Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha taklif bildirildi

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi 25 iyundan 5 iyulgacha umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi doirasidagi tadbir jamoatchilik eshituvi shaklida o‘tkazildi.

Videokonferensloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda Markaziy studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosarlari, bo‘lim mudirlari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari, yirik korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari, hududiy studiyalardan esa Kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengashlari mutasaddilari, tarmoq kasaba uyushmalarining hududlardagi mas’ul tashkilotchilari, korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich va birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari raislari, jami 1500 nafar kasaba uyushma faollari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafikov olib bordi.

— Ma’lumki, joriy yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, o‘zlarining tarixiy ma’ruzalarida bir qator aniq takliflarni bildirdilar, — deya ta’kidladi o‘z so‘zida Q. Rafikov. – Davlatimiz rahbarining takliflari 4 ta asosiy yo‘nalishni, ya’ni, “Inson qadr-qimmati va manfaatlari”, “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, “Adolatli fuqarolik jamiyati” va “O‘zbekiston huquqiy davlat” masalalarini qamrab oldi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda “Inson – jamiyat – davlat” degan metodologik yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirish lozimligini alohida ta’kidlab, yana 2 ta tarixiy tashabbus – Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasidan o‘tkazish hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendum yo‘li bilan qabul qilish tashabbuslarini ilgari surdilar, va mana shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta olishini alohida ta’kidladilar.

Qayd etish lozimki, mamlakatimiz Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga hayot ham, xalqimizning dunyoqarashi ham o‘zgarmoqda. Ayniqsa, oxirgi 5 yil ichida Prezidentimiz tashabbuslari bilan inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadlarida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, barcha sohalarni qamrab olgan islohotlar jamiyatimizda ko‘plab yangilanishlarga zamin yaratdi. Shu bois ham so‘nggi yillarda fuqarolar tomonidan Konstitutsiyamizni takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab fikrlar bildirib kelinayotgan edi. Bundan kelib chiqqan holda joriy yilning may oyida Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, o‘tgan bir oy davomida mazkur komissiyaga xalqimizdan 60 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich jamiyatimizda fuqarolik jamiyati, xalqimizda esa davlat taqdiriga daxldorlik hissi shakllanganligidan dalolat beradi.

Muhokamalar jarayonida bugun mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirgani alohida ta’kidlandi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutishi, shuningdek, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilayotgani qayd etildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashgdek ezgu maqsadlarga qaratilgani e’tirof etildi.

Jamoatchilik eshituvi orqali konstitutsion islohotning mazmun-mohiyati ochib berildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ishtirokidagi uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan bildirilgan takliflarni to‘la qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, videokonferensaloqa formatidagi umumxalq muhokamasida respublikamizning turli hududlaridan ishtirok etayotgan kasaba uyushma faollari tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech