2022 yil 20 iyun kuni Urganch shahrida “Inson - jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya ish rejasiga binoan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Yevropa ittifoqi delegatsiyasi ko‘magida tashkillashtirilmoqda. Unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari vakillari, 300 dan ziyod milliy ekspertlar, Oliy Majlis senatorlari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etadi.
Qonferensiyaning maqsadi - inson, uning hayoti, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi tamoyili hamda "Davlat - inson uchun" va "Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi" degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha milliy va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash borasida chuqur asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Sh.Mirziyoev boshchiligida 2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli demokratik islohotlarni o‘zaro bog‘lab, jipslashtirib turuvchi o‘zagini - aynan "Inson qadri uchun" g‘oyasi, har qanday shaxsning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlarini joyiga qo‘yish, ulug‘lash g‘oyasi tashkil etadi.
Yurtboshimizning "Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi" nomli asarida ushbu g‘oyalarni hayotga izchil tatbiq etish orqali xalqimizning orzusi, ezgu istagi, oliy maqsadi bo‘lgan tom ma’nodagi insonparvar va adolatli, erkin va demokratik, obod va farovon, dunyo mamlakatlari bilan har tomonlama raqobatbardosh mustaqil davlat - Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Yangi uyg‘onish davri - Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishning ustuvor yo‘nalishlari, "yo‘l xaritalari" belgilab berilgan.
Hozirda Yangi O‘zbekistonimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi ijobiy jarayonlar shiddat bilan davom etmoqda. Bugun xalqimiz, qolaversa, jahon hamjamiyati yurtimizda inson qadri ulug‘lanadigan va qonun ustuvorligi qaror topgan demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish borasida aniq maqsad va marralarga tadrijiy ravishda erishilayotganini e’tirof etmoqda.
Mazkur asarda, shuningdek, xalqimiz irodasi, orzu-umidlari va xohish-ixtiyorini inobatga olib, konstitutsiyaviy islohotning to‘qqizta ustuvor yo‘nalishi aniqlangan. Ushbu islohotning asosiy tashabbuskori, tom ma’noda, - bu mamlakatimiz fuqarolari bo‘lsa, uning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevdir.
Xalq – Konstitutsiya ijodkori
Bugun xalqimiz, xalqaro hamjamiyat "Yangi O‘zbekistonga - yangilangan Konstitutsiya" lozimligini e’tirof etmoqda. Zero, har qanday islohot kuchli konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayansagina, ko‘zlangan ezgu maqsadga va ulug‘vor vazifalarga, samarali natijalarga erishadi. Huquqiy soha rivoji islohotlar shiddatidan ortda qolsa - bu jamiyat va davlat inqiroziga olib kelishi mumkinligini jahon davlatlari tarixidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda inson qadri ulug‘lanadigan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi - butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatga aylanib ulgurdi.
Eng muhimi, xalqimizning dunyoqarashi, ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonchi kuchaydi. Fuqarolarimiz yurtimiz va atrofimizdagi voqea-hodisalarning faol ishtirokchisiga aylanmoqdalar, ularning yurtimizdagi shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib, yuksalib bormoqda. Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati, aholining turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, turli sohalarning ekspertlari, joylardagi mahallalar aholisi bilan uchrashuvlarimiz bundan yaqqol dalolat bermoqda.
Fuqarolar islohotlarni nafaqat to‘la qo‘llab-quvvatlamoqda, balki Yangi O‘zbekistonni butun iymon-e’tiqodi va ongu shuuri bilan o‘z kuchi va iqtidoriga tayanib barpo etayotgan faol va jipslashgan ijtimoiy kuch ekanini namoyish etmoqda.
So‘nggi yillardagi islohotlar Prezidentimizning "Xalq - Qonun ijodkori" g‘oyasining hayotiyligi va zamonamiz talabiga qanchalik mosligini ro‘y-rost namoyon qildi.
Birgina misol: bugunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha keng jamoatchilikdan, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar, siyosiy partiyalar vakillari, mahallalar aholisidan 30 mingdan ziyod (17 iyunga qadar) takliflar kelib tushdi va mazkur jarayon izchil davom etmoqda.
Xalqimiz Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz o‘zgarishidan manfaatdor ekanligini namoyon etmoqda. Ushbu takliflar jamiyat va davlat hayotining barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarini qamrab oladi. Ular Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan mamlakatimizning rivojlanish qonuniyati, "Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi"da belgilangan maqsad va vazifalar, zamonaviy konstitutsionalizmning rivojlanishi borasidagi ilg‘or xorijiy va xalqaro tajribani chuqur o‘rganish asosida ko‘rib chiqilmoqda. Biror-bir taklif va mulohaza nazardan chetda qolayotgani yo‘q.
Konstitutsiyaviy islohot – inson qadrini ta’minlash garovi
Bugun xalqimiz va xalqaro hamjamiyat "YangiO‘zbekiston" deganda "Inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun", degan ezgu g‘oya, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining samarali himoyasi amaliy ishlar bilan o‘z tasdig‘ini topayotgan, demokratik va adolatli qonunlar amal qilayotgan, yuksak ma’naviy-huquqiy madaniyatga ega fuqarolar mamlakatini ko‘z oldiga keltiradi. Zero, xalqaro huquqda ham inson huquqlari va erkinligini ta’minlash - inson qadr-qimmatini ro‘yobga chiqarishning huquqiy asosi ekanligi tan olingan.
Bu borada fuqarolar va tashkilotlar tomonidan ko‘plab aniq va asoslangan takliflar kelib tushmoqda. Jumladan:
birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan tegishli ekanligi, O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi;
ikkinchidan, har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish va uni amalga oshirish huquqiga egaligi, hech kimga qonunda belgilanmagan majburiyatlar yuklanishi mumkin emasligi;
uchinchidan, hech bir shaxs o‘ziga, o‘z turmush o‘rtog‘iga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi hamda qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa munosabat va jazoga tortilishi mumkin emasligi, shuningdek, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur emasligi, ayblashga oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi;
to‘rtinchidan, mamlakatimizda majburiy mehnatga, jumladan, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi kabi yangi normalarni Konstitutsiyamizga kiritish taklif etilmoqda.
Konstitutsiyaviy islohot va "ijtimoiy davlat"
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz tarixida sifat va mazmun jihatdan yangi taraqqiyot davri boshlanganidan dalolat beradi. Bu yangi davrning eng muhim va ustuvor xususiyatlari, avvalo, mamlakatimizda davlat va boshqaruv organlari, barcha rahbarlar bundan buyon o‘z faoliyatini "Inson qadri uchun" degan ezgu tamoyil asosida olib borishi, ularning barcha kuch va imkoniyatlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilganida aks etadi. Zero, "inson qadri" va "ijtimoiy davlat" tushunchalarini bir-biridan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi, ular bir-birini taqozo etadi va o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ijtimoiy davlat deganda, ko‘z oldimizga, eng avvalo, jamiyat hayotining ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalarini tartibga solish, unda ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillarini o‘rnatish, ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga qaratilgan faol siyosat yuritish orqali inson qadri va uning rivojlanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi, barcha fuqarolar uchun yuqori hayot va turmush darajasi, ijtimoiy himoyani ta’minlaydigan davlat keladi.
Odatda, ijtimoiy davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf etish, fuqarolarning bandligi va daromadini doimiy o‘sib borishini ta’minlash, yosh tadbirkorlar va ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ma’naviy-madaniy sohalarning barqaror rivojlanishiga erishish, ijtimoiy sug‘urta ta’minoti tizimini takomillashtirish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanishga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish orqali barchaga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalarni bajaradi. Shu ma’noda ijtimoiy davlat fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari maqsadlarining yaqinlashishi va uyg‘unlashishini nazarda tutadi.
Ijtimoiy davlatga oid xorijiy mamlakatlarning (Germaniya, Rossiya, Yaponiya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Daniya, Shvesiya, Shveysariya, Fransiya, Portugaliya, Xitoy, Hindiston, Gruziya va boshqalar) konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganish ularda ushbu tushunchaga oid qator konstitutsiyaviy
prinsiplar va normalar mavjudligini ko‘rsatadi. Xususan, ushbu mamlakatlar Konstitutsiyalari yuqoridagi yo‘nalishlardan tashqari, shuningdek:
birinchidan, ijtimoiy adolat prinsipini hayotga tatbiq etish, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutini o‘rnatish va rivojlantirish;
ikkinchidan, "qashshoqlik chegarasi" va har qanday shaxsga (ayniqsa, nogironligi bor insonlar, pensionerlar, bolalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtojlar) davlat tomonidan taqdim etilishi majburiy bo‘lgan hamda inson hayoti uchun zarur minimal tovarlar va xizmatlar to‘plamini nazarda tutuvchi "iste’mol savati"ni o‘rnatish;
uchinchidan, xususiy mulkning "ijtimoiy javobgarligi"ni belgilash kabi masalalarning ham qonuniy asoslarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Xalqimiz va dunyo hamjamiyati bugun yurtimiz nafaqat ijtimoiy, balki adolatli jamiyat sari ildam qadam tashlayotganini alohida e’tirof etmoqda. Bunda fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini ta’minlashning noyob tizimi yaratilgani, davlatning ijtimoiy mas’uliyati tobora ortayotgani, ijtimoiy himoyaga va moddiy yordamga muhtoj fuqarolarimizning hech biri nazardan chetda qolmayotgani, ayniqsa, pandemiya davrida yana bir bor namoyon bo‘lganiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu ma’noda keng jamoatchilik "Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat qoidasini Konstitutsiyamizda mustahkamlash lozim, deb bilmoqda va bu borada ham ko‘plab takliflar kelib tushmoqda. Ularda Konstitutsiyamizga, xususan:
- har bir shaxsning ishsizlikda, nogironlikda
ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligini belgilash, "eng kam iste’mol xarajatlari" tushunchasini kiritish; - davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishi, davlat pensiyalari, nafaqalari va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilash;
- davlat va jamiyat tomonidan yetim va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarning sog‘lom va barkamol rivojlanishining ta’minlanishini belgilab qo‘yishga qaratilgan normalarni kiritishni so‘rashmoqda.
Konstitutsiyaviy islohot – milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy taraqqiyot garovi
Prezidentimizning "Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi" asarida mamlakatimizning ma’naviy taraqqiyoti, yangi ma’naviy makonni yaratish, ma’rifiy islohotlar va barkamol inson tarbiyasi borasidagi vazifalar aniqlab berilgan.
Jahon tajribasiga murojaat qilsak, Konstitutsiya - bu nafaqat huquqiy hujjat, balki davlatning siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy qiyofasini, qadriyatlarini, o‘zligini ko‘rsatib, aniqlab beruvchi va aks ettiruvchi Asosiy qonun ekanligiga amin bo‘lamiz.
Shu ma’noda, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizni inobatga olib:
birinchidan, tarixiy, ma’naviy va madaniy meros davlat muhofazasidadir, davlat va jamiyat milliy qadriyatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab qolishini himoya qilish, O‘zbekiston o‘z xalqining madaniy merosini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish haqida g‘amxo‘rlik qiladi - degan normani kiritish;
ikkinchidan, davlat va jamiyat bolalar hamda yoshlarda azaliy milliy an’analarga va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi, bolalar hamda yoshlarni ma’naviy va axloqiy tarbiyalash uchun zarur sharoitlar yaratishi;
uchinchidan, nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishini alohida qayd etish, otalikning ham davlat tomonidan muhofaza qilinishini alohida ko‘rsatish kabi normalarni Asosiy qonunimizda aks ettirish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etmoqdalar.
Konstitutsiyaviy islohot va Uchinchi Renessans poydevorining mustahkamlanishi
Xalqimiz "Yangi O‘zbekistonni yuksak bilim va intellektual salohiyatga ega insonlar yurti, ma’rifiy jamiyatga aylantirish" g‘oyasini mamlakatimizda Uchinchi Renessans asosini yaratishning zarur va majburiy sharti, deb qaramoqda.
Shu ma’noda, jumladan:
- mamlakatimizda umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi va bepulligi hamda davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi ta’lim muassasalari va tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng sharoitlar yaratishini Asosiy qonunda kafolatlash;
- pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaslik;
- har kimga ilmiy va texnikaviy, badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishini Bosh qomusda aks ettirish kabi takliflar kelib tushmoqda.
Umuman, Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyiliga tayangan holda nafaqat milliy akademik hamjamiyat, fuqarolik jamiyati institutlari, mahallalar aholisi va fuqarolar keng qatlamlarini jalb etgan holda, balki xorijiy va xalqaro tajribani, ular ekspertlarining fikrini chuqur o‘rganish asosida olib bormoqda.
Bo‘lajak xalqaro forum doirasida ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga oluvchi Urganch deklaratsiyasini qabul qilish nazarda tutilgan.
Akmal Saidov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Konstitutsiyaviy komissiya raisi
- Qo'shildi: 20.06.2022
- Ko'rishlar: 4747
- Chop etish