O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 8-mayda "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan ushbu hujjat 12-maydan kuchga kirdi.
Farmon, www.norma.uz saytida qayd etilganidek, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturiga muvofiq qabul qilingan. Hujjatda:
-
nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimini yaratish;
-
nogironligi bo‘lgan shaxslarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish;
-
nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni bozorga chiqarish va realizatsiya qilishga ko‘maklashish;
-
nogironligi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va ularning mehnat bozoriga kirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
-
2025-yil oxirigacha 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga muayyan soliq imtiyozlari va moliyaviy ko‘mak taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, hujjat bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga qabul qilinganda ham qo‘llaniladi.
Shu bilan birga I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan va ularga MHTEKM miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘laydigan nodavlat yuridik shaxslarga ushbu shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida hisoblanadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa ijtimoiy soliq hisoblanmaydi.
2025-yil 1-iyuldan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarga qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari ularning murojaatisiz proaktiv shaklda qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Bunda:
-
subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;
-
jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublikaning qolgan hududlarida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yoki ishga joylashishiga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi talablarga bir vaqtda javob beradigan mehnat sharoitlari asosida 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi:
-
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamida 3 oy davomida rasmiy ish bilan band qilish;
-
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga MHTEKMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lash;
-
subsidiya bandligi ta’minlangan har bir nogironligi bo‘lgan shaxs uchun MHTEKMning 3 baravari miqdorida beriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimidagi tartib-taomillar ham soddalashtirilmoqda.
Xususan, 2025-yil 1-iyundan boshlab "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ma’lumoti va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
Elektron reyestr ma’lumotlari mas’ul davlat organlarining elektron dasturlari asosida real vaqt rejimida shakllantiriladi. "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari elektron reyestrga kiritilgan shaxslarning bandlik holatini monitoring qiladi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-avgustdan boshlab "Yagona milliy mehnat tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi joriy etiladi. Bunda tashkilotlar ish o‘rinlarini zaxiralashni elektron reyestr ma’lumotlari orqali o‘zlari joylashgan hududdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy holati va imkoniyatlari hamda malaka darajasidan kelib chiqib amalga oshiradi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlagan va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan "Inklyuziv ish beruvchi" mukofoti bilan taqdirlanadi.
Prezident Farmoni bilan 2 ta hujjat tasdiqlandi. Bulardan biri – Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi; ikkinchisi – 2025-yil oxirigacha nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasmiy bandligini ta’minlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlardir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.05.2025
- Ko'rishlar: 184
- Chop etish