KONSTITUTSIYANING YAGONA MANBAI VA MUALLIFI – XALQDIR

«Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir». Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan joriy yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xuddi shunday deb ta’kidladi.

Davlat rahbari butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqirdi. Yurtboshimiz uqtirganidek, “Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi O‘zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz”.

Prezidentimiz dastavval hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilish hamda konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zaruratini kun tartibiga qo‘ygani bilan bog‘liq dolzarb savollarga batafsil to‘xtaldi. Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir”.

Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari Konstitutsiyani yangilash borasida ilgari surgan amaliy takliflarni bir necha yirik guruhga ajratib tahlil va talqin qilishni lozim topdik.

 

Inson qadrini ulug‘lashning konstitutsiyaviy asoslari

 

Yurtboshimiz inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va qonuniy manfaatlari masalasi bilan bog‘liq aniq takliflarini jamoatchilik e’tiboriga havola etdilar.       

Birinchidan, inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart. Chunki “Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim”.

Ikkinchidan, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritish taklif qilindi. Nega deganda, “yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan”.

Uchinchidan, ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ga ko‘ra, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. “Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati keldi, deb o‘ylayman”, deya ta’kidladi Prezidentimiz.

To‘rtinchidan, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarur. Ya’ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Davlatimiz rahbari ifodasi bilan aytganda, “Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi normani ham Konstitutsiyada aks ettirishimiz zarur".

Beshinchidan, Konstitutsiyamizda “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, deb qat’iy yozib qo‘yilishi kerak.

Asosiy qonunimizda “Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart”, degan norma ham o‘z aksini topishi darkor.

Oltinchidan, Yangilangan Konstitutsiyada “ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak”, degan norma o‘z aksini topishi maqsadga muvofiq.

Yettinchidan, Asosiy qonunimizda O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim.

Har bir fuqaroning shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak.

Mazkur takliflardan ko‘zlangan asosiy maqsad “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishdir. Prezidentimiz aytganidek, “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak".

 

O‘zbekiston – ijtimoiy davlat sari

 

Prezidentimiz Asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlashga qaratilgan bir turkum takliflarni bildirdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq”.

“Ijtimoiy davlat” tushunchasiga Yurtboshimiz shunday ta’rif berdilar: “Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir”.

“Ijtimoiy davlatda inson qadri deganda, avvalo, fuqarolarni yashash uchun zarur uy-joy, bilan ta’minlashni tushunamiz”. Shu nuqtai nazardan,  Konstitutsiyamizda:

  • fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash;
  • sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi yo‘lida fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatini belgilab qo‘yish;
  • uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishini qat’iy belgilash lozim.

Binobarin, “Bizning xalqimiz uchun uy-joy – bu Vatan ichra kichik vatandir”.

Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Taraqqiyotning ko‘p asrlik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi”. Shu bois Konstitutsiyamizda:

  • xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish; davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilash;
  • mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishini, davlat ichki va xalqaro savdo rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratishini mustahkamlash;
  • tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini ko‘zda tutish;
  • davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash;
  • yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligini aniq belgilash; qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlariga ijara shartnomasi asosida beriladi, degan mazmundagi normani aks ettirish taklif etilmoqda.

Prezidentimiz “Har qanday inson uchun muhim va muqaddas qadriyat – bu  uning oilasidir”, deb aytdilar. Oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida Konstitutsiyamizda “oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi”, jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekanini mustahkamlash kerak;

  • homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishini qat’iy belgilab qo‘yish lozim;
  • xalqaro majburiyatlarimizga ko‘ra, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha normani aks ettirish shart;
  • bolaning manfaatlari, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida o‘z aksini topishiga erishish kerak;
  • davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilash maqsadga muvofiq;
  • “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi”, degan qoidani yozib qo‘yish vaqti keldi;
  • yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirish uchun: “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoidani kiritish lozim.

Davlat rahbari “Nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilab qo‘yish insoniy burchimizdir”, dedilar. Shu ma’noda:

  • nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilash;
  • insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga, ishsizlikdan himoyalanishga bo‘lgan huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga oid konstitutsiyaviy normalarni aks ettirish;
  • har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlash, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishini belgilash;
  • davlat chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida g‘amxo‘rlik qiladi, degan qoidani kiritish zarur.

Yurtboshimiz alohida ta’kidlaganlaridek, “Inson salomatligi – millat hayotining davomiyligini ta’minlash, uning genofondini saqlash, barqaror milliy strategiyamizning muhim tarkibiy qismidir”. Binobarin, Konstitutsiyamizda belgilangan “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, degan umumiy normani kengaytirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan normalar bilan boyitishni taklif etdilar.

Prezidentimizning quyidagi aniq takliflari ham diqqatga sazovor:

  • tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotganini nazarda tutgan holda, ekologik xavfsizlik yo‘nalishiga doir ekologik-huquqiy normalarni ifoda ettirish;
  • bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirishni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash;
  • davlat maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berishi bilan bog‘liq normalarni kiritish;
  • ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishini ta’minlash;
  • pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmacligini Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yish ayni muddaodir.

Shunday qilib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qayd etganidek, “davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur".

Bir guruh takliflar erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni o‘zida qamraydi. Bunda xalqimiz uchun jamiyat, avvalo, mahalladan boshlanadi, degan ibratli aqidaga katta e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumki, mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va ta’sirini kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgan. Lekin, davlatimiz rahbari aytganidek, “gohida bu – mahallalarni boshqaradigan idora, degan noto‘g‘ri gap-so‘zlarni ham eshitib qolyapmiz”.

Shuning uchun Konstitutsiyamizda:

birinchidan, mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilab qo‘yish;

ikkinchidan, mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari alohida belgilanishi taklif etildi.

 

O‘zbekiston – huquqiy davlat

 

Yurtboshimiz ta’rifiga ko‘ra, “Huquqiy davlat – insoniyatning ming yillar mobaynidagi mashaqqatli mehnati evaziga shakllangan taraqqiyot g‘oyasi va buyuk kashfiyotidir”. Shu ma’noda, Konstitutsiyaga kiritish tavsiya etilgan bir guruh takliflar turkumi O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish masalasiga tegishlidir.

  • “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamizda aniq mustahkamlab qo‘yish lozim;
  • Konstitutsiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritish darkor;
  • Asosiy qonunimizda xalq hokimiyatchiligini, hokimiyatlarni bir-birini tiyib turish va muvozanatda saqlash mexanizmlarini ta’minlashni yanada kuchaytirish talab etiladi;
  • Asosiy qonunda Hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qoidalar belgilanishi zarur;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etish taklif etilmoqda;
  • Hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozim;
  • Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish kerak;
  • Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazish, misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq;
  • hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash kerak;
  • fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Konstitutsiyamizga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etish taklif qilinmoqda;
  • ijro hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy javobgarlik sohalarini, vakolatlarini kengaytirish bilan birga ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish ham talab etiladi;
  • Hukumat vakolatlarini kengaytirish, xususan, Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini belgilash lozim;
  • Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish Zero, “Mazkur sud boshqa sudlardan farqli o‘laroq, faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunadi hamda Asosiy qonunning ustunligi prinsipini ta’minlaydi”;
  • Konstitutsiyamizda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqishni Konstitutsiyaviy sudning vakolatida aks ettirish maqsadga muvofiq;
  • Asosiy qonunimizga O‘zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan tinchlikparvar va do‘stona siyosat yuritishi, uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsip va normalariga asoslanishi haqidagi moddani qo‘shish lozim.

Prezidentimiz ana shu g‘oyat aniq va muhim takliflarni ilgari surar ekan, ulardan har birining mazmun-mohiyati va maqsad-vazifalarini sodda hamda tushunarli tilda izohlab berdi. Ayni chog‘da, “xalqimizdan Komissiyaga kelib tushgan barcha muhim va dolzarb takliflarni bugun Sizlar bilan batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Men ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdim, xolos”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

 

Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining bosqichlari

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berganini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.

Birinchi bosqich – Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish.

Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha Parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.

Ikkinchi bosqich – Parlament tomonidan ishlab chiqilgan Yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish.

Bunday demokratik yondashuv “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi.

Uchinchi bosqich – umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish.

Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalar ekan, jumladan, shunday dedi: “konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman”.

Xulosa qilib aytganda, biz, O‘zbekiston xalqi Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkurimiz, qalbimizdan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirishimiz lozim. Prezidentimiz ishonch bilan ta’kidlaganidek, “Barchamiz Asosiy qonunimizda o‘zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko‘rishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo to‘g‘ri".

 

Akmal SAIDOV,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

QMTPI

Powered by GSpeech