Konstitutsiyaviy komissiya raisining O‘zbekiston Bosh qomusiga o‘zgartirishlar kiritish jarayoni haqidagi maqolasi Turkiyaning nufuzli bosma nashrida chop etildi

ANQARA, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Türkiye” gazetasida Konstitutsiyaviy komissiya raisi, akademik Akmal Saidovning «Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir» sarlavhali maqolasi  chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda bildirgan takliflari mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil yoritilgan.

Xususan, maqolada «Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni taʼminlash-barchamizning bosh maqsadimizdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xuddi shunday deb taʼkidladi», deb yozadi muallif.

Materialda taʼkidlanganidek, davlat rahbari butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqirdi.

Muallifning qayd etishicha, Prezident dastavval hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yana-da ulkan masʼuliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilish hamda konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zaruratini kun tartibiga qo‘ygani bilan bog‘liq dolzarb savollarga batafsil to‘xtaldi. «Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, «Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish davr taqozosidir, - deydi Akmal Saidov. - Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari Konstitutsiyani yangilash borasida ilgari surgan amaliy takliflarni bir necha yirik guruhga ajratib tahlil va talqin qilishni lozim topdik».

Maqolada Prezident inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va qonuniy manfaatlari masalasi bilan bog‘liq yettita  aniq taklifni jamoatchilik eʼtiboriga havola etgani alohida  taʼkidlangani barobarida va ushbu takliflarning mazmun-mohiyati batafsil tahlil qilingan.

Nashrda Prezident Asosiy qonunda «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» g‘oyasini mustahkamlashga qaratilgan turkum takliflarni ham bildirganiga alohida eʼtibor qaratilgan. «Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «inson qadri» tushunchasi «ijtimoiy davlat» tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq». «Ijtimoiy davlat» tushunchasiga Prezidentimiz bunday taʼrif berdi: «Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat yuritadigan davlat modelidir». «Ijtimoiy davlatda inson qadri deganda, avvalo, fuqarolarni yashash uchun zarur uy-joy, bilan taʼminlashni tushunamiz», deya tushuntiradi Konstitutsiyaviy komissiya raisi.

Maqolada, shuningdek, davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qatʼi nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarurligi taʼkidlangan.

Muallifga ko‘ra, bir guruh takliflar erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni o‘zida qamraydi. Bunda xalqimiz uchun jamiyat, avvalo, mahalladan boshlanadi, degan ibratli aqidaga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va taʼsirini kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilgan.

Ushbu materialda, Konstitutsiyaga kiritish tavsiya etilgan bir guruh takliflar turkumi O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish masalasiga tegishli ekani o‘z ifodasini topgan. Akmal Saidov bu borada davlat rahbarining «O‘zbekiston – huquqiy davlat» degan g‘oyani Konstitutsiyamizda aniq mustahkamlab qo‘yish lozim degan tashabbusini olqishlaydi.

«Prezidentimiz ana shu g‘oyat aniq va muhim takliflarni ilgari surar ekan, ulardan har birining mazmun-mohiyati va maqsad-vazifalarini sodda hamda tushunarli tilda izohlab berdi», deb taʼkidlaydi u.

 Muallifning yozishicha, Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berilgan. «Birinchi bosqich – Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish.  Ikkinchi bosqich – parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish. Bunday demokratik yondashuv «Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir», degan tamoyilga to‘la mos keladi. Uchinchi bosqich – umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish», deb yozadi Kommissiya raisi.

Powered by GSpeech