24 aprel – Tinchlik uchun xalqaro ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiya kuni

XXI asrda ilm-fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanishda davom etar ekan, bu jarayonda shaxs, jamiyat va davlatlarga yangi imkoniyatlar va qulayliklar yaratilayotgani juda muhimdir. Binobarin, ilm-fan, texnika taraqqiyoti XX asrdan beri shakllanib kelayotgan globallashuv jarayoni tezlashishiga ham olib keldi.

Hozirgi zamonda xalqaro munosabatlar ishtirokchilari bo‘lgan davlatlarning aynan texnik va informatsion omillarni hisobga olgan holda bir-biriga o‘zaro bog‘liqligi kuchayib bormoqda. O‘z navbatida, globallashuv jarayonlari davlatlar uchun yangi vazifalar, imkoniyatlar, shu bilan birga, qator muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.

Tabiiyki, davlatlar oldida paydo bo‘layotgan ana shu muammolarni yangi yondashuv – ko‘p tomonlama munosabatlar yo‘li bilan bartaraf etish yaxshi an’anaga aylandi. Iqlim o‘zgarishi, xalqaro terrorchilik, qashshoqlik, savodsizlik va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash kabi muammolar xalqaro munosabatlar ishtirokchilari tomonidan ko‘p tomonlama munosabatlar – birdamlik, hamfikrlik va o‘zaro hamjihatlik asosida hal qilib kelinayotgani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Shu ma’noda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2018 yil 12 dekabrdagi A/RES/73/127-son rezolyusiyasi bilan 24 aprel –    “Tinchlik uchun xalqaro ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiya kuni” sifatida nishonlanishi e’lon qilingani ayni muddao bo‘ldi. Bunda, albatta, siyosiy, mafkuraviy va iqtisodiy qarama-qarshilikdan tortib, diniy yoki etnik xususiyatlargacha ega bo‘lgan turli daraja va mazmundagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish va tinchlik yo‘lidagi har qanday tashabbuslarni ommalashtirish maqsadidan kelib chiqildi.

Mazkur sanani nishonlash jamiyatni birlashtirish, nizolarni hal qilishda diplomatik muloqotning afzalligini e’tirof etish hamda qon to‘kilishi, begunoh insonlar qurbon bo‘lishi, vayronagarchilik va buzg‘unchilikni keltirib chiqaruvchi jarayonlar – muzokaralar davrasidan bosh tortish va bahsli masalalarni kuch bilan hal qilishga urinishlarning salbiy tomonlarini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

BMT barcha a’zo davlatlar va kuzatuvchilarni, tizim tashkilotlari va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarni, shuningdek, fuqarolik jamiyatini, jumladan nodavlat tashkilotlar va alohida shaxslarni ushbu xalqaro kunni munosib nishonlashga chaqirib keladi. Jumladan, ma’rifiy tadbirlar orqali tinchlik uchun ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiyaning afzalliklarini targ‘ib qilishga da’vat etadi.

Sir emaski, COVID-19 pandemiyasi oqibatida butun dunyo bo‘ylab chegaralar yopilishiga va davlatlar, jamiyatlar o‘rtasida o‘zaro ajratuvchi choralar qo‘llanishiga guvoh bo‘ldik. Mazkur holat, o‘z-o‘zidan, xalqaro darajadagi hamkorlik va hamjihatlik muhim ekanini yana bir bor isbotladi.

Pandemiya boshlanishida davlatlar unga qarshi kurashishda birlashish zarurligini kam ta’kidlagandi. Shunday bo‘lsa-da, keyinchalik davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari koronavirusni o‘zaro hamjihatlik asosidagina yengish mumkinligini anglab yetdi.

Xalqaro hamjamiyat oldida turgan keng ko‘lamli vazifalar ko‘pincha davlatlarning insoniyat kelajagi uchun yuksak mas’uliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot kabi umuminsoniy maqsadlarga erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlariga munosib hissasini qo‘shib kelayotgani e’tiborlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan aniq takliflar mintaqada va global miqyosda tinchlikni mustahkamlash, tranzit va transport yo‘laklarini rivojlantirish sohalarida yalpi sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan. Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilgani bunday intilishlar samaradorligiga yorqin bir misoldir.

Shu bilan birga, 2018 yil mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi o‘tkazilganini alohida ta’kidlash lozim. Negaki, buning natijasida dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda davom etayotgan qon to‘kilishiga nisbatan diqqat-e’tibori tubdan kuchaydi.

Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzuidagi konferensiya ham muhim ahamiyat kasb etdi. Nega deganda, ushbu xalqaro anjuman ishtirokchilari terrorizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini hamda tinchlik, inson huquqlari va umumbashariy taraqqiyot kabi qadriyatlarning ahamiyatini  jahon jamoatchiligiga yana bir bor eslatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bir so‘z bilan aytganda, kelajak avlodlar uchun yanada tinch, xavfsiz va farovon hayot yo‘lida birgalikda harakat qilish va kelajakdagi global zarbalarga chidamlilikni mustahkamlash xalqaro hamjamiyatning asosiy vazifasi hisoblanadi. O‘z navbatida, bu sa’y-harakatlarni amalga oshirishda ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiya o‘ziga xos muhim o‘rin tutadi.

 

Husniddin Xolmamatov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining

 Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi

 

Powered by GSpeech