SHOIR SHAXSI VA IJODIGA XOS SAMIMIYAT ABDULLA ORIPOV HAQIDA YARATILAJAK HUJJATLI FILMNING TAMAL TOSHI BO‘LMOG‘I LOZIM

 "Imkonim bo‘lishi bilan kitob o‘qishga harakat qilaman. O‘sha kuni 1 soatcha bo‘sh vaqtim paydo bo‘lib qolgandi, Amir Temur va To‘xtamishxon o‘rtasida jang tarixini o‘qidim. Buyuk sarkardamiz qanday g‘alaba qozongani menga juda qiziq edi. To‘xtamish ham osonlikcha yutqazmagan ekan, bunda Amir Temur bobomizning yuksak harbiy taktika va strategiyasi, dovyurakligi ish bergan. O‘zimga ham yozvoldim, Amir Temur jangda 7 ta usulni qo‘llagan ekan".

Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yil 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yurtdoshlarimiz bilan jonli muloqoti asnosida bildirgan ushbu fikrlari zamirida chuqur ma’no-mohiyat mujassamdir. Davlatimiz rahbari bu o‘rinda barchamizni:

bir tomondan, inson qadrini e’zozlash va xotirasini hamisha yod etishga;

ikkinchi tomondan, milliy manfaatlarimizni himoya qilish, mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlash va Vatanimiz obro‘-e’tiborini dunyo maydonida yuksaltirishdek ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shgan yurtimiz farzandlarining hurmat-ehtiromini     joyiga qo‘yishga;

uchinchi tomondan, Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans sari dadil odimlashida ulkan ahamiyatga ega ustuvor xususiyatlar hisoblanuvchi kitobxonlik va ma’rifatparvarlikni har tomonlama rag‘batlantirishga chorlamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga oid film ishlash haqida kinochilarimizga alohida topshiriq bergani bu fikrlarning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi. Davlatimiz rahbari: "Men u insonni yaxshi tanirdim, ko‘p hamsuhbat bo‘lganman. Bitta she’r yozish uchun o‘nta kitob o‘qirdilar. "Kolumbda bor alamim manim, O‘zbekiston vatanim manim!" degan o‘tli satrlar bekorga tug‘ilmagan", deya ta’kidladi.

Abdulla Oripov haqidagi filmda, Prezidentimiz uqtirganidek, "Abdulla akaning Toshkentga borgani, qiyinchiliklar ko‘rgani, shunga qaramay ijodidan chekinmagani ko‘rsatib berilishi kerak. Film oxirida Abdulla Oripov timsoli yoshlarga murojaat qilsin". Mutasaddilarga filmni xalqimizga taqdim etish uchun bir yil muddat berildi.

Mamlakatimiz rahbari, shuningdek, Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Koson tumani faollari tomonidan Abdulla Oripov nomi bilan bog‘liq ijodiy tanlov uyushtirish yuzasidan bildirilgan taklifni ma’qulladi. Prezidentimizning fikricha, bunday tanlovni avval Qashqadaryoda o‘tkazish, keyin butun mamlakat bo‘yicha namuna qilish zarur.

Haqiqatan ham, mamlakatimizda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi nihoyatda qadrlanadi. Atoqli shoirimizning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Shu ma’noda, Yurtboshimiz xalqimizning ardoqli shoiri xotirasini abadiylashtirish borasida ilgari surgan avvalgi tashabbuslar natijalari haqida muxtasar so‘z yuritish ayni muddaodir. Bu o‘rinda, albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 dekabrda qabul qilingan "O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar xususida to‘xtalamiz.

Xususan, Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlab poytaxtimizda tantanali adabiy-badiiy kecha,  xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya va viloyatlar markazlarida turli anjumanlar tashkil etildi. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda "Adiblar xiyoboni"da taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida sevimli shoirimiz ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatlari, kitobxonlik va she’riyat kechalari ko‘pchilikning yodida qoldi.

Yanada muhimi, Abdulla Oripovning o‘zbek tilidagi ikki jildlik "Tanlangan asarlar"i, qoraqalpoq, rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan she’riy to‘plamlari, "Abdulla Oripov zamondoshlari xotirasida" kitobi nashr etildi.

Abdulla Oripovning arxivida qanchadan-qancha e’lon qilinmagan she’rlari ham saqlanib qolgan. Shoirning 2021 yili "Adabiyot" nashriyoti chop etgan navbatdagi kitobi ayni shunday she’rlardan iborat. Rahmatlik Ustozning turmush o‘rtog‘i Hanifa kennoyi Mustafo qizi va kenja farzandi Ruxsora Oripova nashrga tayyorlagan ushbu to‘plamga o‘z vaqtida muallif tomonidan "Shoirning tug‘ilishi" degan nom tanlangani bejiz emas.

Chunki kitobga shoirning asosan 1957-1965 yillar oralig‘idagi ilk ijod namunalari, ayrim she’rlarining qo‘lyozmalari ham kiritilgan.   Adabiyotshunos olimlar va she’rshunos tadqiqotchilar uchun bu qo‘lyozmalarning ahamiyati nihoyatda katta. Ayni chog‘da, shoir yuragining urishini go‘yoki sezdirib turadigan qimmatli dastxatlar kitobxonni ham befarq qoldirmaydi.

Atoqli shoirimiz 80 yoshga to‘lgan davrda muxlislar uning betakror ijodiy merosi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlaridan yana bir bor zavq-shavq olish hamda hali hech kim o‘qimagan yangi she’rlarini mutolaa qilish imkoniga  ega bo‘ldilar.

Aslida ham, Abdulla akaning yangi kitoblari, bir tomondan, dilimizni quvnatsa va badiiy didimizni charxlasa, ikkinchi tomondan, o‘zining sermazmun hayoti, betakror ijodi va qizg‘in ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasida beqiyos o‘rin tutgan ulug‘ Ustoz xotirasini minnatdorlik bilan yod etishga xizmat qiladi.

Qolaversa, ulug‘ shoir xotirasiga bag‘ishlangan yana ko‘plab kitoblar chop etildi. Taniqli adabiyotshunos olimlar Ilhom G‘aniev va Nodira Afoqovaning "Abdulla Orif falsafasi" kitobi shunday yangi nashrlar sirasiga kiradi. 2021 yilda "Muharrir nashriyoti" tomonidan chop etilgan ushbu kitob shoir ijodini ichdan nurlantirib, elga manzur qilib turgan qirralar, badiiy so‘z qudrati, milliy his-tuyg‘ular va umumbashariy g‘oyalar, jaydari falsafalar, serqatlam ma’nolar, metaforik obrazlar inson taqdiri, davr, ilohiy ta’limotlar bilan uyg‘unlikda tahlil va talqin etilgani bilan alohida ajralib turadi.

Kaminaning akademik Qalandar Abdurahmonov va shoir G‘ulom Mirzo bilan hammualliflikda yozgan "O‘zbekiston - dilbar Vatanim" kitobi ham yurtimizda ulug‘ shoir tavalludining 80 yilligini munosib nishonlash va xotirasini abadiylashtirish borasidagi qutlug‘ ishga qo‘shgan kamtarona hissamizdir. Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, Prezidentimizning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish yo‘lidagi buyuk e’tibori va izchil g‘amxo‘rliklarini alohida e’tirof etishga burchlimiz.

Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, "Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish - Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston - kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas".

Bugungi kunda jahon miqyosida yurtimiz haqida so‘z ketganda "Yangi O‘zbekiston" iborasi tilga olinayotgani bejiz emas. Bu keyingi davrda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e’tirofidir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ilm-fan, ma’rifat, ma’naviyat sohalari vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, intellektual boylikning qadr topayotgani xalqimizning tarixi, tiynati, mentaliteti, asriy qadriyatlari, orzu-umidlari bilan bevosita bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkentda - Abdulla Qodiriy, Namanganda - Is’hoqxon Ibrat, Jizzaxda - Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida - Abdulla Oripov, Marg‘ilonda - Erkin Vohidov, Nukusda - Ibroyim Yusupov, Andijonda - Muhammad Yusuf, Gulistonda - Halima Xudoyberdievaning maxsus ijod maktablariga asos solindi. O‘z navbatida, iqtidorli bolalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qarshi shahrida bunyod etilgan Abdulla Oripov muzeyini hammualliflarim bilan birga bir necha bor ziyorat qildik. Sevimli shoirimiz nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatdagi uchrashuvlarda ishtirok etdik.

Ushbu maktabda, avvalo, badiiy ijod bilan shug‘ullanadigan - ko‘zlari yoniq, istiqboli yorug‘ yosh iste’dod sohiblari bilim olayotganiga bevosita amin bo‘ldik. Eng muhimi, ana shu navqiron yigit-qizlarning barchasi ustoz Adulla Oripovning ijodini nafaqat sevib o‘rganmoqda, balki tarjima va targ‘ib qilish bilan ham shug‘ullanmoqda.

Bu yerda saboq berayotgan o‘qituvchilarning o‘zlari O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ijodining shaydolari ekani ayni muddaodir. Ayniqsa, ta’lim maskanining ingliz tili o‘qituvchilari atoqli shoirimiz she’rlarini xorijiy tillarga tarjima qilish borasida astoydil ish olib borayotganidan nihoyatda quvondik.

Darvoqe, yaqindagina "Fan ziyosi" nashriyoti tomonidan chop etilgan "Mitti yulduz yog‘dusi" to‘plamida Prezident ta’lim muassasalari agentligining Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilarining ijod namunalari jamlangan. Bu she’r va hikoyalarni mutolaa qilib, maktabda shakllangan ijodiy muhitning qay darajada ekaniga xolis baho berish mumkin. Ayni shu bayoz ham ustoz shoirimizning tavallud kuniga yana bir mo‘jaz sovg‘a bo‘ldi.

Kitobimizga "O‘zbekiston - dilbar Vatanim" degan jarangli nomni tanlashda ham atoqli shoirimizning mashhur "Bahor" she’ridagi:

"Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,

Mening O‘zbekiston - dilbar Vatanim", -

degan misralarga asoslanganmiz. Binobarin, Abdulla aka butun umr Vatanimiz tabiati va insonlarini, el-yurtimiz tarixi, bugungi kuni hamda kelajagini hassos ruh va yuksak daholik bilan tarannum etgan.

Ustoz bilan uzoq yillik o‘zaro ijodiy hamjihatlikdagi faoliyatimizdan esdalik bo‘lmish ushbu kitob haqida bir qadar batafsil to‘xtalganimizning sababi shuki, bugun Abdulla Oripov oramizda jisman yo‘q bo‘lsa-da, ruhan barhayot.

Qolaversa, yana bir muhim sabab bor: Prezidentimiz topshirig‘i asosida tasvirga olinadigan hujjatli film ijodkorlariga ezgu tilaklarimizni bildirishdir. Abdulla Oripov haqida xalqimizga manzur bo‘ladigan samimiy film yaratishning muhim omillaridan biri - ulug‘ shoir hayoti va faoliyatining barcha qirralari ochiq, xolis hamda teran ko‘lamda qamrab olinishiga bog‘liq, degan fikrdamiz.

Abdulla Oripovga zamondosh bo‘lgan ulug‘ ijodkor - O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov ta’kidlaganidek, "She’riyatning buyuk qudrati uning ishontirish kuchidadir. Biz har bir she’r ortida uning egasini ko‘ramiz, uning ma’naviy olamini tasavvur etamiz, o‘sha she’r ortida turgan odam o‘zining samimiyati bilan, halolligi bilan bizni o‘z tuyg‘ularining chinligiga ishontirmog‘i kerak".

Xulosa qilib aytganda, Abdulla akadan ana shunday ulug‘vor, ishonchli va qudratli ijod mahsullari xalqimizga, butun insoniyatga ma’naviy meros bo‘lib qoldi. Abdulla Oripov nafaqat atoqli shoir va tarjimon, ayni chog‘da, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi, taniqli davlat va jamoat arbobi, dilkash va oqibatli inson sifatida ham xotiramizda abadiy saqlanib qolajak.

Akmal SAIDOV,

akademik

"Qashqadaryo" gazetasining rasmiy veb-sayti

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech