2022 yil 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis palatalari Kengashlari a’zolari, deputatlar, senatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz parlamenti uchun ortda qolgan bir oy davlatimiz va jamiyatimiz hayotining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini barqaror rivojlantirish va mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan jarayonlarning boshlanishi bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanib, Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash va Yig‘ma axborot-tahlil guruhlari hamda Matbuot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Konstitutsiyaviy komissiya ishi samaradorligini ta’minlash maqsadida uning faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, soha ekspertlari keng jalb qilindi. Eng muhimi, jahon davlatlarining konstitutsiyaviy tajribasi chuqur va har tomonlama o‘rganildi.
Komissiya huzurida tuzilgan Takliflar bilan ishlash va Yig‘ma ahborot tahlil guruhlari tomonidan ish 24/7 rejimida yo‘lga qo‘yilib, keng jamoatchilikning Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflari turli vositalar orqali kunu tun qabul qilindi
Konstitutsiyaviy islohotlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, deputatlar va senatorlar tomonidan hududlarda qator uchrashuvlar tashkil etildi, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar olib borildi. Bunday uchrashuvlar davomida konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.
Aholi fikrlari va takliflarini uzviy, o‘z vaqtida qabul qilish, umumlashtirish, ularga javob qaytarishning aniq mexanizmlari joriy etilib, “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, 1341 qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali takliflarni qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan davrda aholi tomonidan kelib tushgan takliflarning salmoqli qismini shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir takliflar tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan normalarni aks ettirish bilan bog‘liq takliflar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.
E’tiborlisi, bugun xalqimiz Bosh qomusimizda sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ekologiyaga ustuvor ahamiyat qaratish, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi masalalarda konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishga oid normalar aks ettirilishini istashayotganini ochiq bayon qilmoqda.
Majlisda aholining barcha qatlamlaridan kelib tushgan fikr-mulohaza va takliflarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda tahlil qilish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiyaning 4 ta yig‘ilishi o‘tkazilgani, ularda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar moddama-modda muhokama qilingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, fuqarolarimizga konstitutsiyaviy islohotlarga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va to‘laqonli axborot yetkazish maqsadida televidenie, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatildi. O‘tgan davrda OAVda 10 mingdan ortiq chiqishlar qilindi.
Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati tomonidan 3 marotaba brifing va 1 marotaba matbuot anjumani, 2 marotaba Xalqaro press-klub tashkil etildi. Eng muhimi, o‘tgan davrda barcha mobil aloqa operatorlari orqali fuqarolarga o‘z takliflari bilan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol bo‘lishga qaratilgan sms-xabarnomalar yuborildi.
Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan taqdim etilgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan jami 35 mingdan ortiq takliflar yuborilgan.
Ushbu takliflarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida inson huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, oila institutini rivojlantirish, boy tarixiy va madaniy merosimizni munosib saqlab qolish, ekologik huquqlar va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi masalalarga alohida urg‘u qaratilgan.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 20.06.2022
- Ko'rishlar: 4121
- Chop etish