Xalqaro kunlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilishidan oldinroq paydo bo‘lgan. BMT ushbu muhim sanalarni muayyan muammolardan xabardorlikni oshirish uchun kuchli vosita sifatida qabul qilgan. Har bir xalqaro sana ko‘plab manfaatdor tomonlarga shu kun mavzusi bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil qilish imkoniyatini beradi.
Bu yilgi Butunjahon aholishunoslik kunining mavzusi – “Sog‘lom sayyorada tinchlik, inson qadr-qimmati va tenglik” shiori ostida o‘tmoqda.
2011 yilda dunyo aholisi 7 milliard kishini tashkil etgan. Bu yil ushbu ko‘rsatkich 8 milliardga yetishi taxmin qilinmoqda.
Ba’zilar o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshgani, onalar va bolalar o‘limi qisqargani va nihoyatda qisqa vaqt ichida vaksinalar ishlab chiqilishi hisobiga sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan yutuqlarni dunyoda aholi soning o‘sishiga sabab deya baholashsa, boshqa birovlar bunga hayotimizni yengillashtirgan va insonlarni har sohada birlashtirgan texnologik innovatsiyalar sabab deya ko‘rsatmoqdalar.
1950 yilda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganidan so‘ng oradan besh yil o‘tib, dunyo aholisi taxminan 2,6 milliardni tashkil etgan. Bu ko‘rstatkich 1987 yilda 5 milliard kishiga, 1999 yilda esa 6 milliard kishiga yetdi.
2011 yil oktyabr holatiga ko‘ra, dunyo aholisi 7 milliard kishidan iborat edi. Insoniyat tarixidagi ushbu muhim bosqich “Etti milliard harakat” global kampaniyasi bilan belgilandi.
Kelgusi 30 yil ichida dunyo aholisi yana ikki milliard kishiga ko‘payishi taxmin qilinmoqda. Xususan, 2050 yilga borib sayyoramiz fuqarolari – 9,7 milliard, 2100 yilga kelib esa 11 milliard nafarga yetishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, jumladan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ijobiy ishlar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Bu o‘rinda xususan:
- tug‘ruq xizmati sifatini oshirish;
- onalar va bolalar o‘limini kamaytirish;
- reproduktiv salomatlikni shakllantirish;
- onkologik kasalliklari diagnostikasi va profilaktikasi sifatini yaxshilash;
- tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish;
- ushbu sohada innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy qilish;
- kambag‘allikni qisqartirish;
- oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash;
- oilani qo‘llab-quvvatlash;
- aholi turmush sifatini yaxshilash va farovonligini yuksaltirish;
- aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish jarayonlari haqida so‘z bormoqda.
Joriy yil 18 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti yurtimiz tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari samimiy muloqot asnosida qayd etganidek, hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga, butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi.
Ayni chog‘da, shu yil 28 mart kuni Prezidentimiz raisligida sog‘liqni saqlash sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi soha rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Yig‘ilishda mahallabay tizimda ishlab, sifatli tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, odamlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, olis hududlarda qo‘shimcha brigadalar tuzish, bu tizimdagi anesteziolog va reanimatologlar oylik ish haqiga ustama berish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida tibbiyot muassasalarini qurish va ta’mirlash ishlariga byudjetdan 1 trillion 200 milliard so‘m ajratilgani hamda mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, tibbiy asbob-uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yurtboshimiz, shuningdek, 17 iyun kuni Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyati, shu jumladan jahon talablari asosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Prezidenti bu yerdagi bemor bolalar va ularning onalariga dalda berib, alohida ta’kidlaganidek, “Yoningizga yana kelishdan maqsadim – sizlarga kuch berish, umidni ikki karra ko‘paytirish. Bu hammamizga sinov. Biz davlat bo‘lib, aqlimizni, kuchimizni ishga solib, bu kasalliklarni yengishimiz kerak. Ota-onalarga ko‘mak berib, bolalarning dardiga malham bo‘lib, ularni sog‘aytirishimiz zarur”.
Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish joizki, O‘zbekiston aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasida BMT va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan samarali amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu borada BMTning YuNESKO, YuNISEF, YuNIDO, FAO kabi ko‘plab ixtisoslashgan tizimlari hamda Germaniya taraqqiyot banki, USAID, JICA, TICA, KOICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi ko‘plab boshqa hamkor tashkilotlar bilan ham munosabatlarimiz izchil rivojlanmoqda.
Oybek AHMADOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 13.07.2022
- Ko'rishlar: 4425
- Chop etish