushkin nomidagi Leningrad davlat universiteta tarix kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Nikolay Kozlov bu haqda shunday xotirlaydi: “O‘zbekiston xotin-qizlarining mamlakat ayollariga evakuatsiya qilingan bolalarga onalik mehrini ko‘rsatish da’vatiga minglab oilalar hamdard bo‘ldilar. Ular temir yo‘l vokzallariga kelib, ko‘chirib kelingan bolalarni o‘zlari bilan olib ketishardi. Buxoro viloyatidan esa oilalar asrab olish uchun bolalar yetishmayotganligini, ular boshqa shahar va viloyatlarda qolgan bo‘lsa, o‘zlariga yuborishlarini so‘rab murojaat qilishgan. Bolalarni asrab olganlar uylarining to‘rini ko‘chirib kelinganlarga berishar, o‘zlari och bo‘lsalar ham so‘nggi burda nonini ular qo‘liga tutqazardi. Biror oilada asrab olingan bolalar bilan bog‘liq mojaroni eshitmaganmiz”.
Mashhur yozuvchi Aleksey Tolstoy o‘zbek xalqining ko‘chirib kelingan bolalarga ko‘rsatgan mehribonliklariga shunday yuqori baho bergan: “O‘zbekiston evakuatsiya qilingan bolalarni o‘z bag‘riga olishning tashabbuskori bo‘ldi. O‘zbek xalqi uchun serfarzandlik, bolalarga alohida mehr bilan munosabatda bo‘lish xos. Ular bolalar to‘g‘risida to‘lqinlanib gapiradilar. Ishonamizki, O‘zbekistonning bu tashabbusini boshqa respublikalar ham qo‘llab-kuvvatlaydi. Ulug‘ Vatanimizning bironta bolasi ham “Meni olishmadi. Men madorsiz holda yashash uchun yakka o‘zim kurashishga majbur bo‘ldim”, deb o‘ksinib, bizdan gina qilmasligi kerak”.
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Abduqahhor Ibrohimov “Odamlarni mehr-oqibat birlashtiradi” tarixiy hujjatli essesida mashhur rus yozuvchisi va dramaturgi, to‘rt marta davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan Nikolay Virta urush yillarida o‘zbek xalqining bag‘rikengligiga minnatdorchiligini hayratga solarli darajada ifoda etganini bayon qilgan. Nikolay Virta balog‘at yoshiga yetgan bir qizi va ikki o‘g‘li, bir necha nevaralari bo‘la turib, mol-mulkini dini, millati, tili bo‘yicha mutlaqo begona bo‘lgan Abduqahhor Ibrohimovga vasiyat qilib qoldirgan.
Rossiyaning TASS axborot agentligi Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Mixail Gusman esa Toshkentda 2019-yilda bo‘lib o‘tgan Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining an’anaviy anjumanida O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushida front orqasidagi jasoratini abadiylashtirish yuzasidan qimmatli fikrlarni bildirgandi.
Xulosa o‘rnida ayni shu e’tirofni keltiramiz: “Hozir bizda buyuk G‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan buyuk qahramon – shaharlar bor. Ammo, ehtimol, kamida ikki shaharni “Frontorti qahramon – shaharlari” deb atasa bo‘lardi. Ular buyuk jasorati uchun Toshkent, shuningdek frontni neft bilan ta’minlagan Bokudir. Bu g‘oya qanday amalga oshishini bilmayman, ammo fikrimcha, bu ikki shahar ana shu unvonga juda munosib”.
Akmal SAIDOV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-soni
- Qo'shildi: 12.05.2025
- Ko'rishlar: 148
- Chop etish