Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Viorel Gutsu: qishloq xo'jaligi — davlatlar barqaror rivojlanishining asosiy omillaridan biri

O'zbekistonda FAOning yangi loyihalarini amalga oshirish bo'yicha ikkita bitim imzolandi.

Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) qishloq xo'jaligi vazirlarining birinchi yig'ilishi doirasida Toshkentda o'tkazilgan Turkiy Agroforum hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a'zo davlatlar qishloq xo'jaligi vazirlarining VII yig'ilishida zamonaviy agrosanoat majmuasining yetakchi vakillari jam bo'ldilar. Ular orasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu ham bor edi.

— FAO va TDTga a'zo davlatlar o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik dinamik ravishda o'sib borayotgani va izchil rivojlanayotganini alohida ta'kidlamoqchiman, — dedi FAOning submintaqaviy koordinatori va O'zbekistondagi vakili Viorel Gutsu. — Bunda qishloq xo'jaligi sohasi ushbu tashkilotga a'zo davlatlar barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. FAO va TDTga a'zo mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikning yorqin misollaridan biri — bu FAO-Turkiya hamkorlik dasturi bo'lib, uning keng qamrovli asosiy maqsadi qishloq xo'jaligi, agrobiznes, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish, o'rmon xo'jaligi, tabiatni muhofaza qilish, qurg'oqchilik va cho'llanishga qarshi kurashish, Ozarbayjon, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari qishloq hududlarining bioxilma-xilligini saqlash va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish kabi turli sohalarda texnik yordam ko'rsatishdan iborat.

O'tgan tadbirlar qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo'llari va yangi istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay maydon bo'ldi. IHTga a'zo davlatlar qishloq xo'jaligi vazirlarining VII yig'ilishida raislik qiluvchi O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xodjaev FAO bilan hamkorlikda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining strategik sherikligi bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, uy xo'jaliklari va bog'dorchilikni qo'llab-quvvatlash, O'zbekistonda IHT davlatlari bilan birgalikda qishloq xo'jaligi kooperativlarini rivojlantirish, IHT mamlakatlari o'rtasida kadrlar masalasida yaqin hamkorlik qilish, qishloq xo'jaligida organik ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni faollashtirish, urug'lik savdosi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, shuningdek,  ushbu sohada mutaxassislarni faol jalb etgan holda qo'shma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo'jaligini raqamlashtirish, IHT mamlakatlari o'rtasida agroturizmni rivojlantirish, shu bilan birgalikda, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash shular jumlasidandir.

Viorel Gutsuning Toshkentga tashrifi chog'ida O'zbekistonda FAOning yangi loyihalarini amalga oshirish bo'yicha ikkita bitim imzolandi. O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo'mitasida barqaror qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish va ekotizimlarni saqlashga qaratilgan “O'zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining erdan foydalanish va qayta tiklashning ta'siri dasturi”ni  (FOLUR) birgalikda amalga oshirish bo'yicha kelishuv imzolandi. O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasida esa “O'zbekistonning qurg'oqchil ekotizimlarida o'rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasini birgalikda amalga oshirish bo'yicha kelishuv imzolandi. Ikkala loyiha ham Global ekologik Jamg'armasi ko'magida amalga oshiriladi. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi har ikkala loyihaning strategik hamkori hisoblanadi.

Ta'kidlash joizki, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi "Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to'g'risida" Qarorini amalga oshirishga hissa qo'shadi.

 — Mazkur loyihalarning imzolanishi O'zbekistonda tuproq tanazzuliga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan birgalikdagi sa'y-harakatlarimizning boshlanishidir — dedi Viorel Gutsu. — FAO qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o'zgarishi, o'rmon xo'jaligi, baliqchilik, sog'lom ovqatlanish va agro oziq-ovqat tizimlariga taalluqli bo'lgan boshqa ko'plab masalalar bo'yicha texnik tajribaga ega. Umid qilamizki, hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, O'zbekiston Respublikasining rivojlanish yo'lida munosib natija beradi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech