Har yili 18-iyulda inson huquqlari, qadr-qimmati, tenglik va adolat uchun kurashgan atoqli siyosatchi Nelson Mandela kuni butun dunyoda keng nishonlanadi.
Bu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009-yil 10-noyabrda Janubiy Afrika rahbarining tinchlik va ozodlik uchun qo‘shgan hissasini e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan. Nelson Mandela aparteidga qarshi kurashish va qamoqxonadagi insonlar huquqlarini himoya qilish uchun katta hissa qo‘shgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Nelson Mandela xalqaro kuniga bag‘ishlangan turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Odatda, bunday tadbirlar doirasida Nelson Mandela xotirasi yodga olinadi va qamoqxonalarda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot va tajriba almashiniladi.
Shuningdek, Milliy markaz tomonidan o‘tgan yili joylarda “Nelson Mandela qoidalari” xalqaro o‘quv dasturi bilan tanishish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi asosida qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish” mavzusida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha to‘rt kunlik o‘quv kursi o‘tkazildi. Tadbir YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan YEXHT loyihalarini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida bo‘lib o‘tdi. Bunda Jazoni ijro etish departamenti tizimidagi jazoni ijro etish muassasalari vakillarini qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro standartlar bilan tanishtirishga e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlarning ilk kuni Nelson Mandela qoidalarini o‘rganish maqsadlari haqida so‘z bordi, mahbuslar holati va qamoqxona sharoitlari mavzularida fikr almashildi. Ikkinchi kunda ekspertlar qamoqxonalarni tashkillashtirish va boshqarish, mahbuslarning axborot olish, ariza va shikoyatlar berish, tashqi dunyo bilan aloqa qilish kafolatlari borasida ma’lumotlar berdi.
Uchinchi kun qamoqxonalarda noxush holatlarning oldini olish va ta’sir choralarini ko‘rish maqsadida tintuv o‘tkazish, kuch, qurol va tinchlantiruvchi vositalarni ishlatish, shuningdek, tergov borasida fikr-mulohazalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonlar bilan bog‘liq cheklovlar, intizom va jazo choralari qanday qo‘llanilishi haqida tushunchalar berildi.
Shvetsiya, Ispaniya kabi davlatlarning tajribasi misolida qamoqxonalarda yuzaga keladigan vaziyatlarga baho berish, xodimlar va mahbuslarning huquq hamda majburiyatlarini o‘rganish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlarning so‘nggi kunida qamoqxonalarda tibbiy-sanitariya ta’minoti, ruhiy salomatlik muammolari, mahkumlarni reabilitatsiya qilish va ozodlikka tayyorlash kabi muammolar o‘rganildi. Ekspertlar jazoni ijro etish muassasalari xodimlari qay tartibda o‘qitilishi, bunda qanday tizimlar joriy etilgani, mahbuslar bilan o‘zaro munosabat masalalariga to‘xtaldi.
To‘rt kunlik trening davomida tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirish masalasi alohida diqqat markazida bo‘ldi. Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati yuzasidan ham tinglovchilarga atroflicha tushuncha berildi.
Bundan tashqari, Milliy markaz tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarida tizimli asosda o‘tkazilayotgan o‘quv kurslari doirasida tinglovchilar e’tiboriga “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari”, “Nelson Mandela qoidalari inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida”, O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida BMTning Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalarining qo‘llanishi”, “O‘zbekiston Respublikasining jinoiy-protsessual qonunchiligini takomillashtirishda xalqaro standartlarni qo‘llash” kabi mavzulardagi ma’ruzalar havola etiladi. Xalqaro va milliy ekspertlarning bu boradagi fikrlari tinglanadi.
Xususan, 2025-yil 3-4-iyul kunlari Milliy markaz tomonidan Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ikki kunlik tadbir davomida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”; “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”; “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”; “Qiynoqqa oid ishlari bo‘yicha sud amaliyoti”; “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusidagi ma’ruzalar tinglovchilar e’tiboriga taqdim etildi.
Inson huquqlari sohasidagi bunday o‘quv kurslari, huquqiy-ma’rifiy mashg‘ulotlar va malaka oshirish tadbirlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qiynoq va inson qadrini kamsituvchi har qanday muomalaga barham berish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni yanada samarali tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.07.2025
- Ko'rishlar: 970
- Chop etish