Xorijiy ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning borishini keng yoritishda davom etmoqda.
Xususan, Buyuk Britaniyaning “Open Central Asia Magazine” jurnalida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotlarga intilmoqda” sarlavhali makola chop etildi.
Nashrda 2022 yil 20 may kuni mamlakatda Konstitutsiyaviy komissiya tuzilganligi
to‘g‘risidagi ma’lumotlar Buyuk britaniyalik o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan. Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari hamda ularning mazmun-mohiyati va ahamiyati chuqur tahlil qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda aholi fikr-mulohazalari va tashabbuslarini to‘la inobatga olish maqsadida referendum orqali o‘zgartishlarni qabul qilish taklifi bilan chiqqani ta’kidlangan. Davlat rahbari yangi Konstitutsiyada xalq manfaatlari, erkinliklari va qadr-qimmatini ta’minlash uchun qo‘shimcha kafolatlar, shuningdek, “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” g‘oyasini mustahkamlash ustuvorligini ta’kidladi, deb urg‘ulanadi jurnalda.
Turkiyaning “Bosfor” internet-portali jurnalisti Mustafo Masi qalamiga mansub maqolada “O‘zbekiston siyosiy hayot, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhasini demokratlashtirish va liberallashtirish, inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash, jamiyat hayotida fuqarolar faolligini oshirish va fuqarolik asoslarini shakllantirish yo‘lidagi dadil harakatlarni namoyish etmoqda”, deya ta’kidlanadi.
Muallif umumdavlat va hududiy manfaatlar muvozanatini ta’minlash, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida aholi ishtirokini sezilarli darajada kengaytirish, davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiyalashda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishda ijobiy natijalarga erishilganini qayd etgan.
Rossiyaning ommabop “Аргументи и факти” haftalik gazetasida chop etilgan maqolada izchil islohotlar samarasida O‘zbekiston zamon talablari darajasida rivojlanayotgani tahlil qilingan.
Maqolada Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyingi dastlabki besh yil ichida mamlakat siyosiy tizimi jiddiy o‘zgarishlarga yuz tutgani ta’kidlangan. “Saylov kampaniyasi davrida ochiq qabulxonalarning tashkil etilishi yangi еtakchining muhim innovatsion qarori bo‘ldi, — deyiladi maqolada. — Bu O‘zbekiston hayoti uchun katta yutuqqa aylandi. 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi hamda Prezidentning muntazam faoliyat olib boradigan Xalq qabulxonalari tashkil etildi”.
“2016 va 2021 yillardagi O‘zbekistonni taqqoslab shuni aytish mumkinki, respublika o‘z taraqqiyotida izchil sur’atlarda sakrashga erishdi. Besh yil ichida u mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan, investitsiyaviy jozibador iqtisodiyotlardan biriga aylandi, sayyohlarni o‘ziga tortadigan maskanga aylandi”, deb yoziladi manbada.
“Радио Петербург” O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulini efirga taklif etib, mamlakatimiz Konstitutsiyasini isloh qilishning maqsad va vazifalari xususida suhbat uyushtirdi.
Diplomat o‘z intervyusida O‘zbekiston Prezidenti mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqqanini ta’kidladi.
Bosh konsul peterburglik radiotinglovchilarga O‘zbekiston rahbarining konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi qarashlari hamda ushbu masala bo‘yicha milliy referendum o‘tkazish taklifi haqida batafsil so‘zlab berdi.
Konstitutsiyadagi ayrim moddalar, xususan, 1-moddada davlatchilik shakli, O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy maqomini yangicha ta’rif bilan o‘zgartirish taklif etilayotgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, hujjatga “huquqiy davlat”, “ijtimoiy davlat” va “dunyoviy davlat” kabi tushunchalar kiritilayotgani aytildi.
Konstitutsiyaviy islohotlar ochiq va oshkora amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi, fuqarolar muhokamada qatnashishi va o‘z takliflarini bildirishi uchun barcha imkoniyat yaratilgani urg‘ulandi. Ayni paytda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tayotganiga e’tibor qaratildi.
Eronning “ITNA Online News” axborot agentligi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati “Inson — jamiyat — davlat”, “Yangi O‘zbekiston — farovonlik davlati” tamoyillarini konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlash, xalqparvar davlat qurish, inson huquqlari va ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlarning huquq hamda manfaatlarini to‘liq ta’minlashga qaratilganini ma’lum qilgan. Maqolada O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskori mamlakat xalqi ekani, lekin Bosh qomusga o‘zgartishlar kiritishning g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi Prezident Shavkat Mirziyoyevligi ta’kidlangan. Konstitutsiyaviy islohotlar tizimli va jadal amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga asoslangan bo‘lib, ushbu yangilanishlar jarayonining o‘ziga xos natijasi, demokratik indikatori hisoblanishi qayd etilgan.
Nashrda mushtariylar e’tibori, shuningdek, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi aholining huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini qo‘llashdan iborat ekanligiga qaratilgan.
“O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat tarixida yangi taraqqiyot davri boshlanganidan dalolat beradi, — deya qayd etadi agentlik. — Yangi davrning eng muhim yo‘nalishlari davlat va boshqaruv organlari, ularning rahbarlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, aholining farovon hayotini ta’minlash bo‘yicha faoliyatini “Inson qadr-qimmati uchun” degan ezgu tamoyil asosida tashkil etishida o‘z ifodasini topadi”.
«Dunyo» AA.
- Qo'shildi: 08.07.2022
- Ko'rishlar: 4956
- Chop etish