O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qildi. Loyihada Asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilmoqda.
Mazkur loyihani kengroq tushuntirish, mazmun-mohiyatidan xabardor etish hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida joriy yil 29 iyun kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada “Konstitutsiya – millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va e’tiqod erkinligimiz garovidir” mavzusida ZOOM platformasi orqali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Konstitutsiyaviy komissiya raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi va ma’ruza qildi.
Yig‘ilishda Konstitutsiya barcha qonunlarimizning asosi, mamlakatimiz farovonligi, xalqimiz baxt-saodatining kafolati ekani, so‘nggi besh yilda hayotimizning barcha jabhalarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani, buning zamirida eng avvalo inson xuquq va erkinliklariga bo‘lgan e’tibor, uning sha’ni va qadr- qimmatini hurmat qilish, inson huquqlarining eng oliy qadriyat sifatida tan olinishi kabi hayotiy tamoyil yotgani qayd etildi.
Konstitutsiya – Istiqlol va mustaqil O‘zbekiston ramzi, g‘urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi, tilidan qat’i nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi dasturilamal hujjatdir. Shu bilan bir qatorda, bugungi islohotlar davrida uni o‘zgartirishga katta ehtiyoj sezilayotgani alohida ta’kidlandi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi A.Saidov “Konstitutsiya bu dogma emas, u harakat uchun dastur bo‘lishi kerak. U qotib qolgan emas, o‘zimizni olaylik, masalan, inson ham tug‘iladi, rivojlanadi va o‘zgaradi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, jamiyat ham rivojlanmoqda”, deya konstitutsiyaviy islohot bilan bog‘liq jarayonlarga atroflicha to‘xtaldi.
Eng muhimi, Asosiy qonunga Yangi O‘zbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni kiritish zarurligi e’tirof etildi. Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati, uning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy asosi ekani, fuqarolarning burch va majburiyatlari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, ta’lim, fan, madaniyat hamda ma’naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi to‘g‘risida batafsil tushuntirildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati ma’lum qilishicha, tadbirda viloyat hokimlari o‘rinbosarlari, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari xodimlari, viloyat, shahar va tumanlar bosh imom- xatiblari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilari, noislomiy diniy tashkilotlar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI
DIN ISHLARI BO'YICHA QO'MITA
- Qo'shildi: 29.06.2022
- Ko'rishlar: 4898
- Chop etish