Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘zbek modeli shakllandi.
Hozirgi paytda O‘zbekiston inson huquqlari sohasida 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Bu xalqaro hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda
2020 yil 13 oktyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga ko‘pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi.
Shuningdek, AQSh Davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi. Mamlakatimizning odam savdosiga qarshi kurash sohasida erishgan yutuqlari e’tirof etildi. «Sotton campaign» xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotini bekor qildi.
2021 yil 29 noyabridan – 7 dekabriga qadar BMTning Terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn boshchiligidagi delegatsiya vakillari O‘zbekistonda bo‘ldi. Mazkur delegatsiya O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurash sohasidagi qonunlari, siyosati va amaliyotining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiqligini baholash bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi.
BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston tomonidan yuzlab ayollar va bolalarni Suriya hamda Iroq va Afg‘onistondagi jang maydonlaridan olib chiqish va reintegratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyalarini yuqori baholadi. F.Ni Aolayn tashrif davomida, shuningdek, bir qator penitensiar muassasalarida bo‘lib, ushbu tizimda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar doirasida tayyorlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishiga qaratilgan bo‘lib, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 46-bandida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Bunda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka keng joriy qilish va preventiv milliy mexanizmning qonunchilik asoslarini rivojlantirish nazarda tutildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka solish holatlariga qarshi prinsipial kurash boshladik. Fuqarolarni soxta dalillar, tuhmat va bo‘htonlar asosida javobgarlikka tortishdek nomaqbul amaliyotga barham berildi”.
Mamlakatimizda jazoni ijro etish xizmatini isloh qilish sohasida uzoqni ko‘zlagan, maqsadli va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari doirasini yanada kengaytirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilgan. Bu borada qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yo‘lida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari”ni (Nelson Mandela qoidalari) joriy qilinmoqda.
Ayniqsa, 2021-2022 yillarda qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish sohasida muhim qadamlar qo‘yildi.
Jumladan, xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga O‘zbekistonning beshinchi ma’ruzasi taqdim etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokoli O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi hamda BMT Qiynoqlar masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilishini ma’lum qildi.
2021 yil 26 iyunda Prezidentimizning “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan:
birinchidan, qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil qilish, ularning vazifalarini aniq belgilash, monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish orqali ularda qiynoq holatlarining bartaraf etilishiga erishish;
ikkinchidan, “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritishni yo‘lga qo‘yish;
uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasining BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokoliga qo‘shilishi yuzasidan takliflarni tayyorlash;
to‘rtinchidan, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibi ishlab chiqish;
beshinchidan, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan qiynoqlar bo‘yicha advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali murojaat qilish amaliyotini takomillashtirish;
oltinchidan, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilishi belgilandi.
Qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonunda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma’naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to‘lab berilishi nazarda tutilgan.
Tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishning oldini olish va ozodlikdan mahrum qilish joylarida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi bilim va malakalarini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda 2021 yil noyabr oyida mamlakatimiz jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari” mavzusida amaliy trening tashkil etildi. Mazkur trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Daniyaning Qiynoqlarga qarshi kurash instituti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Trening mashg‘ulotlarida Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari, tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2021 yil davomida:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining 1 ming 214 nafar xodimi;
- Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalarining 30 nafar xodimi;
- xotin-qizlar axloq tuzatish muassasalarining 30 nafar xodimi;
- Bosh prokuratura, Oliy sud, Statistika davlat qo‘mitasi, yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarining 28 nafar mutaxassisi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlari jazoni ijro etish muassasalarining 35 nafar xodimi;
- Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning viloyat bo‘linmalarining 30 nafar xodimining inson huquqlari sohasidagi bilimini yanada mustahkamlash maqsadida o‘quv kurslari tashkil etildi.
2021 yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 30 ga yaqin amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi. Bu yangi nashrlar 50 dan ortiq davlat organi va nodavlat notijorat tashkilotlarga tarqatildi.
2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qildi. Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratish imkonini beradi.
Bu, shuningdek, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash nuqtai nazaridan davlat organlarining javobgarligini kuchaytiradi.
Shu bilan birga, jazoni ijro etish muassasalarida ham Konvensiya qoidalariga to‘liq amalga qilish masalasi dolzarb hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilgan tadbirlar qiynoqlarning oldi olinishi bilan bog‘liq qator natijalarni qo‘lga kiritish imkonini berdi:
birinchidan, qiynoqqa solishning oldini olish mexanizmi takomillashishi natijasida qiynoqlar bilan bog‘liq jinoyatlarning barvaqt oldini olish, qiynoq holatlari sodir etilishiga imkon bergan omillarni aniqlash va bartaraf etish mexanizmi kuchaytirildi;
ikkinchidan, ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi shart-sharoitlar ustidan jamoatchilik nazorati kuchayishiga, qiynoq holatlarini yashirishning oldi olinishiga, qiynoq bilan bog‘liq murojaatlar tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqilishi va aybdor shaxslar uchun javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishiga erishilmoqda;
uchinchidan, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish mexanizmlari takomillashishi ta’minlandi;
to‘rtinchidan, qiynoqning oldini olish bo‘yicha milliy tizim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga to‘liq muvofiqlashtirilmoqda;
beshinchidan, tegishli davlat xizmatchilarini maxsus dasturlar bo‘yicha o‘qitish asosida ularda insonni qiynoqdan himoyalanishga doir huquqini ta’minlash masalasida yangicha dunyoqarashni shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda;
oltinchidan, qiynoqqa doir masalalar to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotlarni keng jamoatchilikka tezkor ravishda yetkazish tizimi yaratilmoqda;
yettinchidan, amalga oshirilgan tadbirlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi, shu jumladan xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
Izoh: Ushbu maqola A.Saidovning yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada so‘zlagan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida mahkumlarning huquqlarini ta’minlash” nomli nutqi asosida e’lon qilinmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman “Ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlarini ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi” mavzuiga bag‘ishlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.04.2022
- Ko'rishlar: 3018
- Chop etish