Eng katta boyligimiz — tinch va osoyishta hayotimiz

16-may – O‘zaro ahillikda hamjihat yashash xalqaro kuni

 

«Bizning eng katta boyligimiz — bu tinch va osoyishta hayotimiz, Vatanimiz mus­taqilligi, xalqimizning omonligidir. Bugungi kunda barcha harakat va islohotlarimiz, hamma ezgu niyatlarimiz bir ulug‘ maqsadga — davlatimiz istiqloli, el-yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan. Eng katta maqsad-muddaomiz — mehnatkash, mard va olijanob xalqimizni rozi qilishdan iborat».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu fikrlarni 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘ida jamoatchilik vakillari ishtirok etgan 8-may kungi uchrashuvda bildirdi. Davlatimiz rahbarining mazkur nutqi matbuotda aynan 16-may – O‘zaro ahillikda hamjihat yashash xalqaro kunida e’lon qilingani zamirida o‘ziga xos ramziy ma’no bor.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zaro ahillikda hamjihat yashash xalqaro kuni (International Day of Living Together in Peace) sanasi BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil 8-dekabrdagi 72/130-rezolyutsiyasi bilan belgilanganini ta’kidlash lozim. Bunday qarorga kelishda Bosh Assambleya avvalo Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan tegishli maqsad va prinsiplarga tayangan.

Binobarin, Birlashgan Millatlar Tashkilotining BMT Nizomi 1-moddasida qayd etilgan maqsadlaridan birinchisi – «Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash va shu maqsadda tinchlikka tahdidning oldini olish va uni bartaraf etish va tajovuz harakatlari yoki tinchlikka raxna soluvchi boshqa harakatlarni bostirish uchun birgalikda samarali choralar ko‘rish hamda adolat va xalqaro huquq prinsiplariga asoslangan holda tinchlik vositalaridan foydalanib, tinchlikning buzilishiga olib keluvchi xalqaro nizo yoki vaziyatlarni tinchitish yoki hal etish» hisoblanadi.

O‘z navbatida, Bosh Assambleya 1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida e’lon qilishda tayangan asosiy omillar sanab o‘tilgan. Ushbu xalqaro hujjat Muqaddimasining dastlabki bandida uqtirilganidek, bunda «Insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi» e’tiborga olingan. 

Bundan tashqari, O‘zaro ahillikda hamjihat yashash xalqaro kunini e’lon qilishda Tinchlik madaniyati sohasidagi deklaratsiya va Harakatlar dasturining xalqaro hamjamiyat, avvalambor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi uchun insoniyat, xususan, uning kelajak avlodlari manfaatlariga mos keladigan tinchlik va zo‘ravonliklarsiz madaniyatni shakllantirish borasidagi universal mandat vazifasini bajaradigan ahamiyati ham hisobga olingan. Shu o‘rinda Bosh Assambleyaning yana bir qator tegishli rezolyutsiyalariga havola qilinganini ham qayd etish lozim.

Tinchlik – shunchaki ziddiyatlarning yo‘qligi emas, balki muloqot rag‘batlantiriladigan, ziddiyatlar esa o‘zaro tushunish va hamkorlik ruhida hal etiladigan ijobiy, dinamik va keng ishtirokka asoslangan jarayondir. Tinchlik madaniyatini, o‘zaro tushunishni, insoniyat xilma-xilligini hurmat qilishni, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni va nizolarning oldini olishni rag‘batlantirish tinch-totuv yashashga hissa qo‘shishi mumkin.

BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalarida qayd etilgan ushbu ta’kidlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston» kitobida zikr etilgan mana bu fikrlari bilan nihoyatda hamohang: «Har qanday sharoitda ham O‘zbekistonning mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini asrab-avaylash, bugungi kunda umumiy nufusi 37 million nafardan oshgan xalqimizning osoyishta va farovon hayot kechirishini ta’minlash uchun bizga faqat tinchlik, tinchlik va yana bir bor tinchlik zarur».

Davlatimiz rahbarining fikricha, G‘alaba bog‘i — hamisha barhayot qahramonlarimiz timsoli, o‘zligimiz ifodasi, qanday sabot-matonatli xalq ekanimizning yorqin amaliy tasdig‘idir. Eng asosiysi, bu majmua ham shaklan, ham mazmunan boyitilib, izchil kengaytirilmoqda.

Yaqinda G‘alaba bog‘i hududida «Xotira nuri» kompozitsiya­si barpo etildi. Parvoz qilayotgan bir juft qush shaklidagi bu monumental asar Ikkinchi jahon urushi janggohlarida jon olib-jon bergan ota-bobolarimiz hamda front ortida mehnat qilgan vatandoshlarimizning tengsiz jasoratini madh etadi. Bunday qutlug‘ qadam xalqimizning Ikkinchi jahon urushi va mustaqillik davridagi qahramonligini chuqur o‘rganish, yangi-yangi materiallar, hujjatlar topish va e’lon qilish bilan bog‘liq xayrli ishlarning natijador davomi hisoblanadi.

G‘alaba bog‘ida yana bir yangi bir yodgorlik — «Millat fidoyilari» monumenti barpo etildi. Ushbu monumentda nomlari zarhal harflar bilan muhrlab qo‘yilgan 196 nafar marhum harbiy xizmatchi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining har biri, Ikkinchi jahon urush qatnashchilari kabi, xalqimizning hayot ne’matlaridan bahramand bo‘lishga ulgurmagan sher­yurak o‘g‘lonlaridir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «mamlakatimiz istiqloli, xalqimiz tinchligiga nisbatan real xavf tug‘ilgan paytda, ular bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmasdan, jonajon Vatanimiz himoya­si yo‘lida o‘zlarini qalqon qilishdi. Bu fidoyi harbiylar shu tariqa bugungi Yangi O‘zbekiston uchun mustahkam zamin yaratib ketishdi. Shu bois, biz ularning xotirasi, ruhi poklari oldida doimo qarzdormiz».

Shunday qilib, ayni yodgorliklarning beqiyos ahamiyati Yangi O‘zbekistonni barpo etish asnosida oldimizga qo‘ygan xalqimizni rozi qilish va «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani amalga oshirishdek bosh maqsadimiz bilan chambarchas bog‘liq. Zero, inson qadrini e’zozlagan davlat va jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi.

G‘alaba bog‘iga kelgan kishi Vatan mustaqil­ligi uchun kurashgan, jon fido etgan odam aslo el-­yurtning nazaridan chetda qolmasligini, kelgusi avlodlar ularni esidan chiqarmasligini chin yurakdan his etishi juda muhim. O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, «shundagina xalq hayotida fidoyilik va qahramonlik an’analari bardavom bo‘ladi. Shundagina inson qadri va hayoti naqadar buyuk boylik ekani yaqqol ayon bo‘ladi».

Xulosa o‘rnida tinchlikka bevosita va bilvosita bag‘ishlangan xalqaro sanalarning ro‘yxatini keltiramiz:

  • 8 va 9-may – Ikkinchi jahon urushining barcha qurbonlarini xotirlash kunlari;

  • 8-may – Butunjahon Qizil Xoch va Qizil Yarim oy kuni;

  • 16-may – O‘zaro ahillikda hamjihat yashash xalqaro kuni;

  • 21-may – Butunjahon terrorizmga qarshi kurash kuni;

  • 29-may – BMT tinchlikparvarlari xalqaro kuni;

  • 27-iyun – Zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik xalqaro kuni;

  • 6-avgust – Xirosima qurbonlari xotirasi kuni;

  • 21-sentyabr – Tinchlik xalqaro kuni;

  • 24-30-oktyabr – Qurolsizlanish haftaligi;

  • 6-noyabr – Urush va qurolli mojarolar vaqtida atrof-muhitdan foydalanilishiga barham berish xalqaro kuni;

  • 9-noyabr – Fashizm va antisemitizmga qarshi xalqaro kun;

  • 11-noyabr – Butunjahon tinchlik va taraqqiyotga bag‘ishlangan ilm-fan kuni;

  • 27-yanvar – Xolokost qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni.

Darvoqe, yaqinda tinchlik bilan bog‘liq yana bir xalqaro sana e’lon qilindi. Bu o‘rinda BMT Bosh Assambleyasining 2025-yil 4-martdagi 79/269-sonli rezolyutsiyasiga asosan, 28-yanvar – Xalqaro tinch-totuv yashash kuni, deb e’lon qilingani haqida so‘z bormoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech