HOZIRGI ZAMON O‘ZBEK ADABIYOTI NAMUNALARI – FRANSUZ TILIDA

Mashhur ikki nafar o‘zbek adibining fransuz tiliga tarjima qilingan va yaqinda nashrdan chiqqan kitoblarini mamnuniyat bilan o‘qir ekanman, xayolimdan dastavval shu o‘y o‘tdi: “Hozirgi zamon milliy adabiyotimizning yana ikkita sara asari dunyoga taqdim etilgani juda ma’qul ish bo‘pti. Chunki Fransiyada o‘zbek adabiyotiga qiziqish bugun paydo bo‘lmagan, balki bu uzoq asrlardan buyon davom etib kelayotgan izchil ma’rifiy jaryondir”.

Ma’lumki, VII asrdayoq ulug‘ shoiru alloma ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, Abu Rayhon Beruniy, al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk olimlarimizning ilmiy faoliyati fransuz ensiklopediyalarida ta’rif etila boshlangan.  Aynan Fransiyada dunyoda birinchilardan bo‘lib “Temurshunoslik” faniga asos solingan va shavkatli Sohibqiron bobomizga bag‘ishlangan ko‘plab adabiy-badiiy hamda ilmiy-tarixiy asarlar bitilgan va tarjima qilingan.

O‘zbek adiblari asarlarining Fransiyada o‘rganilishi va tarjima qilinishi tarixi bo‘yicha izchil tadqiqotlar olib borgan taniqli olim – filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Xolbekovning qayd etishicha, VIII asrdan boshlab fransuz sharqshunoslari o‘zbek adabiyotini ilmiy o‘rganish va tarjima qilishga astoydil kirishganlar. Bu davrda yashagan fransuz ma’rifatparvar adiblari Monteske, Volter va Russo Sharq adabiyotining ulkan muxlisi sifatida Hofiz, Sa’diy, Navoiy asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lgani bejiz emas[1].

Bu ilmiy-ijodiy jarayonlar O‘zbekistonda sovet tuzumi amal qilgan zamonlarda ham davom etdi. Xususan, Hamza Hakimzoda Niyoziy,  Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Oybek, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon kabi o‘nlab shoir va yozuvchilarimizning asarlari Fransiyada o‘rganildi hamda fransuz tiliga tarjima qilindi. Ammo, professor M.Xolbekov “sovet adabiyotining Fransiyada targ‘ib va tarjima qilinishi sust”ligi masalasiga ham e’tibor qaratgan.

Olimning fikricha, o‘z davrida fransiyalik mutaxassislar ushbu holatni turlicha izohlaganlar. Jumladan, taniqli fransuz yozuvchisi, Gonkur akademiyasi a’zosi Erven Bazen bunga “til biluvchi mohir tarjimonlarning juda tanqisligi”ni sabab qilib ko‘rsatgan. Yana bir mashhur adib Andre Stil qayd etishicha esa, fransuz adabiyoti va tanqidchiligida sovet adabiyotini targ‘ib qilish hamda sotsialistik turmush tarzini tasvirlovchi kitoblarni tarjima etishni ko‘p ham ma’qul  ko‘rishavermagan[2].

Nima bo‘lganda ham, 1991-yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishgani dunyo xalqlari bilan adabiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi bunday g‘oyaviy to‘siqlarga barham berdi. Ushbu fikrimizni birgina dalil – keyingi yillarda fransiyalik tarixchi va tarjimon professor Stefan Dyuduanon tomonidan hassos o‘zbek adibi Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani fransuz tiliga o‘girilgani, qolaversa, jadidchilik harakati namoyandalari asarlarini tarjima qilishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani ham  yaqqol tasdiqlaydi.

Endi yaqindagina fransuz tiliga o‘girilgan va alohida kitoblar holida chop etilgan ikki asar mavzusiga qaytamiz. Bulardan birinchisi – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning “Shoirning to‘yi” qissasidir. Qissa muallifning o‘ziga xos badiiy uslubi, betakror obrazlari va xayolga kelmagan syujetlari bilan o‘zbek kitobxoniga allaqachon ma’qul hamda manzur bo‘lib ulgurgan.

Erkin akaning sevib o‘qiladigan boshqa mashhur asarlari, umuman, yozuvchining o‘ziga xos noyob ijodiy uslubiga mutanosib ravishda bu qissa ham imo-ishora, ramz, umumlashma timsollarga boy. Qissa shoirning to‘yi – bir vaqtlar otashqalb shoirga ochiqdan ochiq tuhmat qilganlar, uning jismonan yo‘q bo‘lishiga o‘zlarining hissasini qo‘shganlar hamda bugungi shoir adabiy merosidan bir satr bilmaydigan amaldorlar uning yubileyini katta tomoshagohda, tantanali tarzda nishonlashi voqealariga bag‘ishlangan bo‘lib, asliyat va sun’iylikning inson hilqatidagi tal’ati kitobxonni qizg‘in mushohadaga chorlaydi.

Adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldosh ta’biri bilan aytganda, Erkin A’zam “Shoirning to‘yi” asarida qalamkash, ziyoli, mansabdorlar doirasidagi chirkin muhitni tasvirlashga intiladi. Piching, kinoya usulida yetakchi leytmotiv bo‘rtib ko‘rinadi. Shoir ko‘ngli umumbashariy qadriyatni o‘zida jo aylaydi, hayrat olami ila keng sarhadni zabt etadi. Haq yo‘lda sobit qalamkash fojiasi sobiq tuzum fonida mujassamlanadi. Muallif metaforik obrazlar orqali badiiy niyatini amalga oshiradi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli adib Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” qissasi biz fikr yuritayotgan, ya’ni fransuz tiliga yangi o‘girilgan ikkinchi asar hisoblanadi. Bu qissa odamni inson bo‘lib yashashga undovchi, umumbashariy mavzudagi asar bo‘lgani uchun ham tarjimonning e’tiboriga tushgani tayin, nazarimizda.

Qissa asosida «O‘zbektelefilm» davlat muassasasi tomonidan «Puankare» nomli badiiy film tasvirga olingani ham bejiz emas. Binobarin, bundan ikki yil avval, 2023-yilda ushbu kinoasar «Aydinlar» badiiy filmi bilan birga Ispaniya qirolligining Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan XI Osiyo filmlari kinofestivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Bunda Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat «Puankare» Osiyo davlatlari tomonidan yuborilgan 100 dan ortiq badiiy film orasidan saralab olingani alohida tahsinga sazovor.

Yozuvchining ushbu asarida urg‘u berilgan, deyarli bir asr mobaynida dunyo riyoziyotchilarini doimiy izlanishga, mushohadaga chorlab kelgan ulug‘ fransuz matematigi Puankare gipotezasi – bani bashar uchun o‘ziga xos yo‘lchi yulduz, olisda o‘ziga chorlayotgan mayoq timsolidir. Ijodkor hamisha oldinga, kashfiyotlar, mo‘jizalar sari intilishida bunday ulug‘larning xizmati beqiyos.

Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” qissasini tarjimon Murodxon Ergashev fransuzchaga o‘girgan. Erkin A’zam qalamiga mansub “Shoirning to‘yi” qissasi ham Murodxon Ergashev tomonidan Fransua Brunner bilan ijodiy hamkorlikda fransuz tiliga tarjima qilingan.

Murodxon Ergashev nafaqat tarjimonlik faoliyati bilan mashg‘ul, balki she’riyat va jurnalistika sohalarida ham ijod qilishi diqqatga loyiq. Ayniqsa, uning bunga qadar Alisher Navoiy g‘azallarini fransuz tiliga tarjima qilgani va alohida kitob holida Fransiyaning «Georama» nashriyotida bir emas, ikki marta – 2007 va 2010-yillarda nashr ettirishga muvaffaq bo‘lgani quvonarlidir.

Har ikki asar – “Shoirning to‘yi” va “Puankare” qissalari adabiy jarayonlardan yaxshi xabardor, ham fransuz tilini puxta o‘zlashtirgan va tarjima sohasida muayyan tajriba orttirib borayotgan sinchkov mutaxassis tomonidan tarjima qilingani yaqqol sezilib turibdi. Tarjima asarlarning fransuzcha tili ravon va ohorli. Qolaversa, bir tomondan, har ikki adibning ijodiy uslubini saqlashga intilish bor, ikkinchi tomondan, tarjima asarlar ularni fransuz tilida mutolaa qiladigan kitobxonlarga tushunarli bo‘lishini ta’minlash uchun astoydil harakat qilingan.

Shu o‘rinda hurmatli adiblarimiz Erkin A’zam va Abduqayum Yo‘ldoshevni, shuningdek, tarjimon Murodxon Ergashevni ijodiy-ma’rifiy yo‘nalishda erishgan ushbu salmoqli muvaffaqiyatlari bilan chin qalbdan samimiy tabriklayman. O‘z navbatida, tarjimon do‘stimizga ikkita amaliy taklif bildirmoqchiman.

Birinchi taklif:  Navoiy g‘azallari, Afandi latifalari, shuningdek, o‘ziga xos ijodiy uslubga ega zamonaviy o‘zbek adiblari asarlari bilan fransuz jamoatchiligini tanishtirib borishga bel bog‘laganingiz juda ma’qul va xayrli amal, deb hisoblayman. Shunday ijodiy yondashuvni yanada rivojlantirishingizga tilakdoshman.

Ikkinchi taklif:   bir qancha xorijiy tillarda, shu jumladan, fransuz tilida kitob, darslik va maqolalar yozgan muallif sifatida bir haqiqatni e’tirof etaman: har qanday tilning asl xususiyatlarini – aynan o‘sha til tashuvchilari teran tushunadi va his qiladi. Yanada sodda qilib aytganda, o‘zbek tilini – o‘zbeklardan, fransuz tilini fransuzlardan ko‘ra yaxshi biladiganlar yo‘q. Shu ma’noda, sizning  Fransua Brunner bilan ijodiy hamkorligingizni qo‘llab-quvvatlayman.

Xulosa o‘rnida ushbu kitoblarning nashri haqida ikki og‘iz so‘z. Har ikki kitob 2025-yilda Toshkentdagi “Sahhof” nashriyotida o‘xshash bezaklarda, ya’ni bir xil turkumda chop etilgan. Kitoblar muqovasi va ichki sahifalari rang-barang rasmlarga boy. Bularning barchasi ana shu mo‘jaz kitoblarning yanada bejirimligi va o‘qishliligini ta’minlagan.

 

Akmal SAIDOV,

akademik, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

«Hurriyat» gazetasining 2025-yil 10-sentyabr kungi 36 (1462)-soni

[1] M.Xolbekov. O‘zbek adabiyoti Fransiyada. – T.: “Fan”, 1988. – B. 3.

[2] M.Xolbekov. O‘zbek adabiyoti Fransiyada. – T.: “Fan”, 1988. – B. 40.

Powered by GSpeech